O‘zbekiston | 12:30 / 26.09.2018
21582
2 daqiqa o‘qiladi

O‘shda o‘zbek telekanallari ko‘rsatmay qoldi

«KUN.UZ» tahririyatiga qo‘shni Qirg‘izistonning O‘zbekistonga chegaradosh bo‘lgan O‘sh va Jalolobod viloyatlaridagi o‘quvchilardan murojaat keldi.

Unda, so‘ngi bir yarim oy davomida O‘zbekiston MTRK tasarrufidagi hamda boshqa o‘zbek xususiy kanallari translyatsiyasi uzilib qolgani aytilmoqda.

Ma'lumot o‘rnida shuni aytib o‘tish lozim, ayni paytda Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida qo‘shni davlatning «ElTR», «OshTV», «Yntymak», «Keremet», «Bashat», «KTRK Sport», jami 15ta telekanal ko‘rsatuvlarini bemalol kuzatish mumkin.

Ma'lumki, O‘sh va Jalolobod viloyatlarida ko‘p sonli o‘zbeklar, Andijonning Qo‘rg‘ontepa, Jalaquduq tumanlarida esa qirg‘iz millatiga mansub aholi istiqomat qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, telekanallar har ikki xalq o‘rtasida madaniy ko‘prik vazifasini o‘tayotgani aniq.

Analog signal uzatish tugatilib, raqamli teleeshittirishga o‘tilganidan so‘ng har ikki chegaradosh viloyatlarda tasvir sifati yanada yaxshilanib qolgan edi.

«KUN.UZ» ijodkorlari shu yil bahorida O‘sh safari chog‘ida mahalliy aholi vakillari bilan aynan shu mavzuda ham suhbat uyushtirgandi. Muloqotda hududdagi o‘zbeklar emas, balki qirg‘iz millatiga mansub qardoshlar ham O‘zbekiston telekanallari dasturlarini juda yaxshi bilishi va doimiy kuzatib borishining guvohi bo‘lgandik.

Hozirgi kunda Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida Qirg‘iziston telekanallari ko‘rsatmoqda. Lekin o‘shliklar O‘zbekiston telekanallari signali yetib kelmayotganini bildirishgan.

O‘z muxbirimiz

Mavzuga oid