Jamiyat | 11:44 / 26.09.2018
8961
2 daqiqa o‘qiladi

Maqolaga munosabat: Toyloq tumani hokimi muammoni bartaraf etdi

«Kun.uz» saytida «Mahalla raisi Toyloq tumani hokimidan nega norozi?» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi. Ushbu maqola yuzasidan Toyloq tumani hokimi Bahodir Bobonazarov tahririyat bilan bog‘landi va mahalla raisi, aholi bilan yuzaga kelgan tushunmovchiliklar bartaraf etilganini bildirdi.

Shundan keyin ushbu masala yuzasidan Bobonazarov bilan uchrashdik. Tuman hokimining ta'kidlashicha, stadion hududidagi noqonuniy qurilishlarni buzish bo‘yicha chora-tadbirlar olib borilmoqda.

Stadion o‘rniga yangi maktabgacha ta'lim muassasi qurilishi haqidagi gap-so‘zlar Sariosiyo mahallasi aholisi o‘rtasida ba'zi gumonlarni keltirib chiqargan. Shuning uchun ham mahalla aholisi va raisi maktabgacha ta'lim muassasi qurilishi rejalashtirilayotganidan norozi bo‘lgan.

Tuman hokimining aytishicha, xalqning fikrini inobatga olib, stadion hududida maktabgacha ta'lim muassasasi qurilmaydigan bo‘ldi. Mahalla ahli stadionda obodonlashtirish ishlarini olib borish va yil oxirigacha o‘yingoh atrofini o‘rashni va'da qilishgan.

Maqolada keltirilgan tuman hokimi va mahalla raisi o‘rtasidagi anglashilmovchilik ham barham topgan. Mahalla raisi masala mohiyatini to‘g‘ri tushunmay, noto‘g‘ri xulosaga kelganini anglab yetgan. U buni biz bilan suhbatda ham ta'kidlab o‘tdi.

Muhimi, o‘rtadagi turli tushunmovchiliklarga barham berildi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li.

Mavzuga oid