Sport | 18:00 / 14.10.2018
17830
2 daqiqa o‘qiladi

Nurmagomedov yarim yilga diskvalifikatsiya qilinishi va jarimaga tortilishi mumkin

© Musa Salgereyev/TASS

UFC jangchisi Xabib Nurmagomedovga nisbatan 6 oylik diskvalifikatsiya hamda 350 ming dollar miqdorida jarima qo‘llanishi mumkin. Bu haqda TASS agentligi jangchining otasi Abdulmannop Nurmagomedovga asoslangan holda xabar tarqatgan.

«Biz sanksiyalar kutmoqdamiz. Menimcha diskvalifikatsiya muddati 4 oydan 6 oygacha bo‘ladi. Unga belgilangan gonorar muzlatilgan, qolaversa, 350 ming dollarlik jarima qo‘llanishi mumkin. Bizda menejment bor, yuristlar, mutaxassislar bor, vaziyatni mulohaza qilib ko‘ramiz», degan u.

7 oktabrga o‘tar kechasi Nurmagomedov yengil vazndagi UFC chempioni kamarini himoya qilish uchun irlandiyalik sobiq chempion Konor Makgregorga qarshi jang qildi. Jangning 4-raundida u raqibni bo‘g‘ish uslubi bilan taslim etdi. Shundan keyin Nurmagomedov o‘zini tutib tura olmadi va oktagondan chiqib, Makgregorning tarafdorlariga hujum qildi. Uning tarafdorlari esa oktagon ichida qolgan Makgregorga tashlanishdi. 

Ayni vaqtda jang o‘tgan Nevada shtati sport komissiyasi jang uchun rossiyalik sportchiga va'da qilingan 2 million dollar miqdoridagi gonorarni muzlatib qo‘ygan va tekshiruv ishlari olib bormoqda. Nurmagomedov Amerika vizasidan mahrum etilishi ham mumkin.

Mavzuga oid