Jahon | 08:06 / 29.09.2018
18102
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Suriyaga S-300 tizimlarini yetkazib berishni boshladi

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov BMT Bosh assambleyasining 73-sessiyasi natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanda Rossiya Suriyaga S-300 havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlarini yetkazib berishni boshlaganini ma'lum qildi.   

Foto: REUTERS

24 sentabrda Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Il-20 samolyoti Suriya yaqinida urib tushirilgandan keyin S-300 tizimlari Suriyaga ikki hafta ichida yetkazib berilishini ma'lum qilgandi. U ushbu tizimlar Suriyaning jangovar imkoniyatlarini sezilarli mustahkamlashini aytgan. 

Shoygu Moskva bir necha yil avval S-300’larning Damashqqa yetkazib berilishini to‘xtatib qo‘yganini, biroq hozirda vaziyat o‘zgargani va shuni taqozo qilayotganini aytgan. U, shuningdek, Rossiya Isroilning Il-20’ning falokatiga olib kelgan harakatlariga javoban choralar ko‘rishga majburligini ta'kidlab o‘tgan. 

Kremlda S-300’larning yetkazib berilishi uchinchi davlatlarga qarshi emas, balki Suriyadagi rossiyalik harbiylarni himoyalash istagi bilan bog‘langani aytilgan.

Rossiya tashqi ishlar vazirligida ushbu tizim Suriyaning zarur bo‘lgan joylarida havo hududini yopishga imkon berishiga ishonch bildirilgan.  

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid