Jahon | 17:58 / 26.09.2018
23577
2 daqiqa o‘qiladi

BMT Bosh assambleyasida nima uchun Trampning ustidan kulishgani ma'lum bo‘ldi

Foto: AFP

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasidagi o‘z nutqida Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Donald Tramp zalda kulgi keltirib chiqardi. Bu haqda CBS News telekanali xabar bermoqda.

«Ikki yildan kamroq muddat ichida mening ma'muriyatim mamlakat tarixidagi har qanday boshqa ma'muriyatdan ko‘ra ko‘proq natijalarga erishdi», - dedi Tramp.

Aynan shu gapdan so‘ng BMT zalida o‘tirgan diplomatlar kulib yuborgan. Bunga javoban Amerika yetakchisi «bunday reaksiyani kutmaganligi, ammo bu normal holat» ekanini aytdi.

U kulgi to‘xtamaganiga qaramay o‘z nutqini davom ettirdi, deya ta'kidlaydi telekanal. Shundan so‘ng Tramp Germaniyani Rossiya energetikasiga tayanganligi uchun tanqid qildi.

«Agar siyosatini darhol o‘zgartirmasa, Germaniya Rossiya energetikasiga to‘la qaram bo‘lib qoladi. Bu yerda, g‘arbiy yarim sharda biz mustaqilligimizni xorijiy davlatlar ekspansionistik tajovuzlaridan saqlab qolishga harakat qilmoqdamiz», - dedi Tramp.

CBS News’ning ta'kidlashicha, germaniyalik diplomatlar darhol kulib yuborishgan. Amerika yetakchisi GFRga murojaatida «Shimoliy oqim-2» gaz quvuri loyihasini nazarda tutgan, deya aniqlik kiritgan telekanal. Shunga qaramasdan, tabiiy gaz Germaniya energiya iste'molining taxminan 25 foizini tashkil qiladi, shuning uchun mamlakat Rossiyaga «butunlay qaram bo‘lib qoladi» deyish - shubhali gap, deya xulosa qiladi CBS News.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Makron BMT Bosh assambleyasida Trampni sezilmaydigan qilib tanqid ostiga olgani aytilgandi.

Mavzuga oid