Sport | 00:59 / 11.10.2018
48232
6 daqiqa o‘qiladi

Ektor Kuper o‘z ishiga jiddiy yondashmoqda. Buni nimalarda ko‘rish mumkin?

Ayni kunlarda O‘zbekiston terma jamoasi Ektor Kuper murabbiyligidagi ikkinchi yig‘inini o‘tkazmoqda. Yig‘in doirasida 13 oktabr kuni KXDR, 16 oktabrda Qatar termalariga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. «Tribuna.uz» sayti milliy jamoa mashg‘ulotlari va argentinalik mutaxassis faoliyatiga oid ba'zi ma'lumotlarni taqdim etdi.

Futbolchilar tushga qadar trenajyer zalida shug‘ullanishyapti. Maydondagi mashg‘ulotlar bir mahal – kechga yaqin 1,5 soat davom etmoqda, shundan so‘ng mehmonxonaga qaytib, yana 1,5 soat davomida basseynda tanani chiniqtirish amaliyotlari tashkil etilyapti.

Xususan, murabbiy ko‘rsatmasiga ko‘ra, futbolchilar har kuni avval 15 daqiqaga muzli vanna qabul qilib, so‘ng saunaga yo‘l olishmoqda. Shundan keyin normal haroratdagi basseynda tiklanish jarayoni olib borilyapti.

«Tribuna.uz» manbasi bergan ma'lumotga ko‘ra, shu maqsadda terma jamoa uchun har kuni 200 kg muz tayyorlash zarurati tug‘ilgan. Natijada ayni paytga kelib O‘FA suvni muz bo‘laklariga aylantiruvchi maxsus qurilmani ijaraga olishiga to‘g‘ri kelgan.

Sayt muxbirining aniqlashicha, bosh murabbiy Ektor Kuperning talabiga ko‘ra, nafaqat o‘yinlardan oldin, balki keyin ham basseyndagi ana shunday uch bosqichli tiklanish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmoqda. Ya'ni terma jamoa a'zolari uchrashuvlardan so‘ng mehmonxonadagi nomerlariga emas, balki avval muzli vanna, sauna va jakuziga borishadi. Bu Yevropaning ko‘plab jamoalarida joriy etilgan jarayon bo‘lib, o‘yinchilarning jismonan tezroq tiklanishlariga yordam beradi. 

Murabbiylar shtabi O‘FA rasmiylaridan Osiyo kubogida ushbu jihatga alohida e'tibor qaratishni so‘ragan. Ma'lum bo‘lishicha, BAAdagi musobaqa tashkilotchilari har bir ishtirokchi jamoaga kuniga 20 kg muz ajratilishini belgilab qo‘ygan va bu asosan jarohatlar uchun foydalanishga mo‘ljallangan. Ammo, yuqorida ta'kidlanganidek, O‘zbekiston delegatsiyasiga muzli basseyn uchun bundan ancha ko‘proq muz kerak bo‘ladi. Shu boisdan terma jamoa mutasaddilari bu muammoni qo‘shimcha xarajatlar evaziga hal qilishni tashkilotchilar bilan kelishib olishgan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston termasining o‘yinlaridan bir kun oldin va bevosita matchdan keyin mehmonxonalarning tegishli bo‘limlari oldindan kamida 1 soatga band qilib qo‘yiladi.

Kuper yig‘in davomida intizom masalasiga juda jiddiy e'tibor qaratmoqda. Argentinalik mutaxassis barcha ishlar shaxsan o‘zining nazoratida va qat'iy tartib bilan bo‘lishini talab qilyapti. O‘yinchilar u aytgan vaqtda uyquga ketishi va uyg‘onishi, hech qanday o‘zboshimchalikka yo‘l qo‘yilmasligini istamoqda. 62 yoshli mutaxassis nafaqat futbolchilarga, balki terma jamoa rahbariyati va federatsiya mutasaddilariga nisbatan ham ancha talabchanlik bilan yondashmoqda.

Manbaning bildirishicha, 6 avgust kuni O‘zbekistonga kelgan Ektor Kuper shundan buyon hali oilasi bag‘riga qaytgani yo‘q. U Toshkentda uy bilan ta'minlangan. Faqat yig‘in vaqtlaridagina terma jamoa bilan mehmonxonada yashamoqda. Yig‘inlardan tashqari vaqtlarda Kuper Superliga o‘yinlarini doimiy ravishda kuzatmoqda. U bir necha marta viloyatlarga chiqib, chempionat uchrashuvlarini ko‘rib qaytgan.

Viloyatlarga safarlari vaqtida O‘zbekiston termasi ustoziga tarjimon va tahlilchi-yordamchisi Mahmud Fayoz Muhammad Shudaf hamrohlik qilmoqda. 36 yoshli misrlik ushbu mutaxassis jamoada jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha yordamchi murabbiy sanaladi. Mahmud Fayoz Superliga o‘yinlari yozilgan disklar yordamida termaga nomzod futbolchilarning jismoniy faolligiga baho bermoqda, xususan, qaysi futbolchi qancha masofa yugurgani bo‘yicha Kuperga statistik hisobot berib turibdi. Murabbiylar o‘yinlar tahlili vaqtida muayyan vaziyatlarda (stop-kadrlar yordamida) nomzod futbolchining to‘psiz holatda tanlagan pozitsiyasiga alohida e'tibor qaratmoqda.

Terma jamoaga yaqin manbaning ta'kidlashicha, ikkinchi yig‘inda ham maydondagi mashg‘ulotlar har kuni har xil tarzda tashkil etilmoqda. Bir kun qo‘llanilgan mashqlar majmui ertasiga aynan takrorlanmayapti. Darvozabonlar bu safar, birinchi yig‘indan farqli o‘laroq, diametri kichikroq to‘plar bilan ham shug‘ullana boshlashdi (suratda).

O‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari, avval xabar qilinganidek, Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti stadionida o‘tkazilyapti. Terma jamoa «City Palace» mehmonxonasida istiqomat qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq to‘liq tarkibda o‘tgan ilk mashg‘ulotlardan fotoreportaj taqdim etilgan, jarohatlar sabab tarkibda ro‘y bergan o‘zgarishlar ma'lum qilingan edi.

Mavzuga oid