Bosh prokuratura Gulnora Karimova va uning qizi haqida ma'lumot berdi
O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovning nabirasi Imon Karimova mamlakatni hech qanday to‘sqinliksiz tark etdi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qildi.
Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova 28 sentabr kuni Toshkentdan Londonga uchib ketgandi. U Toshkent-London yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilgan «O‘zbekiston havo yo‘llari»ning HY201 reysiga o‘tirish taloni tasvirlangan suratni Instagram’dagi sahifasida e'lon qilgan.
"Imon Karimova O‘zbekistondan chiqib ketganligini va buning uchun hech bir rasmiy to‘sqinlik yo‘q ekanligini tasdiqlaymiz", - dedi Bosh prokuratura matbuot xizmati vakili.
Uning ma'lum qilishicha, Imon Karimovaning onasi - Gulnora Karimova esa qonun bilan belgilangan tartibda jazo o‘tashni davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning yozida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimova ishining ba'zi jihatlarini ochiqlagan edi. Ma'lum bo‘lishicha, u 2015 yilning avgustida qator moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilgan va 5 yilga shartli ravishda ozodlikdan mahrum etilgan.
«Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudining 2015 yil 21 avgustdagi hukmi bilan Karimova o‘zi ayblangan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topildi va unga besh yilga ozodlikni cheklash tarzidagi jazo belgilangan», - deyilgandi Bosh prokuratura xabarida.
Shuningdek, Imon Karimovaning Instagram’dagi sahifasida e'lon qilgan suratga ko‘ra, u Londondagi London school of economics’da tahsil olishni boshlagan.
Ma'lumot uchun, Imon Karimovaning akasi, Gulnora Karimovaning o‘g‘li - kichik Islom Karimov ham Londonda istiqomat qiladi.
Mavzuga oid
21:06 / 28.09.2023
Shveytsariyada Gulnora Karimovaga nisbatan ayblov xulosasi sudga topshirildi
19:07 / 18.09.2023
Gulnora Karimovaning qaytarilgan boyliklari O‘zbekistonda bolalar o‘limini kamaytirishga yo‘naltiriladi
09:42 / 09.08.2023
Britaniya hukumati Gulnora Karimovaning 20 mln funtlik mulklarini nazoratga oldi
22:04 / 13.03.2023