Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
21 qurbon, 50dan ortiq yarador: Kerchdagi voqea haqida kim nima demoqda?
17 oktabr kuni Rossiya tomonidan annektsiya qilingan Qrimning Kerch shahrida dahshatli fojia yuz berdi. Shahardagi politexnika kollejida sodir etilgan portlash va otishma oqibatida ko‘plab kishilar halok bo‘ldi.
Nima bo‘ldi?
17 oktabr kuni Kerchdagi politexnika kollejida 21 kishi halok bo‘ldi, ularning aksariyati talabalar edi. Bundan tashqari, 50dan ortiq kishi jarohatlandi. Voqea guvohlarining so‘zlariga ko‘ra, o‘quv muassasasida avvaliga portlash bo‘lgan, so‘ngra o‘q ovozlari yangragan.
Voqea nima deb baholandi?

Avvaliga kollejda gaz portlagani va 10 kishi halok bo‘lgani haqida xabar qilindi, keyinroq esa bino gazlashtirilmagani ma'lum bo‘ldi. So‘ngra guvohlar va omon qolgan talabalar noma'lum shaxs kollejda portlash uyushtirgani va otishma sodir etganini bildirishdi. Kollejga hujum amalga oshirilishidan bir necha daqiqa oldin u yerdan ketgan kollej direktori Olga Grebennikova Kerch.com.ru nashriga kollejning ikkinchi qavatida bir necha qurollangan shaxs otishma uyushtirganini bildirdi. Yana ayrim guvohlar ham hujum qilganlar bir necha kishi bo‘lganini aytishdi.
Misr prezidenti bilan uchrashuv o‘tkazayotgan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga voqea haqida zudlik bilan xabar qilindi. Muzokaralarning tantanali qismidan voz kechgan Putin Sog‘liqni saqlash vazirligi, FVV va FXXga kerakli topshiriqlarni berdi. Yarimorolga Moskvadan tergovchi va kriminalistlar, tegishli vazirliklar rahbarlari yo‘l olishdi.
Oradan bir necha soat o‘tgach, Milliy antiterror qo‘mitasi kollejdagi portlash «portlovchi qurilma orqali» amalga oshirilganini ma'lum qildi, tergov qo‘mitasi esa «terrorchilik hujumi» moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Bu vaqtda fojia oqibatida 13 kishi halok bo‘lgani ma'lum edi.
Soat 15ga kelib Qrim rahbari Sergey Aksenov yangi raqamlarni e'lon qildi: 18 kishi halok bo‘lgan, 50ga yaqin kishi jarohatlangan. Kollejdagi qotillikni shu dargohning 4-bosqich talabasi amalga oshirganini ma'lum qildi. U kollej kutubxonasida o‘zini o‘ldirgan. Aksenovning so‘zlariga ko‘ra, u bir o‘zi harakat qilgan.
Shundan so‘ng tergov qo‘mitasi jinoyat ishini «ikki va undan ortiq insonning joniga qasd qilish» deb qayta tasnifladi.
Gumondor kim edi?
Ommaviy axborot vositalari gumondor shaxsiga oid ma'lumotlarni aniqladi. U Vladislav Roslyakov bo‘lib, kollejning «sanoat va fuqarolik inshootlariga elektr jihozlarini o‘rnatish va foydalanish» bo‘limida tahsil olgan. Internetda e'lon qilingan fotosuratda kollej zinasida qo‘lida qurol ushlagan yigit surati tasvirlangandi. Uning qo‘lidagi qurol Turkiyada ishlab chiqarilgan Khan Arms A-Tac Tactical pump avtomati ekanligi ma'lum bo‘ldi. Internet foydalanuvchilari Roslyakovning tashqi ko‘rinishi Koloradodagi «Kolumbayn» maktabida ommaviy qotillik sodir etgan salbiy qahramonga o‘xshab ketishiga e'tibor qaratishdi.
Soat 18ga kelib halok bo‘lganlar soni 19 kishiga yetgani ma'lum qilindi: bir kishi kasalxonada vafot etgan.
Shuningdek, OAV kollejda yana bir portlovchi qurilma topilgani va zararsizlantirilgani haqida xabar tarqatdi.
Hozirda vaziyat qanday?
Eng so‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, voqea oqibatida 21 kishi – o‘n olti nafar talaba va besh nafar kollej xodimi halok bo‘lgan. Ellikdan ortiq kishi jarohatlangan.
Qrim hukumati halok bo‘lganlar va jabrlanganlarning oila a'zolari va yaqinlariga kerakli yordam ko‘rsatilishini ma'lum qildi. Halok bo‘lganlarning oilalariga bir million, jarohatlanganlarning yaqinlariga besh yuz ming rubldan pul beriladi.
Qrimda uch kunlik motam e'lon qilindi. Sergey Aksenov Kerchdagi barcha maktab va bog‘chalar Rosgvardiya xodimlari tomonidan qo‘riqlanishini ma'lum qildi.
«Kerch shahridagi har bir maktab va bog‘cha oldida Rosgvardiyaning ikki nafardan qurollangan xodimi turadi», - dedi u jurnalistlar va jabrlanganlarning yaqinlari bilan suhbatda.
Sergey Aksenov bunday jinoyatlarning sababi «har qanday narsani topish mumkin bo‘lgan axlatxonalar - ijtimoiy tarmoqlar» ekanligini bildirdi.
«Biz bunday voqea takrorlanmasligi ustida ishlaymiz. Bunday holat boshqa bo‘lmasligi darkor. Ijtimoiy tarmoqlar bugungi kunda istagan narsani topish mumkin bo‘lgan axlatxonalardir. Ularni mana shu tarmoqlar shu darajaga olib kelmoqda», — dedi Aksenov.
Rossiya FSB (Federal xavfsizlik xizmati) ushbu voqeadan keyin internet ustidan nazorat o‘rnatishni talab qildi.
«Biz professionallar kiberxavfsizlik organlar nazoratida turishi kerak deb hisoblaymiz. Busiz axborot xavfsizligini ta'minlab va zamonaviy terroristik tahdidlarga qarshi muvaffaqiyatli kurashib bo‘lmaydi», degan FSB direktori o‘rinbosari Sergey Smirnov.
Rossiyadagi maktablarda ilgari ham shunday holat bo‘lganmi?
So‘nggi besh yil davomida Rossiyadagi o‘quv muassasalarida qurol ishlatilishi bilan bog‘liq 10dan ortiq hodisa qayd etilgan.
2013 yil 31 yanvarda Krasnoyarskdagi 129-maktabda yuqori sinf o‘quvchilaridan biri o‘zaro janjal davomida o‘quvchilardan biriga pnevmatik to‘pponchadan o‘q uzib unga jarohat yetkazgan.
2013 yil 23 oktabrda Moskvadagi 702-maktabda o‘quvchilardan biri travmatik to‘pponchadan sport zali oynalarini o‘qqa tutgan. O‘qlardan biri devorga tegib qaytib, o‘quvchilardan birini jarohatlagan.
2013 yil 29 oktabrda Novgoroddagi 4-gimnaziyada o‘quvchilardan biri sinf doskasiga travmatik to‘pponchadan o‘q uzgan. O‘q doskaga urilib, o‘quvchilardan birini yaralagan.
2014 yil 3 fevralda Moskvadagi 263-maktabga o‘quvchilardan biri o‘qotar qurol bilan kelgan. U geografiya o‘qituvchisiga o‘q uzgan, o‘qituvchi kasalxonada vafot etgan. So‘ngra maktabga yetib kelgan politsiyachilarni o‘qqa tutgan va politsiyachilardan biri og‘ir jarohatlangan, ikkinchisi halok bo‘lgan. O‘quvchi otasining iltimosi bilan politsiyaga taslim bo‘lgan.
2015 yil 20 martda Tomskdagi 64-maktabda to‘qqizinchi sinf o‘quvchisi pnevmatik to‘pponchadan o‘q uzib ikki o‘quvchiga jarohat yetkazgan.
2015 yil 30 noyabrda Saratovdagi 62-litseyda o‘quvchilardan birining otasi karate bo‘yicha mashg‘ulot o‘tkazayotgan murabbiy bilan tortishib qolib to‘pponchadan o‘q uzgan. Murabbiy halok bo‘lgan, yana ikki kishi jarohatlangan.
2016 yil 23 sentabrda Suksun shahridagi 1-maktab o‘qituvchisi pnevmatik to‘pponchadan o‘quvchilarga qarat o‘q uzishi natijasida bir bola jarohatlangan. U o‘quvchilar ogohlantirishlarga qaramasdan sigaret chekishgani uchun shunday qilganini aytgan.
2017 yil 11 fevralda Nijnekamskdagi 1-maktabning 14 yoshli o‘quvchisi pnevmatik to‘pponchadan partadoshining ko‘ziga o‘q uzishi oqibatida jarohatlangan o‘quvchi kasalxonada vafot etgan.
2017 yil 12 mayda Usinskdagi 2-maktabda o‘quvchilardan biri pnevmatik to‘pponchadan o‘quvchilarni o‘qqa tutgan. Bir qiz jarohatlangan.
2017 yil 5 sentabrda Ivanteyevka shahridagi 1-maktabning 15 yoshli o‘quvchisi sinfda o‘q uzadi va o‘qituvchiga bolta bilan hujum qilgan.
2018 yil yanvarda Permdagi maktablardan birida pichoqlar bilan qurollangan ikki o‘smir 15 kishini yaralagan, Ulan-Udeda esa o‘smir bolta bilan olti o‘quvchi va o‘qituvchiga jarohat yetkazgan.
AQShda vaziyat qanday?

Qayd etilishicha, AQSh maktablarda otishmalar sodir etilishi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Quyida keyingi 19 yildagi voqealar tafsilotlari keltirilmoqda.
2018 yil
14 fevralda Parklend shahridagi maktabda otishma sodir bo‘lgan. Okrug sherifi 17 kishi halok bo‘lganini ma'lum qilgan. Otishmani shu maktabning sobiq o‘quvchisi 19 yoshli Nikolas Kruz amalga oshirgan.
1 fevral kuni Los-Anjyelesdagi maktablardan birida o‘quvchi qiz sinfxonada otishma uyushtirishi oqibatida ikki o‘quvchi yaralangan.
23 yanvarda Kentukki shtatidagi maktabda yuz bergan otishmada ikki kishi halok bo‘lgan va 19 kishi jarohatlangan.
22 yanvar kuni Ellis okrugidagi maktabda o‘q uzilishi oqibatida bir kishi yaralangan.
2017 yil
7 dekabrda Atstek shahridagi maktabda otishma yuz bergan. Ikki kishi qurbon bo‘lgan.
14 noyabr kuni Texama okrugidagi maktabda bir erkak otishma sodir etgan. To‘rt kishi halok bo‘lgan, uch bola va bir kishi jarohat olgan.
13 sentabrda Vashington shtatidagi Freeman High School maktabidagi otishmada bir kishi halok bo‘lgan, to‘rt kishi yaralangan.
10 aprel kuni San-Bernardino okrugidagi boshlang‘ich maktabda noma'lum shaxs o‘q uzishi oqibatida bir o‘qituvchi va bir o‘quvchi halok bo‘lgan, yana bir o‘quvchi yaralangan.
2016 yil
6 may kuni Merilend shtatidagi maktabda sodir bo‘lgan otishma oqibatida bir kishi halok bo‘lgan va bir kishi jarohatlangan.
12 fevral kuni Glendeyl shahridagi maktabda ikki qiz o‘qotar quroldan halok bo‘lgan.
2014 yil
24 oktabr kuni Merisvill shahridagi maktabda 14 yoshli Jyeylin Frayberg maktab oshxonasida o‘q uzgan. Natijada bir kishi o‘sha yerning o‘zida halok bo‘lgan, yetti kishi turli darajada tan jarohati olgan va ulardan ikki nafari kasalxonada vafot etgan. O‘q uzgan bola o‘z joniga qasd qilgan.
2012 yil
14 dekabrda yigirma yoshli Adam Lanza «Sendi Huk» maktabida 28 kishini otib tashlagan, ulardan 20 nafari besh-o‘n yoshli bolalar bo‘lgan. Qotil keyin o‘zini otib o‘ldirgan.
2011 yil
5 yanvarda Omaxa shahridagi Millard High School maktabida 17 yoshli Robert Batler otishma sodir etgan. Natijada ikki kishi qurbon bo‘lgan, bir kishi jarohat olgan.
2007 yil
10 dekabr kuni Denverdagi maktablardan birida noma'lum shaxs o‘q uzishi oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan, ikki kishi jarohatlangan.
1999 yil
20 aprel kuni Jyefferson okrugidagi «Kolumbayn» maktabida ikki o‘quvchi o‘qotar qurol va portlovchi qurilma bilan qurollanib o‘quvchilarga hujum qilgan. Ular 37 kishini jarohatlashgan, jarohatlanganlardan 13 nafari vafot etgan. Shundan so‘ng qotillar o‘z jonlariga qasd qilishgan.
Mavzuga oid
20:12 / 22.05.2025
MRB shtab-kvartirasi yaqinida otishma sodir bo‘ldi
20:02 / 13.05.2025
Meksikada merlikka nomzod saylovoldi mitingida otib ketildi
19:05 / 05.05.2025
Dog‘istondagi otishmada uch politsiyachi halok bo‘ldi
16:21 / 28.04.2025