O‘zbekiston | 10:42 / 28.09.2018
74922
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoro va Navoiy viloyatlari chegarasiga o‘zgartirish kiritildi

Foto: Kun.uz

Senatning o‘n oltinchi yalpi majlisida senatorlar Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanidagi «Zafarobod» qo‘rg‘onini Navoiy viloyatining Konimex tumani hududiga qo‘shib berish tashabbusini ma'qulladi. Bu haqda «Kun.uz» muxbiri xabar bermoqda.

«Navoiy viloyatining Konimex tumani va Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumani chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalaning hal etilishi ham mazkur hududlar uchun Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarni, shuningdek, hududlarning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, tasdiqlanadigan mahalliy dasturlarni to‘liq va samarali ro‘yobga chiqarilishiga xizmat qiladi», deydi Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a'zosi Sayyora Baratova.

Ma'lum qilinishicha, «Zafarobod» qo‘rg‘onida ayni paytda 6 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Qo‘rg‘onda 31ta ko‘p qavatli uy, bitta maktabgacha ta'lim muassasasi, 2ta umumta'lim maktabi, bitta tibbiyot muassasasi va boshqa qator tashkilotlar ishlab turibdi. «Zafarobod» qo‘rg‘onidan G‘ijduvon tumani markazigacha bo‘lgan masofa 80 kilometrni tashkil qiladi. Bu esa, aholining tez tibbiy yordam va ma'muriy idoralar xizmatidan foydalanish, ijtimoiy-maishiy ehtiyojlarini qondirishida noqulaylik tug‘dirmoqda. Misol uchun, zafarobodlik kishi davlat xizmatlaridan foydalanish uchun G‘ijduvon tumani markazigacha kamida 80 km masofani bosib o‘tishi kerak. Bunga qariyb 2 soat vaqt ketadi.

Qo‘rg‘onda Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli RU-5 korxonasi mavjud bo‘lib, ushbu korxonada hudud aholisining salkam yarmi mehnat qiladi. Senatorlarning 80 nafari ushbu masalada yakdil qarorga kelib, tashabbusni qo‘llab-quvvatlashdi.

Mavzuga oid