Jahon | 07:28 / 04.11.2018
118334
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda erkak dafnidan 2 oy o‘tib uyiga qaytib keldi

Foto: Vkontakte /Aygali Supugaliyev

Qozog‘istonning Atirau shahrida yashovchi erkak go‘yoki unga tegishli bo‘lgan murda dafn etilgandan 2 oy o‘tib uyiga qaytib keldi.

Erkak uyidan 20 iyunda chiqib ketib, qaytib kelmagan. U avval ham ba'zida ogohlantirishsiz ketgani sababli, yaqinlari huquq-tartibot idoralariga iyul oyidagina murojaat qilishgan.

Ma'lum vaqtdan keyin erkakning oila a'zolarini o‘likxonaga chaqirtirib, bir murda ko‘rsatilgan. Murda chirib ketgani sababli uni tanib bo‘lmagan, biroq genetik ekspertiza u 99,92 foizga yo‘qolgan erkakniki ekanligini ko‘rsatgan. Sentyabrda erkak “dafn qilinib”, oilasiga o‘lganlik haqidagi guvohnoma berilgan.

“Erkakning yaqinlari u qidiruvda bo‘lganda to‘langan pensiyani davlatga qaytarib berishgan”, deb aytilgan xabarda. 

Biroq oktabr oxirida “marhum” kutilmaganda uyiga qaytib kelgan. U yozda bozorda bir kishi bilan tanishgani, u kishi uni viloyatdagi dehqon xo‘jaliklaridan birida ishlashga ko‘ndirganini ma'lum qilgan. Erkak 4 oydan keyin uyiga qaytishga qaror qilgan. 

Endi erkakning yaqinlari genetik ekspertizani o‘tkazgan mutaxassislarni sudga berishmoqchi.

Mavzuga oid