O‘zbekiston | 12:49 / 22.09.2018
39190
3 daqiqa o‘qiladi

Yuliy Yusupov chegara haqida: shafqatsiz attraksion va «go‘shtqiymalagich»  

Chernyayevka yaqinidagi chegara punkti orqali Toshkentga qaytib keldim. Juda sharmandali holat, deb yozadi iqtisodchi Yuliy Yusupov Facebook’dagi sahifasida. 

«Chegaradan o‘tayotgan odamlarning soni ko‘pligini hisobga oladigan bo‘lsak, bu juda ko‘p vaqtni talab qilmadi - bir soatdan kamroq. Men chegara punktlarida bundan ham katta navbatlarni ko‘rganman. Hatto Nyu-York aeroportida ham ikki barobar ko‘proq turganman. Chernyayevkani esa, 5 soatda ham o‘tishga to‘g‘ri kelgan. Pasport nazorati uchun oynachalar ko‘p edi va ular nisbatan tez ishlayotgandi (Qozog‘istondagiga qaraganda uch-besh barobar sekinroq, lekin bu biz uchun norma). Bizning mansabdorlarning a) navbat va tiqilinch yaratish, b) odamlarni yerga urish qobiliyatiga har doim hayron qolib kelganman. Ular navbatlar va yerga urish holatlarini hattoki yo‘q joyda ham ta'minlashi mumkin», - dedi u.

Iqtisodchining ta'kidlashicha, odamlar xuddi qoramol uchun molxonadagi o‘tish joylarini eslatuvchi tor, atrofi o‘ralgan yo‘laklardan o‘tishi kerak bo‘lgan. Bu odamga nomunosib xatti-harakatga undagan ham. Dahshatli tiqilinchda asosan ayollarning (bolali ayollar esa navbatdagi 70 foizni tashkil etdi) «Voy dod!», «Itarishmasang-chi!», «Bolani bosib tashlaysizlar!» baqiriqlari eshitilardi.

«Eng shafqatsiz «attraksion» chegara nazoratidan so‘ng kutib turgandi - bojxonadan avval. Ikkita tor, atrofi o‘rab qo‘yilgan o‘tish joyi, bittasi - qisqa, ikkinchisi - uzun, ulardan birdaniga 3-4 kishi o‘tishi mumkin edi, so‘ng ular bittaga birlashib, asta-sekin 1,5 kishi kengligiga qadar qisqarib boradi. Bu go‘shtqiymalagichda qanday qilib bosib tashlashmaganiga hayron qolyapman. Uni o‘ylab topgan va foydalanayotgan tentaklarni esa kasbga yaroqsiz ekani uchun haydash kerak.

Yuliy Yusupov

Men bularning barchasi qurbonlar bilan tugashidan qo‘rqaman. Boz ustiga, meni chegaradan Toshkentga olib borgan haydovchidan kuni kecha qurbon bo‘lgani haqida eshitdim, uning aytib bergan narsasidan tepa soching tikka bo‘ladi. Biroq, uning ishonchliligi uchun kafolat bera olmayman, shuning uchun gaplarini takrorlamayman», - deya ta'kidlab o‘tdi Yuliy Yusupov.

«Xursand qilayotgan» yagona narsa: bu amaldorlar xatti-harakatida to‘la tenglikka erishildi. Barcha yerga urilmoqda - fuqaroligi, millati, jinsi va yoshidan qat'i nazar, deya xulosa qiladi u.

Mavzuga oid