Jahon | 13:00 / 30.09.2018
34140
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda jahondagi eng katta kabobni qanday tayyorlashdi? - video

Qozog‘istonning Oqmo‘la oblasti Makinsk shahrida jahondagi eng katta kabobni tayyorlash bo‘yicha jahon rekordi o‘rnatildi, deb xabar bermoqda Tengrinews.kz. Tadbir 28 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan.

Oblast hokimining o‘rinbosari Marat Igali o‘zining Facebook’dagi sahifasi orqali jahonning eng katta kabobi qanday tayyorlanayotganini namoyish etib turgan. Mamlakat poytaxti Ostona shahridan 200 km uzoqlikda joylashgan ushbu shaharda ulkan qo‘ra o‘rnatilgan.

Tadbir Makinskda mamlakatdagi eng yirik parrandachilik fabrikasi ochilishiga bag‘ishlangan. Ulkan kabobni tayyorlashda ham ushbu korxonaning 200dan ziyod xodimi safarbar etilgan.

Qayd etib o‘tish kerakki, taomni tayyorlash uchun 400 kilogrammdan ziyod tovuq go‘shti ishlatilgan. Natijada kabobning uzunligi 223 metru 65 santimetrga yetgan.

Natija Ginnesning rekordlar kitobi vakillari tomonidan qayd etilgan. Shundan so‘ng to‘plangan tomoshabinlar kabob bilan siylangan.

Qayd etib o‘tish lozimki, avvalgi natija Moskva ostonasidagi Taldom shahri vakillariga tegishli edi. O‘tgan yilning avgustida ular uzunligi 210 metrga teng kabob tayyorlashgandi. Uni tayyorlash uchun 290 kg go‘sht ketgan. Ulkan kabobni 170 kishi pishirgan, qo‘raning uzunligi esa 200 metrni tashkil etgan.

Mavzuga oid