Sport | 11:30 / 07.10.2018
133019
3 daqiqa o‘qiladi

Xabib Nurmagomedov jangdan keyin janjal uyushtirdi. Tafsilotlar

Las-Vegasda UFC jangchilari o‘rtasidagi chempionlik kamari uchun jangda Xabib Nurmagomedov va Konor Makgregor jang qildi. To‘rtinchi raundda Nurmagomedov bo‘g‘ish uslubini qo‘lladi va Makgregor taslim bo‘ldi.

Shundan so‘ng oktagon va uning tashqarisida to‘polon boshlandi.

Hakam Makgregorni Nurmagomedov qo‘llaridan qutqargach, dog‘istonlik sportchi irlandiyalik raqibi tomon bir qancha qo‘pol so‘zlar yo‘lladi.

Xabib og‘zidagi kapani oktagon tashqarisida o‘tirgan Makgregor jamoasi vakili tomon uloqtirdi. U bunga qanoat qilmay, setkadan oshib o‘tdi va Konorning brazilcha jiu-jitsu bo‘yicha ustozi va sparring raqibi, amerikalik jangchi Dillon Denisga tashlandi. Unga jamoa a'zolari, xususan uning menejyeri Rizvan Magomedov qo‘shilishdi.

Bu vaqtda chechenistonlik boshqa bir UFC jangchisi Zubayr Tuxugov oktagonga kirib kelib, Makgregorni do‘pposlay ketdi.

Qayd etish kerakki, Tuxugov 27 oktabr kuni Konorning do‘sti, kelib chiqishiga ko‘ra rus bo‘lgan irlandiyalik sportchi Artem Lobov bilan jang qilishi rejalashtirilgan. Aprel oyida Nurmagomedov Lobovni bir yil oldingi intervyusi uchun tahqirlagandi, shundan keyin Konor Xabib ketayotgan avtobusga hujum qilgandi. Shundan buyon Makgregor va Nurmagomedov o‘rtasida dushmanlik boshlangan.

Oktagonga politsiyachilar kirib kelishdi va janjal bartaraf etildi.

Tribuna ostida ham ikki sportchining muxlislari o‘rtasida mushtlashuv bo‘lib o‘tgan.

Nurmagomedov oktagonga qaytib chiqqach, o‘ziga kamar berilishini talab qila boshladi.

«Men xotirjamman! Men hamisha o‘z raqiblarimni hurmat qilib kelganman, ammo bugun o‘zimni tutib tura olmadim. Kamarimni bering! Menga kamarimni bering va men ketaman. Agar nimanidir xato qilgan bo‘lsam, meni qamoqqa tashlashingiz mumkin! Lekin hozir menga kamarimni bering!», degan u UFC rahbari Deyn Uaytga.

Lekin oktagondan tashqariga chiqib ketib, qoidalarni buzgani uchun Nurmagomedovga chempionlik kamari topshirilmadi, lekin u jang g‘olibi va UFC chempioni sifatida e'lon qilindi.

Sportchilar yangi janjal yuzaga kelmasligi uchun tribuna ostiga olib ketildi.

Ayni vaqtga kelib politsiya Rizvan Magomedovni hamda Xabib Nurmagomedov jamoasining yana ikki a'zosini qo‘lga olgan.

«Xabib qafas tashqarisidagi Makgregor jamoasi a'zolari oldiga otilib chiqdi. Shundan keyin mana shu dahshat boshlandi. Men hozir nima deyishni ham bilmayman. Nurmagomedov jamoasining uch a'zosi qo‘lga olindi, hozir ular qamoqqa olib ketilmoqda», — degan Uayt. 

Mavzuga oid