Jahon | 16:33 / 28.09.2018
18800
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Turkiya butun dunyo bo‘ylab Erdo‘g‘anning dushmanlariga ov boshlaydi

Foto: AP

Turkiya NATO ittifoqdoshi ekanligiga qaramay, bu davlat hukumati mamlakatdan tashqarida, jumladan, Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashovchi, prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning dushmanlari uchun ov e'lon qildi. Bu haqda Amerikaning NBC News telekanali xabar bermoqda.

Xususan, gap muxolifatchi Fathulloh Gulen haqida ketmoqda, u Qo‘shma Shtatlarda yashirinib kelyapti. Turkiya prezidenti matbuot kotibi Ibrohim Qalinning ma'lum qilishicha, Turkiya milliy razvedkasi muxolifatchi, AQShning Pensilvaniya shtatida yashab kelayotgan Fathulloh Gulenning tarafdorlariga qarshi xorijda «operatsiyalarni» boshlaydi.

Turkiyaning fikricha, Gulen 2016 yil iyul oyida davlat to‘ntarishi tashkil etishga uringan. Bundan tashqari, Turkiya Respublikasidan tashqarida Gulen tarafdorlarining xalqaro harakati faoliyat yuritadi, u Turkiyada FETO (Fethullah Terror Group) nomi bilan tanilgan va terrorchilik xarakteriga ega, deb topilgan. Aynan shu tashkilotning xorijdagi bo‘linmalariga Turkiya razvedkasi e'tibor qaratadi, deya ta'kidlaydi Amerika telekanali.

«Ular orqadan Turkiyaning nafasini his qiladilar», - deya Erdo‘g‘an matbuot kotibining Anqarada jurnalistlar bilan uchrashuv chog‘idagi so‘zlarini keltiradi NBC.

Turkiya bir necha marta Oq uyga Fathulloh Gulenning ekstraditsiya qilinishi bo‘yicha talab bilan chiqdi, lekin Vashington bunga e'tibor qaratmadi, deb eslatadi NBC News.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Erdo‘g‘an yana AQShni ayblagani xabar berilgandi. 

Mavzuga oid