Jamiyat | 19:13 / 28.09.2018
12129
9 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Xalqaro Turizm kuni keng nishonlandi. Fotojamlanma

Bugungi kunda O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirishga katta e'tibor qaratilmoqda, yangi turistik mahsulotlar tatbiq qilinmoqda, yangidan yangi aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilmoqda, sayyohlarga katta imkoniyatlar yaratilmoqda, soha rivoji yo‘lida mavjud bo‘lgan barcha to‘siqlar olib tashlanmoqda, turizm rivojiga hissa qo‘shish istagida bo‘lgan tadbirkorlarga esa qator imtiyozlar taqdim etilmoqda.

27 sentabr - Xalqaro Turizm kuni O‘zbekistonda bu yil o‘zgacha, yuqori kayfiyatda nishonlandi. Ta'lim muassasalaridagi uchrashuvlar, O‘zbekiston bayrog‘ini poytaxt ko‘chalari bo‘ylab olib o‘tgan motopoygachilar zanjiri, Residence Park qarorgohidagi tantanali tadbir va mamlakatda turizm sohasi rivojiga katta hissa qo‘shib kelayotgan xodimlarni taqdirlash marosimi ushbu sananing o‘tgan yillarga nisbatan keng qamrovli nishonlanganidan darak beradi.

Foto: Kamil Yenikeyev
Foto: Kamil Yenikeyev
Foto: Kamil Yenikeyev
Foto: Kamil Yenikeyev

Residence Park'dagi kechki bayram tadbiri mehmonlarning qizil yo‘lakchadan kirib kelishi bilan boshlandi. Tadbirda turizm sohasi vakillari bilan bir qatorda bu sohaga aloqasi bo‘lgan idoralar rahbar va xodimlari, mamlakat turizm sanoati kompaniyalari, ommaviy axborot vositalari vakillari va diplomatlar ishtirok etishdi. Turizm rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan veteranlar va faol xodimlar taqdirlandi. Ular uchun konsert dasturlari tashkillashtirildi.

Foto: Kamil Yenikeyev
Foto: Kamil Yenikeyev
Foto: Kamil Yenikeyev

KUN.UZ muxbiri turizm sohasi vakillarining fikrlarini to‘plab, e'tiboringizga havola qilishga qaror qildi.

"Bu yilgi Xalqaro Turizm kuniga bag‘ishlangan tadbir O‘zbekistonda birinchi marta shunday katta formatda nishonlanmoqda. Keyingi yillarda bu bayramni yanada keng ko‘lamda nishonlashni niyat qilyapmiz. Bugungi kunda O‘zbekistonda turizm barqaror rivojlanib kelmoqda. Yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar sonining tobora oshib borayotgani bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Yil oxiriga borib O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar soni 4,8 millionni tashkil qilishi kutilmoqda. Kelgusi yillarda bu ko‘rsatkichlarni yanada oshirish ko‘zda tutilgan. Turizmni rivojlantirish uchun davlat tomonidan juda katta ishlar amalga oshirilmoqda -  Mehmonxonalar qurilmoqda, infratuzilma yaxshilanmoqda, viza tizimi yengillashtirilmoqda va ko‘plab boshqa ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda, buning natijasida esa turistlar soni oshib bormoqda. Dunyoning 101 mamlakati uchun elektron viza joriy qilindi. O‘zbekistonga har kuni 7 ming sayyoh kirib kelmoqda (hozir sayyohlar oqimi darajasi yuqori mavsum, albatta). Qishki mavsumda ham sayyohlar oqimi to‘xtab qolmasligi uchun O‘zbekistonda qishki turizmni rivojlantirishga doir qator ishlar olib borilmoqda", - deydi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Baxtiyor Umarov.

Foto: Kamil Yenikeyev

Uning ta'kidlashicha, ayni damda mehmonxonalardagi nomerlar soniga ko‘ra, O‘zbekiston bir vaqtning o‘zida 20 ming sayyohni qabul qila oladi, 2020 yilga borib ularning sonini 50 mingga oshirish rejalashtirilgan, ya'ni ikki yil ichida 300 ga yaqin mehmonxona quriladi. Umuman olganda, turizm sohasi vakillari O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojiga o‘z hissasini qo‘shish uchun imkon qadar harakat qilishmoqda.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Saidakbarxon Akbarov barcha yurtdoshlarimizni Xalqaro Turizm kuni bilan qutladi:

"27 sentabr - Xalqaro Turizm kuni yurtimizda keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan barcha yurtdoshlarimizni bayram bilan tabriklayman va eng ezgu tilaklarni tilayman. Mana bugun biz poytaxtdagi ta'lim muassasalaridagi yoshlar bilan uchrashib, ularga O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdik, ularni qiziqtirgan savollariga javob berdik. Bugun barcha turizm sohasi rivojiga hissa qo‘shgisi keladi, jumladan yoshlarimiz ham. Kelgusida ularning orasidan O‘zbekiston turizmi rivojiga hissa qo‘shuvchi munosib mutaxassislar yetishib chiqishiga umid qilamiz".

Foto: Kamil Yenikeyev

O‘zbekiston aeronavtika federatsiyasi raisi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi qoshidagi Jamoatchilik kengashi raisi Tohir Soliyev:

"Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi qo‘llab-quvvatlashi ostida shunday yuqori kayfiyat hukmron bo‘lgan bayram tadbiri tashkil etilganidan juda xursandman. Uzoq yillar turizm sohasi rivojiga hissa qo‘shgan veteranlar bugun faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi. Veteranlar nafaqat yosh jihatidan katta insonlar, balki soha bo‘yicha katta bilimga ega bo‘lgan kishilar hamdir. O‘ylaymanki, shu bayram tufayli ularni oz bo‘lsa-da quvonchiga sherik bo‘lamiz. Bugungi kunda bu kishilarning bilim va tajribasi biz uchun juda muhim".

Foto: Kamil Yenikeyev

Uzbekistan Pass asoschisi va bosh direktori Ilyos Jabborov:

"Barcha yurtimiz fuqarolarini Xalqaro Turizm kuni bilan tabriklayman, ularga salomatlik tilayman. So‘nggi yillarga nazar soladigan bo‘lsak, O‘zbekistonda turizm sohasiga juda katta e'tibor qaratilmoqda, ko‘p o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Shu o‘rinda aytish joizki, bugungi kunda turizm axborot texnologiyalarisiz rivojlana olmaydi, chunki butun dunyo miqyosida ham turizm IT-texnologiyalarga chambarchas bog‘liq. Shuning uchun O‘zbekistonga keladigan chet el fuqarolari va mahalliy aholi uchun onlayn savdo maydonchasini taqdim etdik. Bunda o‘zimizning aholi, xorijiy turistlar bemalol onlayn ravishda mehmonxonalarni band qilishi, avtomobillar va restoranlarga hamda turistik paketlarga buyurtma berishi mumkin. Bu juda qulay, sayyoh bitta smartfon bilan butun O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish imkoniga ega bo‘ladi. Ham sayohat qiladi, ham mablag‘ tejaydi. Endigina ish boshlagan bo‘lishimizga qaramay, Uzbekistan Pass mahalliy aholi va turistlar tomonidan juda yaxshi qabul qilindi".

Foto: Kamil Yenikeyev

Turizm sohasining hurmatli veterani, Rixos turistik kompaniyasi bosh direktori Ergash Samig‘jonov Turizmni rivljlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan soha rivojiga qo‘shayotgan ko‘p yillik hissasi uchun faxriy yorliq bilan taqdirlanganlardan biridir.

Foto: Kamil Yenikeyev
Foto: Kamil Yenikeyev
Foto: Kamil Yenikeyev
Foto: Kamil Yenikeyev
Foto: Kamil Yenikeyev
Foto: Kamil Yenikeyev

"Turizm sohasida 1992 yildan to hozirgi kungacha faoliyat ko‘rsatib kelyapman. O‘zbekistonda turizm sohasida juda katta o‘zgarishlar kuzatilmoqda, ayniqsa, so‘nggi ikki yilda bu yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Bularning bari Hukumatning turizmga nisbatan siyosati tubdan o‘zgargani bilan bog‘liqdir. Chet el fuqarolarining O‘zbekistonga kelishida juda katta yengilliklar yaratildi, yangi imkoniyatlar ochildi. Bularni misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar deyish mumkin, turizmda shuncha yillardan beri ishlash davomida bu ijobiy omillar menga yaqqol sezildi. Bugungi bayramga keladigan bo‘lsak, albatta, Xalqaro Turizm kuni bizning kasbiy bayramimiz. Soha vakillari bir bo‘lib shu bayramni nishonlayapmiz. Ko‘p yillardan beri turizm sohasini oyoqqa turg‘izib, uning rivojlanishiga hissa qo‘shgan odamlar bilan uchrashdik, ular faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi. Jumladan, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan men ham taqdirlandim va  bundan juda xursandman. Fursatdan foydalanib, barcha turizm sohasi xodimlarini, yoshu qarini ushbu bayram bilan tabriklayman. Nafaqat turizm xodimlari, balki barcha insonlarni ham qutlab qolaman, zero  har bir inson o‘z hayotida sayyohdir. Shunday ekan, bu barchamizning bayramimiz. Turistlar soni ko‘payaversin, O‘zbekiston iqtisodiyotida turizmning tutgan o‘rni yanada yuqori bo‘laversin!".

Mavzuga oid