Iqtisodiyot | 14:50 / 20.10.2018
16304
2 daqiqa o‘qiladi

Banklarning ochiq valyuta mavqei: qoidalarga tuzatish kiritildi

Foto: Xinhua

Markaziy bank Boshqaruvining qarori bilan Ochiq valyuta mavqeini yuritish qoidalariga o‘zgartirishlar kiritildi, deb yozmoqda Norma.
 
Ma'lumot uchun: Sodda qilib aytganda, valyuta mavqei – bank o‘z kontragentlaridan qarzga olgan chet el valyutasidagi summa bilan bank ulardan talab qilishga haqli bo‘lgan chet el valyutasidagi talablar summasi o‘rtasidagi nisbat. Ushbu summalar bir-biriga teng bo‘lmagan vaziyat (disbalans) ochiq valyuta mavqei deb nomlanadi. Bankning chet el valyutasidagi qarzi talablaridan ko‘ra ko‘p bo‘lsa, bunga qisqa valyuta mavqei deyiladi. Aksincha bo‘lsa – uzun valyuta mavqei.
 
Ochiq valyuta mavqei, ayniqsa valyutalar kursi o‘zgargan paytda, tijorat banklarining moliyaviy holatiga ta'sir ko‘rsatishi sababli Markaziy bank ilgari amal qilgan limitlarga qo‘shimcha ravishda yangilarini joriy etmoqda:

• barcha uzun valyuta mavqelari jami summasi bo‘yicha;
• barcha qisqa valyuta mavqelari jami summasi bo‘yicha.
 
Bunda chet el valyutasining har bir turi va ochiq valyuta mavqelarining jami summasi bo‘yicha ochiq valyuta mavqelarining limitlari saqlanib qoladi. Chegaralarning aniq hajmlari MB tomonidan alohida belgilanadi, ilgari amal qilgan normativlar hujjatdan chiqarib tashlangan. Eslatib o‘tamiz, har bir operatsiya kuni oxiriga kelib chet el valyutasining har bir alohida turi bo‘yicha ochiq valyuta mavqei – bank regulyativ kapitalining 10%idan, ochiq valyuta mavqelarining jami summasi esa bank regulyativ kapitalining 20%idan oshmasligi kerak.
 
Nazoratni ta'minlash maqsadida MB tijorat banklarining balans schyotlarini har kuni monitoring qiladi.
 
Hujjat 12.10.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid