Jahon | 07:45 / 30.09.2018
6156
2 daqiqa o‘qiladi

Ilon Mask Tesla direktorlar kengashi raisi lavozimidan ketadigan bo‘ldi

Foto: REUTERS

Tesla kompaniyasi asoschisi Ilon Mask va AQShning qimmatbaho qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiyasi Maskning kompaniyani noommaviy, ya'ni xususiy kompaniyaga aylantirish haqidagi so‘zlari uchun unga firibgarlik bo‘yicha qo‘yilgan ayblovlarni sudgacha tartibda hal qilishga kelishib oldi. 

Kelishuvga ko‘ra, Mask kompaniya rahbari bo‘lib qoladi, biroq kamida uch yilga kompaniya direktorlar kengashi raisi lavozimidan voz kechishi kerak bo‘ladi. Uning o‘rnini mustaqil rais egallaydi. Shuningdek, kompaniya ikki nafar mustaqil direktorni tayinlaydi. Kelishuvning yana bir bandiga ko‘ra, Maskning xabarlari ustidan qo‘shimcha nazorat va kuzatuv joriy qilinishi ko‘zda tutilgan. 

Bundan tashqari, tadbirkorga 20 mln dollar jarima solindi. O‘z navbatida kompaniya ham shu miqdorda jarima to‘lashi kerak bo‘ladi.

Maskka qarshi ish uning kompaniyani xususiy qilish haqidagi “yolg‘on va yanglishtiruvchi” bayonotlari sababli boshlangandi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid