O‘zbekiston | 02:53 / 20.10.2018
80823
4 daqiqa o‘qiladi

Putinning O‘zbekistonga tashrifi raqamlarda

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan joriy yil 18-19 oktabr kunlari Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan keldi.

Tashrif asnosida turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 20 ta hujjat imzolandi.

Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin O‘zbekistondagi birinchi AES qurilishiga start berdi. Ushbu stansiya har biri 1200 megavatt quvvatga ega ikkita, “3+“ avlodiga mansub eng zamonaviy va xavfsiz energiya blokidan iborat bo‘ladi. Atom elektr stansiyasining ishga tushirilishi natijasida katta miqdorda tabiiy gaz iqtisod qilinadi, atmosferaga karbonad angidrid chiqarilishi yiliga 14 million tonnagacha, azot oksidlari chiqarilishi 36 ming tonnaga kamayadi

Vladimir Putinning O‘zbekistonga tashrifi munosabati bilan Toshkentda ikki tomon ishbilarmon doiralari ishtirokida “O‘zbekiston-Rossiya” hududlararo hamkorlik forumi o‘tkazildi. Rossiya hududlari, yetakchi kompaniya va sanoat korxonalari rahbarlari – jami mingdan ziyod kishi ishtirok etgan forum natijalariga ko‘ra, umumiy qiymati 27,1 milliard dollarga teng 785ta ikki tomonlama bitimlar va memorandumlar imzolandi

Xususan, savdo-iqtisodiy sohada 1,76 mlrd dollarlik 600 bitim, investitsiya sohasida 25,3 mlrd dollarlik 185 kelishuv imzolangan.

Erishilgan kelishuvlar evaziga O‘zbekiston va Rossiya vakillari ishtirokida 79ta qo‘shma korxona tashkil etiladi, 23ta yangi savdo uyi ochiladi va O‘zbekistonda 20ta ulgurji savdo markazlari tuziladi.

Shuningdek, tarmoqlar sohalardagi hamkorlik doirasida O‘zbekiston va Rossiya korxonalari o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha 1,2 milliard dollarlik 242ta shartnoma va dollarlik investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha 1,4 milliard 136ta shartnoma imzolangan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ma'lum qilishicha, hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yilda tovar ayirboshlash hajmi 6 milliard dollarga yetadi. Yaqin yillardagi vazifa savdo aylanmasini 10 milliard dollarga yetkaziladi

Ikki mamlakat oliy ta'lim muassasalari rahbarlari ishtirokida o‘tgan “Yangi iqtisodiyot uchun yangi kadrlar” mavzucidagi birinchi Ta'lim forumida ta'lim va fan sohalaridagi hamkorlik, jumladan, mamlakatda Rossiyaning yetakchi oliy o‘quv yurtlari filiallarini ochish to‘g‘risida 100dan ortiq kelishuv imzolangani qayd etildi

Forumda Rossiyaning 82ta va O‘zbekistonning 80ta oliygohi rektorlari qatnashdi.

Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin hamda ushbu davlat delegatsiyasi tashrifi hamda uning doirasidagi tadbirlarni yoritish uchun Rossiya Federatsiyasidan 27 ommaviy axborot vositasi o‘zining 100ga yaqin jurnalist hamda texnik xodimlari bilan ishtirok etdi. Shuningdek, 10 gubernatorning axborot xizmati vakillari qatnashish istagini bildirgan bo‘lsa, O‘zbekistonda doimiy akkreditatsiyadan o‘tgan 31 jurnalist ham bu jarayonlarni yoritishda qatnashdi.

Bundan tashqari, mahalliy ommaviy axborot vositalarining 150ga yaqin vakillari ham tadbirlarni yoritishda ishtirok etdi

Mavzuga oid