Tushunarsiz holat. Hindistonda aslida nechta hujjat imzolandi?
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga davlat tashrifi doirasida 20ta hujjat imzolandi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
«Nyu-Dehlida o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida imzolangan hujjatlarni o‘zaro almashish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tashrif doirasida ilmiy-texnik hamkorlik, qishloq xo‘jaligi, turizm, harbiy ta'lim, adliya, sog‘liqni saqlash va tibbiyot fani, farmatsevtika, kosmosni tinch maqsadlarda tadqiq etish va boshqa sohalarga doir 20ta hujjat imzolandi. Shuningdek, Andijon viloyati va Gujarat shtati, Samarqand shahri va Agra shaharlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Erkin farmatsevtika zonasini tashkil etish to‘g‘risida bitimlar imzolandi», - deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
O‘zbekistondagi barcha OAV prezident matbuot xizmatiga tayangan holda 20ta hujjat imzolangani haqida xabar berdi.
Shu bilan birga, Hindiston OAV tomonlar 17ta hujjat imzolagani haqida xabar berdi.
Hindistonlik siyosatchi va davlat arbobi, mamlakat bosh vaziri Narendra Modi o‘zining rasmiy veb-saytiga ega.
O‘z veb-saytida u O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida imzolangan hujjatlarning to‘liq ro‘yxatini e'lon qildi. Shu bilan birga, uning ta'kidlashicha, barcha hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Hindistonga tashrifi chog‘ida imzolangan.
Ro‘yxatga 17ta hujjat, shu jumladan, yuqorida aytilgan - Andijon viloyati va Gujarat shtati, Samarqand shahri va Agra shaharlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Erkin farmatsevtika zonasi tashkil etish kirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Amerika Qo‘shma Shtatlariga safari chog‘ida ham raqamlar bilan shunday holat kuzatilgandi.
«Tashrif davomida 40dan ortiq hujjatlar qabul qilinishi, shu jumladan, umumiy qiymati 8,5 mlrd dollarlik savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy bitimlar imzolanishi rejalashtirilgan», - deya xabar bergandi Vashingtonda bo‘lib o‘tgan brifingda prezident matbuot kotibi.
Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, O‘zbekiston va Qo‘shma Shtatlar 4,8 milliard AQSh dollariga teng bitimlarni imzolagan.
Rasmiy raqamlar mana shunday.
Bizningcha, qancha hujjat imzolangani emas, balki o‘zbekistonliklar hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirish uchun ularni amalga oshirish muhimroq ahamiyatga ega.
Mayli, 20ta hujjat emas, balki atigi 7ta bo‘lsin, ammo qishloqlar va shaharlarda yashovchi odamlar o‘zgarishlarni his qilishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, prezidentning Hindistonga tashrifini yoritishga yana xususiy OAV xodimlari taklif etilmadi. Jumladan, Kun.uz sayti ham prezident matbuot xizmati va Hindiston OAVda berilgan xabarlardan foydalanishga majbur bo‘ldi.
Ulug‘bek Akbarov
Mavzuga oid
17:36 / 14.11.2024
Hindiston xalqaro aeroportida havoning ifloslanishi tufayli 200 dan ortiq reyslar kechiktirildi
19:27 / 13.11.2024
Pokiston va Hindistonni qoplagan tutun koinotdan ko‘rina boshladi
19:10 / 13.11.2024
Hindiston fond bozoridagi bum: moliyaviy inqilob shovqini risklarni yopib ketyaptimi?
20:33 / 07.11.2024