O‘zbekiston | 14:03 / 06.10.2018
80128
4 daqiqa o‘qiladi

Bundan 80 yil oldin o‘zbek ma'rifati yetakchilari otib tashlangandi 

O‘zbek millati boshidan suronli, musibatli va qayg‘uli kunlar juda ko‘p o‘tgan. Ana shunday kunlardan biri 1938 yil oktyabrining birinchi o‘n kunligi bo‘lgandi. O‘shanda o‘zbek farzandlari o‘ldirilishi bilan birga, uning ma'rifatiga, diniga va asliyatiga bolta urilgan.  

Ma'lumotlarga ko‘ra, SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining 1938 yil 4 oktyabrdan 16 oktyabrgacha bo‘lgan sayyor yig‘ilishlarida 507 nafar o‘zbekistonlik siyosiy mahbus ustidan hukm chiqarilgan. Ular orasida Rahim Inog‘omov, Usmonxon Eshonxo‘jayev, Rustam Islomov, Fayzulla Rahimboyev, Akbar Islomov, Sa'dullaxo‘ja Tursunxo‘jayev kabi davlat va jamoat arboblari, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat kabi xalqning ardoqli shoir va yozuvchilari, G‘ozi Olim Yunusov, Qayum Ramazon, Otajon Hoshimov, Majid Qodirov, Ziyo Saidov, Munavvar Qori, Botu, Usmon Nosir kabi ma'rifatparvar insonlar ham bor ediki, ularning bari so‘zsiz otib tashlangan.

Abdulla Qodiriy

Tarixiy ma'lumotlarga ko‘ra, “Katta terror” 1937 yil 30 iyuldan boshlanib 1938 yil noyabriga qadar davom etgan bo‘lib, shu vaqt ichida 1,5 million kishi qamoqqa olingan, shundan 700 mingi otib tashlangan. Uning qahrli tig‘i jamiyat a'zolarining barcha toifalarini o‘z domiga tortgan. Ayniqsa, “katta terror”dan aholining quyi tabaqasidagilar ko‘p jabr-zulm ko‘rishgan.  

Abdulhamid Cho‘lpon

O‘sha mudhish kunlarda qatag‘on balosi yoshu qarini, ayolu erkakni baravar o‘z domiga oldi. Buni tarixiy manbalarda qayd etilgan ma'lumotlar ham tasdiqlab turibdi.

Abdurauf Fitrat

“NKVDning 00486-sonli buyrug‘i bo‘yicha 1938-1946 yillarda Qarag‘andadagi “ALJIR” (Akmolinskiy lager jyon izmennikov rodiny) lagerida “Vatan xoinlarining oila a'zolari”dan 6500 ayol jazoni o‘tagan. Xalq dushmani tamg‘asi bilan qatag‘on bo‘lganlarning farzandlari maxsus bolalar muassasalarida saqlangan. 1937 yil 15 avgustdan 1939 yil yanvarigacha Ittifoq bo‘yicha 25342 bola oilasidan ajratib olingan, ulardan 22427 nafari Xalq maorifi komissarligi hududidagi bolalar uylariga va mahalliy bog‘chalarga tarqatib yuborilgan, shundan 1909 nafari Moskvada bo‘lgan, 2915 nafari boshqalarga boqish uchun oilalarga qaytarib berilgan. Bu bolalarning yoshi 15 gacha bo‘lgan. Yoshi 15 dan yuqori bo‘lgan bolalar “ijtimoiy xavfli” hisoblanib, qamoqqa olingan va hukm qilingan.

Otajon Hoshimov

Qarag‘anda lageridagi mahbus ayollar jazo muddatini o‘tayotganlarida 1507 nafari farzand ko‘rgan, bu bolalar ko‘pincha sevgi asosida emas, zo‘rlik asosida dunyoga kelgan”, deyiladi “Qatag‘on qurbonlari” kitobida.

Majid Qodirov

Umrlari xazon bo‘lgan o‘zbek millatining farzandlari xotirasi bugun e'zozda. Yangi avlod vakillariga ularning hayoti, haqparvar va xalqparvar bo‘lganliklari, millatga, vatanga bo‘lgan muhabbatlari sabab barcha qiyinchiliklarga tik qarashganini yanada chuqurroq, xolis tarzda yetkazib berish bugungi har bir ma'rifatparvar fuqaroning burchidir. Chunki tarixiy xotiralarsiz hech qachon kelajak qurib bo‘lmaydi.

Tarixiy ma'lumotlar asosida Sarvar Anvar o‘g‘li tayyorladi.

Mavzuga oid