O‘zbekiston | 17:16 / 05.10.2018
28725
9 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryo viloyati hokimi: «Kechagi byurokrat rahbar bugungi sharoitda ishlay olmaydi»

Foto: surxondaryo.uz

Mamlakatimiz miqyosida kechayotgan jadal islohotlar samarasi qaysi viloyatda qanday bo‘y ko‘rsatishi mahalliy aholiga, ayniqsa, hududiy boshqaruv rahbarlariga bog‘liqligi kundek ravshan. Hazrat Navoiy aytganidek, quyosh hamma yerga barobar nur sochsa-da, dashtda tikan, bog‘da esa gul bitadi. Albatta, bu o‘rinda oftob nuridan tashqari ham muhim omillar ko‘p. Bir zamonlar respublikamizning janubiy viloyati – Surxondaryoga islohotlar hadeganda yetib boravermaydigan olis hudud sifatida qarab kelingani hech kimga sir emas. Biroq keyingi yillarda bu elda yuz ochgan yangilanish-u o‘zgarish­lar butun mamlakatimiz afkor ommasining nigohini bot-bot janubiy vohaga tortayotgani ham bor gap. “XXI asr” gazetasi muxbiri vohada aholi manfaatlarini ta'minlash, qulay tadbirkorlik muhitini yaratish, bunyodkorlik va yaratuvchanlik, bir so‘z bilan aytganda, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayoni jilovini qo‘lga olgan viloyat hokimi Bahodir Po‘latovga bir necha savol bilan murojaat qildi.

– Bahodir aka, viloyat hokimi etib tayinlanganingizga hali ko‘p bo‘lmadi. Shu bois suhbatimizni Surxondaryoga kelib chiqargan dastlabki xulosalaringiz, ilk taassurotlaringiz bilan boshlasak.

– Surxondaryo yurtimizning boshqa hududlarida uchramaydigan bir qator o‘ziga xosliklarga ega. Eng muhimidan boshlay, viloyat ahli mard va tanti. Gapini ochiq, istiholasiz ayta oladi. Qadrlaganni qadrlaydigan el. Samimiyatni yaxshi ko‘radi. Vohada bir necha millat va elat vakillari ahil-inoqlikda, yaqin qardoshlik, quda-andachilik rishtalari bilan bog‘lanib ketgan holda istiqomat qiladi. Uch tomoni osmono‘par tog‘lar bilan o‘ralgan, bir tomoni Amudaryo orqali Afg‘oniston bilan chegaradosh vohamiz tabiati har qanday odamni hayratga solishi shubhasiz. Shu bois ekoturizm va ziyorat turizmini rivojlantirish istiqbollari yuqori. Bu zaminda qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yil davomida ochiq usulda, uch martagacha hosil olish imkoniyati mavjud. Har yili ikki million tonnadan ortiq meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtiriladi.

Keyingi ikki yilda viloyatda katta ishlar amalga oshirilyapti. Xorijiy investorlar va mahalliy tadbirkorlar tomonidan yirik loyihalarga qo‘l urilmoqda. “Gold Agro Fresh”, “ASG Group” korxonalar uyushmasi, “Jarqo‘rg‘on meva-sabzovot eksport”, “Surxonteks”, “Amudar teks” kabi ko‘plab yirik sanoat korxonalari yuqori quvvat bilan ish boshladi. Yaqinda turkiyalik investorlar bilan hamkorlikda Sherobod tumanida yirik sement zavodi foydalanishga topshirildi. Yiliga 1,5 million tonna sement tayyorlash quvvatiga ega mazkur korxonada mingdan ortiq kishining bandligi ta'minlandi.

Prezidentimizning viloyatimizga tashrifi chog‘ida tabiiy boyliklardan unumli foydalanish imkonini beruvchi bir necha yirik sanoat korxonalariga ham tamal toshi qo‘yilgandi. Rossiyalik ishbilarmonlar hamkorligida Boysun tumanida loyiha qiymati 5 milliard dollardan ortiq bo‘lgan, yiliga 4 milliard kub metr gazni qayta ishlash, 289 ming tonna polipropilen, 211 ming tonna polietilen va 293 ming tonna oltingugurt ishlab chiqarish quvvatiga ega gaz-kimyo majmuasini qurish ishlari olib borilyapti.

– Davlatimiz rahbari bir gapni ko‘p takrorlaydi: “Xalqning ichida bo‘ling, xalqning dardi bilan yashang”. Bugun fuqarolarning, jumladan, surxondaryoliklarning hokimiyatga bo‘lgan ishonchi qay darajada deb o‘ylaysiz?

– Ochiq aytish kerak, kechagi byurokrat rahbar bugungi sharoitda ishlay olmaydi. Hozir xalqimiz davlat nomidan ish ko‘ruvchi hokimlarning, mansabdorlarning o‘zlari qonunlarga qanchalik rioya etayotganini jiddiy kuzatadigan va shu asosda hokimiyatga va hokimga baho beradigan bo‘ldi. Jamoatchilik nazorati tobora kuchayib bormoqda. Xoja Samandar Termiziyning “Dastur ul-muluk” asarida keltirgan bir hikmat uch asrdan beri isbotini topib kelyapti: “Agar past, xasis, boylikka, pul, mol-dunyoga o‘ch odamlarga mansab supasidan joy berish ko‘paysa, davlat tushkunlikka yuz tutadi, ya'ni o‘z quvvatini yo‘qota boshlaydi. Binobarin, aqlli odamlar aytadilarki, davlatning halokati, yemirilishi past, ochko‘z kishilarning mansab shohsupasiga ko‘tarilishidan boshlanadi”.

Xalqimizning bizga, ishimizga munosabatini bevosita uchrashuvlar, ochiq muloqotlar, sayyor qabullardan tashqari ommaviy axborot vositalari orqali ham his etib turamiz. Huquq-tartibot organlaridan chiqqan rahbar-kadrlar jurnalistlarni unchalik xushlamaydi, degan fikrga qo‘shilmayman. Bugun matbuotimiz chin ma'noda “to‘rtinchi hokimiyat”ga aylanib borayotgani meni quvontiradi. Ish bosh­laganimdan keyin dastlabki yig‘ilish­lardan birida viloyatdagi jurnalistlarni chorlab, asosli tanqidga munosabatim ijobiy ekanini bildirdim.

Surxon elining chinakam mehrini qozongan sobiq viloyat hokimi Erkinjon Turdimov bilan kechgan suhbatimizda u kishi shunday degandi: “Vohadagi katta ishlarning zamirida, avvalo, shu yerdagi fidoyi, vatanparvar, mehnatkash insonlarning zahmatli faoliyati mujassam”. Bugun viloyat va tumanlardagi bosh­qaruv tizimida, korxona va tashkilotlarda ana shunday rahbar-xodimlar jamoasi ishlayotgan ekan, xalqimiz islohotlar samarasidan qachonlardir emas, aynan bugun bahramand bo‘lishi shubhasiz.

– Yaqinda Termiz shahridagi Matbuot uyining ochilish marosimida Surxondaryodan yetishib chiqqan ulug‘ insonlarning xotirasini abadiylashtirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tgandingiz. Bu yil O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tog‘ay Murod tavalludining 70 yilligi munosabati bilan respublikamiz bo‘ylab bir qator tadbirlar o‘tkazilmoqda. Oltinsoy tumanida ham adib nomidagi bog‘ va uy-muzey tashkil etilayotgani haqida gap-so‘z tarqalganiga ancha bo‘ldi. Biroq hali biror amaliy natijani ko‘rmadik... 

– Siz aytgan tadbirda Matbuot uyi foyesidagi devorda zarhal harflar bilan bitilgan fikr va muallifi o‘rniga buyuk mutafakkirlarimizning hikmatlaridan yozdirish maqsadga muvofiq bo‘lishini ta'kidlagandim. Savolingizga shundan ham javob izlasangiz bo‘ladi. El birinchi navbatda o‘zining ulug‘ farzandlarini hurmatlashni bilishi kerak. Boysunda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev, Sherobodda akademik rassom Ro‘zi Choriyev, Oltinsoyda esa O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tog‘ay Murod uy-muzeylarini va xotira bog‘larini barpo etishni maqsad qilganmiz. Bu to‘xtab qoladigan jarayon emas. Bunday nurli manzillar, eng avvalo, yosh avlodning ma'naviyati yuksalishiga, el-yurtga xizmat qiladigan bo‘lib ulg‘ayishiga zamin yaratadi.

– Surxondaryo uch davlat bilan chegaradosh viloyat sanaladi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhit yaratilgani, qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlar iliqlashgani, tabiiyki, vohamiz hayotida ham aks etmoqda.

– Albatta. Xitoy Xalq Respublikasining Sichuan provinsiyasi va Chendu shahri meriyasi, Tojikiston Respublikasining Xatlon, Afg‘oniston Respublikasining Balx viloyatlari bilan Surxondaryo viloyati hokimligi o‘rtasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, energetika, transport, ilmiy-texnikaviy, qishloq xo‘jaligi va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish borasida istiqbolli kelishuvlarga erishildi.

Bugun O‘zbekiston Afg‘onistonni yaqin qo‘shni va do‘st mamlakat deb biladi. Davlatimizning bu yurtda barqarorlik, tinchlik va osoyishtalikni ta'minlashga doir pozitsiyasi mudom qat'iy va o‘zgarmasdir. Termiz tumanida Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta'lim markazi tashkil etilgani, vohada afg‘on sarmoyadorlari bilan hamkorlikda yangi korxonalar ish boshlayotgani quvonarli hol. Ta'kidlash kerakki, Afg‘oniston O‘zbekiston uchun katta bozor. O‘z navbatida, qo‘shni davlat uchun ham bizning yurtimiz shunday. Mintaqa mamlakatlari ishbilarmonlarining O‘zbekistonga sarmoya kiritish ishtiyoqi yuqori. Buning uchun ularga qulay biznes muhitini biz rahbarlar yaratib berishimiz lozim. Shu maqsadda Termizdagi “Kargo” logistika markazi hududida erkin iqtisodiy zona barpo etish niyatimiz bor. Tojikiston Respublikasining biz bilan qo‘shni Xatlon viloyatida bo‘lib o‘tayotgan bayram tadbirlarida ham ishtirok etyapmiz. Chegara yaqinidagi hududlarda yashovchi aholi bir oylik muddatda vizasiz bordi-keldiga sharoit yaratilganidan mamnun.

Surxondaryo yaqin kelajakda sanoati rivojlangan, yuqori turizm salohiyatiga ega, aholisi bugunidan rozi, kelajakka katta ishonch bilan qaraydigan farovon manzilga aylanishiga ishonamiz.

“XXI asr” muxbiri 
Sarvar To‘rayev
suhbatlashdi.

Mavzuga oid