O‘zbekiston | 22:30 / 19.10.2018
94611
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston kelajagi: «Rossiya yo Amerika?»

Foto: RBK-Ukraina

Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin 18-19 oktabr kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan keldi. Tashrif doirasida qator hujjatlar to‘plami imzolandi va katta loyihalarga start berildi.

Ikki davlat rahbarlarining bu uchrashuvi ortidan aholi orasida, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘tarinki kayfiyat paydo bo‘lganini qayd etish mumkin. Vladimir Putinning tashrifi ko‘pchilik nazarida O‘zbekiston uchun ulkan imkoniyatlar yaratishini bildirdi, o‘zaro munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilishidan umid qilindi.

Bu bejizga emas albatta. Rossiyadagi muhojirlar orasida o‘zbekistonliklar son jihatdan birinchi o‘rinda turadi va ular o‘z oilalariga jo‘natayotgan pullar miqdori bir necha milliardlarni tashkil qiladi. Rossiya O‘zbekiston mahsulotlarining yirik eksportyori hisoblanadi. Hududning jiddiy muammosi bo‘lgan Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish jarayonida ham Rossiyaning o‘rni muhim.

Shu bilan birgalikda, ijtimoiy tarmoqlarda bu hamkorlikni Rossiyaga ergashish, qaram bo‘lib qolish deya baholovchilar, Rossiya o‘rniga AQSh bilan munosabatlarni rivojlantirish zarurligini ta'kidlovchilar ham talaygina. Yoki aksincha, Rossiya bilan munosabatlarni yanada rivojlantirib, AQShni unutishga chorlovchilar ham ko‘pchilikni tashkil qilmoqda va bu ikki guruh o‘ziga xos dalillar bilan ijtimoiy tarmoqlarni to‘ldirgancha bir-birlari bilan bahslashmoqda.

Umuman, hamkorlik vektorini belgilashda «Rossiya yoki Amerika?» degan savolga javob topish shart, yoki shu «ikki buyuk davlatdan birini tanlash va aynan o‘sha bilan munosabatlarni rivojlantirish zarur» deb hisoblovchilar hali-hanuz juda ko‘pchilik.  

Yigirma birinchi asrning dastlabki yigirma yilligi ham yakuniga yetayotganda, zamon siyosati o‘tgan asrga nisbatan butunlay boshqacha qiyofaga kirayotgan bir paytda bunday fikrlash eng kamida kulgilidir.

O‘zbekiston har bir davlat bilan o‘z manfaatlari doirasida o‘zaro hamkorlik qilmoqda va shunday qilishda davom etadi ham!

Sabablar:

1. Bugungi kunga kelib jahon faqat ikki davlatga bog‘lanib qolmagan va dunyo ko‘p qutbli hisoblanadi. Hozir faqat Rossiya va AQSh emas, Yevropa Ittifoqi va uning alohida yirik davlatlari, shuningdek, Xitoy, Yaponiya, Hindiston kabi malakatlar ham dunyo siyosatining «og‘ir vaznli» ishtirokchilari hisoblanishadi;

2. Shuncha ziddiyatlar, sanksiyalar hamda turli xil siyosiy qarashlarga qaramay, ko‘pchilik bir-biriga miltiq tirab turgan ikki dushman sifatida ko‘ruvchi Rossiya va AQSh o‘rtasida muntazam rivojlanib borayotgan munosabatlar ham bor. Bu davlatlarni kosmik tadqiqotlar, qurol savdosi, ekstremizmga, xususan IShIDga qarshi kurash, Yaqin Sharq masalalari, kundan-kunga qudrati oshib borayotgan Xitoy, Suriya muammosi, dunyoning yadro xavfsizligi, ikki Koreyaning asriy ziddiyatiga yechim izlash, yakuni ko‘rinmayotgan Afg‘oniston va Iroqdagi urushlarni hal etish kabi jihatlar bog‘lab turadi. Bundan tashqari, iqtisodiy omillar ham mavjud – birgina 2017 yil yakunlariga ko‘ra ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 14,5 foizga ortib, 23,2 millard dollarga yetgan. Ya'ni, Rossiya AQShning yirik bozori bo‘lgani kabi AQSh ham Rossiyaning salohiyatli importyoridir;

3. Hozir hech bir davlat o‘tgan asrlarda kuzatilganidek, «Kommunizm yoki kapitalizm?» prinsipida ish yuritmaydi. Hatto butun siyosatini, davlatining bosh mafkurasini AQShga qarshi kurashda jasorat ko‘rsatish asosida qurgan Shimoliy Koreya ham so‘nggi yillarda ikki tomonlama munosabatlarni yaxshilash yo‘lida bir qancha qadamlar qo‘ydi. Ikki davlat rahbarlari uchrashdilar va yana oliy darajadagi uchrashuvni rejalashtirmoqdalar. AQShga bo‘ysunmaydigan Eron ham bevosita bo‘lmasa-da, bilvosita munosabatlarni saqlashga majbur;

4. Rossiya ham Qrim muammosi ortidan ko‘p masalalarda yakkalanib qolgan, so‘nggi paytlarda uzluksiz sanksiyalarga uchrayotgan bo‘lsada har bir tarafdorga alohida e'tibor qaratadi va faqat o‘zigagina sodiqlikni talab qilmaydi. O‘z navbatida AQSh ham bunday imtiyozni so‘rash mantiqqa to‘g‘ri kelmasligini yaxshi anglaydi.

Prezident Mirziyoyevning qisqa muddat ichida har ikki davlat rahbarlari bilan bevosita va oliy darajada uchrashgani bu fikrlarning isbotidir. Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonning tashqi siyosatini belgilashda «unisi yoki bunisi» degan prinsipda fikrlash mutlaqo noto‘g‘ri – har ikki davlatning turli masalalarda takrorlanmas o‘rni bor.

Abror Zohidov

Mavzuga oid