Jahon | 15:10 / 30.10.2018
26620
2 daqiqa o‘qiladi

FXX Petrov va Boshirovning shaxsiy ma'lumotlari sizib chiqishida aybdorlarni topdi

Foto: Russia Today

Rossiya FXX London tomonidan GRU sobiq polkovnigi Sergey Skripalni zaharlashda ayblanayotgan Ruslan Boshirov va Aleksandr Petrovning shaxsiy ma'lumotlari sizib chiqishiga aloqador shaxslarni aniqladi. Bu haqda «Rosbalt» manbaga tayangan holda xabar bermoqda.

Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, «qisqa muddat» mobaynida FXX xodimlari ma'lumotlar bazasidan axborotlarning sizib chiqishini to‘xtatishga qaratilgan 60dan ortiq tadbirlarni amalga oshirishgan.

«Birinchi navbatda, xususiy izquvarlar va yopiq ma'lumotlar bazasidan axborotlarni sotishda payqalgan shaxslarning oldiga kelishdi», - deya aytib o‘tdi manba.

Uning ta'kidlashicha, Rossiya Jinoyat kodeksining qator moddalari bo‘yicha «juda ko‘plab ishlar» ochildi, jumladan, ular orasida «Tijorat, soliq yoki bank sirini tashkil etuvchi ma'lumotni qonunga xilof ravishda olish va ochiqlash», «Xususiy izquvar tomonidan vakolatlarning suiiste'mol qilinishi» va «Shaxsiy hayot daxlsizligini buzish» kabilar bor.

Shuningdek, manbaning aytishicha, uning ma'lumotlariga ko‘ra, hozirda Shimoliy-G‘arbiy mintaqadagi chegara xizmati xodimi va Federal soliq xizmati bo‘limlaridan birining vakili qo‘lga olingan. Uning qo‘shimcha qilishicha, birinchi shaxs Petrov va Boshirov, shuningdek, boshqa shaxslarning harakatlari haqidagi ma'lumotlarni xorijga sotib yuborgan bo‘lishi mumkin.

Manbaning qayd etishicha, ochilgan jinoyat ishlari Solsberida zaharlash bo‘yicha hodisada gumon qilingan shaxslar bilan bog‘liq emas.

«Ularda boshqa shaxslar bo‘yicha axborot sizib chiqishi haqida gap boradi», - deya xulosa qilgan manba.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Anatoliy  Chepiga yashagan GRU yotoqxonasida xodimlarning farzandlari maxfiylashtirilgani, buning uchun ular 100 yoshga «qaritib qo‘yilgani» xabar berilgandi.

Mavzuga oid