O‘zbekiston | 18:06 / 15.10.2018
20635
6 daqiqa o‘qiladi

Ekspert fikri: Uyni buzganda faqat mulkdorgina kompensatsiya olishga haqli

So‘nggi vaqtlarda Uy-joy kodeksining 27- va 28-moddalariga kiritilgan o‘zgartirishlar faol muhokama qilinmoqda. Ularga muvofiq, yer uchastkasini davlat yoki jamoatchilik ehtiyojlari uchun olish maqsadida uy (kvartira) buzilganda kompensatsiya faqat mulkdorga taqdim etiladi. Bundan avval mazkur moddalar nafaqat mulkdorlar, balki ularning oila a'zolari hamda bu uyda doimiy yashovchi fuqarolarga ham kompensatsiya to‘lanishini ko‘zda tutar edi.

Ushbu o‘zgarishlar atrofida nima uchun shuncha gap-so‘z chiqayotgani va noroziliklar bildirilayotgani biroz tushunarsiz. Yuridik nuqtayi nazaridan, mazkur o‘zgarishlarni kiritish yo‘li orqali mulkdor bilan doimiy yashab kelayotgan shaxslar huquqlari buzilayotgani yo‘q, lekin mulkdorning kompensatsiyaga nisbatan qonuniy huquqiga aniqlik kiritilmoqda va kafolatlanmoqda. O‘z pozitsiyamni quyidagi dalillar bilan izohlayman.

Birinchidan, Uy-joy kodeksiga o‘zgartirishlar kiritishdan oldin qonunchilikda buziladigan uy o‘rniga faqat mulkdorga kompensatsiya berilishini ko‘zda tutuvchi me'yorlar o‘rnatilgan edi. Xususan, fuqarolar huquqiy munosabatlarining barcha sohalarini tartibga soluvchi qonunchilik hujjati hisoblanuvchi Fuqarolik kodeksida (206-modda) yer uchastkasi buzilganda mulkdorga (boshqa shaxslarga emas) yetkazilgan zararlarni teng qoplovchi mulk taqdim etilishi belgilangan. Shuningdek "Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida"gi Qonunning 19-moddasida ham shunday me'yor  nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, Uy-joy kodeksining 27-moddasiga o‘zgartirish kiritilishidan oldin xuddi shu modda bilan buzilayotgan uy va taqdim etilayotgan uy bahosi o‘rtasidagi farq mulkdorga (yoki taqdim etilayotgan uy narxini oshirgan taqdirda mulkdor tomonidan) kompensatsiya sifatida to‘lanishi ko‘zda tutilgandi.

Shundan kelib chiqib, Uy-joy kodeksiga o‘zgartirish kiritish yo‘li orqali qonunchilik hujjatlari tizimi o‘zaro muvofiqlashtirilganiga oid xulosa qilish mumkin. Shuni inobatga olish lozimki, xorij (masalan, RF, Ozarboyjon, Qozog‘iston) qonunchiligida ham yer uchastkalari buzilishi munosabati bilan yetkazilgan zarar faqat mulkdorga to‘lanadi.

Ikkinchidan, Uy-joy kodeksining 27- va 28-moddalarida foydalanilgan tushunchalar qonunni amaliyotda qo‘llash jarayonida noaniqlik va nomuvofiqliklarga olib kelardi. O‘zgartirilgan moddaning avvalgi tahrirlarida "shuningdek bu uylarda doimiy yashovchi fuqarolarga" tushunchasi qo‘llangan. Mazkur moddada ushbu uylarda doimiy istiqomat qiluvchi kishilar qanday jihatlarga qarab aniqlanishi (doimiy propiska bo‘yichami yoki yashash joyi bo‘yicha) belgilab berilgan. Amaliyotda uy buzilish vaqtida doimiy propiskasi bo‘lgan va unda yashovchi shaxslar hisobga olingan.

Bunda propiskaning mavjudligi ular uy mulkdorlari hisoblanishini bildirmaydi. Propiska - fuqarolarni ro‘yxatga qo‘yish usuli bo‘lib, u shaxsga muayyan joyda yashash huquqini beradi. Bundan tashqari, buziladigan uyda doimiy yashovchi shaxs qanday qilib uy-joy mulkdori hisoblanmay turib, bu uy buzilishiga kompensatsiya olishi tushunarsiz.

Uchinchidan, avvalgi tahrir huquqni suiiste'mol qilish uchun sharoitlar yaratgan. Mulkdor va uyda yashovchi shaxslar o‘rtasidagi kompensatsiyalarni hisoblashga doir qonuniy belgilangan mexanizm yo‘q edi. Kompensatsiya summasini qanday taqsimlash kerakligi noaniq edi: bu uylarda yashovchi barcha kishilar uchun proporsionalmi yoki faqat mulkdorning o‘ziga. Buning natijasida mulkdor o‘ziga tegishli kompensatsiyaning to‘liq summasini qo‘lga kirita olmas edi.

Endilikda yer uchastkasini buzish uchun kompensatsiya to‘lash tartibi aniqlashtirildi va mulkdorlar tomonidan ham, hokimliklar tomonidan ham qonunbuzarliklarning oldi olinishiga yo‘naltirildi. Bundan keyin uy buzilishi munosabati bilan kompensatsiya to‘lashga doir muzokaralar faqat mulkdor bilan olib boriladi va kompensatsiya turi tanlovi unga bog‘liq bo‘ladi.

Ta'kidlash joizki, ushbu o‘zgarishlar buzilayotgan uy mulkdorlari oila a'zolari hamda shu uylarda doimiy yashovchi fuqarolar huquqlarini kamsitmaydi. Masalan, uy-joy bahosiga teng ko‘chmas mulk taqdim etilayotganda bu uylarda doimiy yashovchi fuqarolar huquqlari inobatga olinadi, ya'ni taqdim etilayotgan uy-joy maydoni ijtimoiy normalardan kam bo‘lmasligi kerak. Ijtimoiy normalarga muvofiq keluvchi uy-joy taqdim etilgan bo‘lsa-yu, lekin buzilayotgan uy taqdim etilayotgan uydan arzonroq bo‘lsa, u holda mulkdor 5 yil davomida o‘rtadagi farqni to‘lashi kerak. Agar buzilayotgan uy taqdim etilayotgan uydan qimmatroq bo‘lsa, u holda farq mulkdorga kompensatsiya sifatida to‘lanadi.

Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, qonunchilik tomonidan kompensatsiyaning adolatli tartibi o‘rnatilgan, ya'ni buzilayotgan turar-joy uchun uning bozor narxi to‘lanadi. Bundan tashqari, mulkdorning yer uchastkasini buzishga doir zararlari (masalan, ko‘chish bilan bog‘liq xarajatlar va b.) qoplanadi.

So‘zim yakunida shuni ta'kidlamoqchimanki, bugunga kelib davlat va jamoatchilik ehtiyojlari uchun uy-joy buzilishi holatlarida mulkdorlar va ularning oila a'zolari huquqlari qonunchilik bilan himoyalangan.

Mustaqil ekspert
Komil Qahramonov

Mavzuga oid