O‘zbekiston | 10:16 / 22.09.2018
13386
3 daqiqa o‘qiladi

Mahalla raisining vakolat muddati ikki yarim yildan uch yilga uzaytirilmoqda

Foto: Norma

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar mamlakatda ijtimoiy, iqtisodiy, sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta'minlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar.

Parlament quyi palatasining bir guruh deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

Ta'kidlanganidek, mazkur qonun loyihasi fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovida ishtirok etish bo‘yicha fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga qulay sharoit yaratish, saylov jarayonining ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish maqsadida ishlab chiqilgan.

So‘zga chiqqan deputatlar avvalo ushbu qonunda qanday yangi tushunchalar, normalar mavjud degan masalalar xususida atroflicha to‘xtalib o‘tdilar.

Qonun loyihasi bilan fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli)ning vakolat muddati ikki yarim yildan uch yilga uzaytirilmoqda.

Saylovlarda bevosita fuqarolarning o‘zlari ko‘proq ishtirok eta olishini ta'minlash maqsadida saylov o‘tkazilayotgan hudud — hovlilar, uylar, ko‘chalardan fuqarolar vakilligining minimal normasini belgilash taklif etilmoqda. Bunda har bir hududning aholisi soni inobatga olingan.

Taklif etilayotgan yangi qonun loyihasiga ko‘ra, endilikda saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish masalasi bilan respublika darajasida Oliy Majlis Senati Kengashining komissiyasi emas, balki alohida tuziladigan fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi Respublika komissiyasi shug‘ullanishi belgilanmoqda. Uning tarkibiga parlament quyi palatasi deputatlari, Senat a'zolari, tegishli davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlar vakillari kiritiladi.

Fuqarolar o‘z xohish-irodasini erkin bildirishiga ta'sir etish imkoniyatini qoldirmaslik maqsadida fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovlarida yashirin ovoz berish tizimi o‘rnatilmoqda.

Saylov jarayonining ochiqligi va shaffofligini ta'minlash maqsadida esa, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va o‘tkazish, saylov o‘tkaziladigan sana, uning vaqti va joyi to‘g‘risida, rais (oqsoqol) lavozimiga nomzodlar haqidagi axborotni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha kengashlarning rasmiy veb-saytlarida joylashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Mavzuga oid