O‘zbekiston | 11:23 / 12.10.2018
5975
3 daqiqa o‘qiladi

Islandiyada ming kishiga 796 gazeta to‘g‘ri keladi, bizda-chi?

Foto: O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi

2018 yil 11 oktabr kuni “Do‘rmon“ ijod uyida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi bilan hamkorlikda “Hududiy ommaviy axborot vositalarining holatini yaxshilash bo‘yicha taklif va tavsiyalar” mavzusida o‘quv-seminari o‘tkazildi.

Tashkil etilgan muloqotda mamlakatda so‘nggi yillarda ommaviy axborot vositalari, xususan, bosma nashrlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani, sohani rivojlantirishga doir qator qonun hujjatlari qabul qilingani ta'kidlandi. Ayni paytda sohada obuna, moddiy-texnik baza va kadrlar bilan bog‘liq jiddiy muammolar mavjudligiga e'tibor qaratildi. 

Seminarda tahririyatlarni iqtisodiy jihatdan yuksaltirish, gazetalarni mazmunan boyitish, saviyasi va o‘qishliligini oshirish, jurnalistlarning kasb malakasini yuksaltirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi. Shuningdek, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi. 

Ma'lumot uchun aytish kerakki, bugungi kunda mamlakatda 665 gazeta o‘rtacha 4 million nusxada chop etilishini inobatga olsak, bosma nashrlarning o‘quvchilarni qamrab olish darajasi ancha past ekani oydinlashadi. O‘z navbatida, ushbu holat bosma nashrlar, ayniqsa, tuman va shahar gazetalari uchun iqtisodiy jihatdan murakkab vaziyatni yuzaga keltirmoqda. 

Internet taraqqiy etgan ayni axborot zamonida bu ko‘rsatkich Islandiyada har ming nafar aholiga qariyb 796 gazeta to‘g‘ri keladi va bu dunyo mamlakatlari orasidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Bu borada Yaponiya 634dan ziyod ko‘rsatkich bilan ikkinchi o‘rinni egallaydi. Osiyo qit'asining yana bir vakili – Janubiy Koreyada esa har ming o‘quvchiga qariyb 450 gazeta to‘g‘ri keladi. Xo‘sh, O‘zbekistonda-chi? 

Bir tomondan internet jurnalistika axborot makonini egallayotgan, boshqa tomondan obuna masalasi tobora og‘irlashib borayotgan mana shunday murakkab sharoitda nima qilish kerak? Gazetalar adadini qanday ko‘paytirish mumkin? Qachonki, gazeta sahifalarida hududlardagi dolzarb, aholini qiynab kelayotgan yoki ular uchun ham manfaatli bo‘lgan mavzular ochiq-oydin yoritilsa, mavjud muammolar yuzasidan tahliliy-tanqidiy materiallar muntazam berib borilsa, shu bilan birga, faoliyatga yondashuvni o‘zgartirib, bozor tamoyillaridan kelib chiqqan holda, marketing ishlari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsagina gazetalar adadi ortadi. Bu esa bosma nashrlarning iqtisodiy jihatdan mustaqil bo‘lishini ta'minlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid