O‘zbekiston | 12:40 / 15.10.2018
97445
2 daqiqa o‘qiladi

Paxta-2018. 10 nafar hokim ishini yo‘qotishi mumkin

2018 yilgi paxta terimi mavsumida sustkashlikka yo‘l qo‘ygani, paxta terimiga yetarli miqdorda terimchilar jalb eta olmagani uchun respublika bo‘ylab 10ta tuman va shahar hokimlari ishdan bo‘shatilishi mumkin. 

«Kun.uz» manbasi xabar berishicha, 14 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida bo‘lib o‘tgan paxta yig‘im-terimiga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishda viloyat hokimlariga 15 oktabr kunigacha 10 nafar hokim bo‘yicha taqdimnoma kiritish topshiriq qilingan.

Ya'ni, bu hokimlar yig‘ilish vaqtida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishdan olinmagan, viloyat hokimlari ular to‘g‘risida taqdimnoma kiritgach, ishdan ketishi mumkin.

Manbaning ma'lum qilishicha, ishini yo‘qotishi xavfi ostida qolgan hokimlardan biri Angren shahri hokimi Hakimjon Abdulazizovdir. O‘zbekiston favqulodda vaziyatlar vazirining sobiq o‘rinbosari hisoblangan Abdulazizov 2017 yilning sentabrida Angren shahri hokimiga aylangandi.

Bundan avvalroq yig‘ilish vaqtida 100dan ortiq mahalliy rahbarlarga (tuman hokimlari, tuman prokurorlari, tuman IIB boshliqlari va tuman DSI boshliqlari) paxta sabab intizomiy choralar qo‘llangani (ularning bir qismi ishdan olingan, bir qismiga hayfsan berilgan yoki ikki oylik maoshidan mahrum etilgan) haqida xabar qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, 12 oktabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Bo‘ka tumaniga tashrif buyurib, paxta terimini ko‘zdan kechirgandi. Prezident tashrifi davomida qator kamchiliklar aniqlangan. Ayrim davlat amaldorlarining faoliyati tanqidga uchragan.

Tashrifi yakunida viloyatdagi 5 tuman hokimi ikki oylik maoshidan mahrum qilingan.

Mavzuga oid