Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Toshshahartransxizmat» yana eplolmadi. Bu safar ham va'da bilan «qutuldi»
«Toshshahartransxizmat» joriy yilning 23 iyun kunidan boshlab, shahar jamoat transportida (avtobuslarda) oylik yo‘l chiptalarining (AV, O‘, T, N) seriyalari elektron ko‘rinishidagi kartalarga o‘tkazilib sotilishini ma'lum qilganda, ochig‘i, sal ensam qotdi. Negaki, bunday va'dalar va balandparvoz loyihalar haqida ko‘p eshitdik, ammo amalda bittasi ham muvaffaqiyatli ishga tushirilmadi. Masalan, jamiyat shu yili «Wi-Fi Bus» loyihasini ishga tushirgandi. Ularning rejasi bo‘yicha yil oxiriga qadar poytaxtdagi ellikta yo‘nalishli avtobus Wi-Fi aloqasi bilan ta'minlanishi belgilangandi. Ha mayli, yil yakuniga yetmadi-ku, kutamiz. Ammo, elektron to‘lov kartalari bo‘yicha aytar so‘zim bor! E'tiborli jihati shundaki, bu «yangilik» eng kamida 5 marta yangragan va hanuzgacha amalga oshmay keladi.
2014 yil 6 iyul
«Toshshahartransxizmat» jamoat transportidan foydalanganda NFC (Near Field Communication - yaqin masofadagi aloqa) texnologiyasi orqali to‘lovni amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘lishi haqida ma'lumot bergandi. Soddaroq qilib, smartfondagi ilova orqali avtomatlashtirilgan tizim imkoniyatidan foydalanish haqida so‘z yuritilayotganini ta'kidlash lozim.
Ana shu paytda mutasaddilar «loyihaning texnik ishlanmalari ustida katta ish olib borilayotgani» haqida gapirgan. Hukumat jamoat transportidan foydalanish va uning sifatini oshirish borasida 2013 yil noyabr oyida rasmiy hujjatni tasdiqlagan. Agar loyiha ishga tushgan bo‘lsa ham, u ommalashmadi, qulaylikdan foydalanuvchilar bo‘lishi zarur edi.
2015 yil 16 yanvar
«Toshshahartransxizmat» kelgusi ikki yil ichida smart-kart yordamida ishlaydigan to‘lov tizimini yaratishini bildirdi. Jamiyat loyihani amalga oshirish uchun 8ta nomzoddan birini tanlashi ma'lum qilingan. «Toshshahartransxizmat» o‘sha paytdagi rahbari Otabek Sodiqovning aytishicha, loyihaning moliyaviy jihati kredit mablag‘larini jalb etish orqali hal etiladi. Avtobuslarda ushbu tizimni joriy etish uchun 3-4 oy muddat talab qilinishi aytilgandi.
2015 yil 8 iyul
O‘zbek-fransuz ishbilarmonlar forumida «Toshshahartransxizmat» AJ yaqin kelajakda bajarilishi kutilayotgan loyihani tanishtirdi. 2015 yilning 10-12 iyun kunlari o‘tkazilgan tadbirda Toshkent shahar yo‘lovchi tashish xizmatida avtomatlashtirilgan to‘lovni amalga oshirish haqida gapirildi. Unga ko‘ra, tizim 2016 yilga qadar joriy etilishi, undan so‘ng xizmat ko‘rsatish sifatini oshirib borish belgilangan edi. Loyiha 2013 yil 9 oktabrda imzolangan PQ-2048 son hujjat asosida amaliyotga joriy qilinishi ta'kidlangan.
2017 yil 10 aprel
Xalqaro tajribada 10ta avtomatlashtirilgan to‘lov tizimlarini o‘rganib chiqib, «Mikroelektronika-Plyus» MChJ Toshkentdagi jamoat transportlari uchun ana shunday qurilmani yaratganini e'lon qildi. Mutasaddilar sinov tariqasida poytaxtdagi 155-yo‘nalishdagi avtobuslarning bir nechtasiga moslamalar o‘rnatilgani, bu jarayon bir oy davom etishini aytgan.
2017 yil 28 avgust
Singapurning Technobiz Transpay kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan platformada ishlaydigan ANOR loyihasi e'lon qilindi. Uning faoliyati uchun zarur bo‘lgan smart-kart sotuvi esa shahar bo‘ylab 2 mingta markazda yo‘lga qo‘yilishi aytilgan.
2017 yil 30 oktabr
Vanihoyat, «Toshshahartransxizmat» AJ yana bir marta NFC tizimidagi to‘lov tizimini Uzmobile kompaniyasi bilan hamkorlikda bajarishini bildirdi. Loyihani ilk sinov faoliyati 2018 yil o‘rtalariga mo‘ljallangan. Birinchi bosqichda, avtobus va metroda, keyinroq, taksi xizmatida ham avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi joriy etilishi bildirilgan.
2018 yil 20 iyun
23 iyun kunidan boshlab, shahar jamoat transportida (avtobuslarda) oylik yo‘l chiptalarining (AV, O‘, T, N) seriyalari elektron ko‘rinishidagi kartalarga o‘tkazilib, sotilishi ma'lum qilindi. Natija qanday bo‘ldi? Mazkur elektron tizimni chuqurroq o‘rganish maqsadida axborot texnologiyalari sohasidagi yetuk mutaxassislar jalb qilindi. Shu tariqa, ushbu elektron tizimning yo‘lovchi uchun qay darajada qulayligi, ijobiy va salbiy jihatlari chuqur o‘rganildi. Sezib turganingizdek, yo‘lovchilar uchun ulardan foydalanishda birmuncha noqulaylik tug‘dirayotgani, bu esa e'tirozlarga sabab bo‘layotgani ma'lum bo‘ldi. Jamiyatning xulosasiga ko‘ra, avtobuslarda elektron chiptalarni nazorat qilish borasida yuzaga kelgan noqulaylik natijasida yo‘lovchilar tomonidan bunday yo‘l chiptalaridan noqonuniy tarzda foydalanish kabi vaziyatlar ham ko‘plab kuzatilgan.
Ma'lum qilinishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 28 avgust kuni transport tizimini takomillashtirish bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishida soha mutasaddilari oldiga qo‘ygan vazifalardan kelib chiqqan holda, jamiyat tomonidan jamoat transportlarida avtomat to‘lovni joriy etish bo‘yicha xorijning yetakchi kompaniya va firmalari bilan muzokaralar olib borilmoqda. Xususan, Janubiy Koreya, Singapur, Rossiya, Belorusciya, Yaponiya kabi davlatlarning bu boradagi tajribalari o‘rganilmoqda. Toshkent shahar transport tizimini tubdan rivojlantirish yuzasidan ishlab chiqilayotgan Strategiyaga muvofiq yangi avtomatlashgan to‘lov tizimini joriy yilda boshlash rejalashtirilgan.
Toshkent shahrida 133 ta yo‘nalishda transport xizmati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, yiliga o‘rtacha 200 milliondan ziyod yo‘lovchi tashiladi. Mazkur yo‘nalishlarga 1 124 ta avtobus biriktirilgan va ular tomonidan bir kunda 16 049 ta qatnov amalga oshirilmoqda. Haydovchidan kunlik rejani yechish, chiptachi ishini osonlashtirib, haydovchidan faqatgina xavfsizlikni ta'minlagan holda yo‘lovchilarga sifatli servis orqali xizmat ko‘rsatishga ko‘mak beruvchi elektron to‘lov kartasini joriy etolmagan, ishlarni to‘g‘ri va o‘z muddatida tashkil etmagan jamiyatning yangi va'dasiga ishonib qolamiz. Shu yil shahar avtobuslarida avtomatlashgan to‘lov tizimi ishlab qolganiga guvoh bo‘lsak, ajab emas.
Ha, aytgancha 2018 yilda barcha metro stansiyalarda ham metropoliten xizmatlaridan foydalanish uchun to‘lovning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish rejaga kiritilgan. Bu haqda «Toshkent metropoliteni» UK bosh muhandisi Baxtiyor Sodiqov Xalqaro Press-klubning navbatdagi sessiyasida allaqachon ma'lumot bergan.
«Hozirda Mustaqillik maydoni metro bekatida maxsus turniket sinovdan o‘tkazilmoqda. Agar mazkur tajriba o‘zini oqlasa, boshqa metropoliten bekatlariga ham ikkitadan turniket va avtomatlar o‘rnatiladi», deya qayd etgan Baxtiyor Sodiqov.
Alisher Ro‘zioxunov
Mavzuga oid
16:08 / 28.03.2025
«Toshshahartransxizmat»ning sobiq rahbari va 20 kishiga sud hukmi o‘qildi
18:27 / 15.01.2025
“Infokiosklarning qaytim bermaslik masalasini yechish imkonsiz” - “Toshshahartransxizmat” raisi o‘rinbosari
15:22 / 15.01.2025
“Avtobusga chipta xaridi uchun yangi infokiosklar tadbirkorlar tomonidan o‘rnatiladi” – Toshshahartransxizmat
18:17 / 22.11.2024