Sport | 18:30 / 14.10.2018
8266
3 daqiqa o‘qiladi

Kokorin va Mamayev tergov izolyatorida mashg‘ulot o‘tkazishga ruxsat so‘raydi

© Artem GeodakyanTASS

Bezorilik uchun hibsga olingan rossiyalik futbolchilar Aleksandr Kokorin va Pavel Mamayev «Butyrka» tergov izolyatorida mashqlar o‘tkazishlari uchun ruxsat berilishini so‘rab ariza yozadi. Bu haqda TASS axborot agentligi Moskva Jamoatchilik kuzatuvi komissiyasi mas'ul kotibi Ivan Melnikovga asoslanib xabar bermoqda.

Futbolchilar hamda Kokorinning ukasi Kirill Moskva shahridagi 2-sonli tergov izolyatori karantin kameralarida saqlanmoqda. Melnikovning aytishicha, ular oddiy kameraga ko‘chirilgach, mashg‘ulot zaliga kirishlariga ruxsat berilishini so‘rashmoqchi.

«Butyrka» tergov izolyatoriga tashrif vaqtida Jamoatchilik kuzatuvi komissiyasi Kokorin va Mamayevga bu yerda sport trenajyorlari bilan jihozlangan xonalar mavjudligi, u yerda soatiga 400 rubldan to‘lab, shug‘ullanish mumkinligi, faqat buning uchun izolyator rahbaridan ruxsat olish lozimligi haqida aytishgan. Futbolchilar karantin kamerasidan oddiy kameraga ko‘chirilgach, rahbariyatga mashg‘ulotlar uchun maxsus xonalaridan foydalanish bo‘yicha murojaat qilishmoqchi», degan u. Futbolchilar ko‘p bilan 10 kun davomida karantin xonasida bo‘lishadi.

Melnikovning aniqlik kiritishicha, gap to‘laqonli mashg‘ulot zalida ketmayapti. Bu xonalar maydoni taxminan 30 kv m hajmga ega bo‘lib, u yerdagi jihozlar eskirgan. Lekin bu yerda futbolchilar mushaklarini chiniqtirishi, yugurish yo‘lakchasidan foydalanishi va haftasiga bir martadan ko‘proq cho‘milishlari mumkin.

Moskvadagi Tver sudi o‘tgan hafta o‘rtasida «Zenit» hujumchisi Aleksandr Kokorin hamda «Krasnodar» yarimhimoyachisi Pavel Mamayevni, shuningdek, Kokorinning ukasi Kirill Kokorinni 2 oy muddatga hibsga olish haqida qaror qabul qildi. 

8 oktabr kuni ular Moskva markazida ikkita janjalli voqea ishtirokchilari bo‘lishgandi. Ular avvaliga Brest ko‘chasida «Perviy kanal» boshlovchisi Olga Ushakovaning haydovchisini kaltaklashgandi. Keyinroq Nikita bulvaridagi kafeda Savdo va sanoat vazirligi amaldori Denis Pakka hujum qilishgan. Moskva shahri politsiyasi ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kaltaklash) va 213-moddasining 2-qismi (Oldindan kelishilgan holda bezorilik) bo‘yicha jinoiy ish ochgan.

Ayblanuvchilarga 7 yillik qamoq jazosi tahdid solmoqda.

Mavzuga oid