Jahon | 20:26 / 05.11.2018
15828
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Eronga qarshi kiritilgan yangi sanksiyalar ro‘yxatini e'lon qildi  

Foto: CC BY 2.0 / Paul Savala / Treasury Department

AQSh Eronning 700 dan ko‘proq shaxsi, tashkiloti, samolyotlari va kemalarini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda AQSh moliya vazirligi ma'lum qildi.

Unga ko‘ra, “qora” ro‘yxatga Eronning eng yirik aviakompaniyasi Iran Air, Eron atom energiyasi tashkiloti, 70 ta moliyaviy tashkilot, jumladan 14 ta yirik bank tushgan. Vashington bu tashkilotlarni “barqarorsizlashtiruvchi faoliyat”ni moliyalashtirishda ayblamoqda.

Bu tashkilotlar bilan biznes olib boruvchilar AQShning ikkilamchi sanksiyalari ostiga tushishi mumkin. Biroq 7 ta davlat Eron bilan ish olib borishda vaqtinchalik istisno oldi: Xitoy (jumladan, Tayvan), Hindiston, Italiya, Gretsiya, Yaponiya, Janubiy Koreya va Turkiya.

AQSh moliya vazirligida bu sanksiyalar Tehronga qarshi bir vaqtda kiritilgan eng katta ko‘lamli choralar ekanligi ta'kidlab o‘tilgan.

Ta'kidlanishicha, sanksiyalar Eron tuzumiga misli ko‘rilmagan moliyaviy bosim o‘tkazadi va Eronning batamom yadroviy qurolga ega bo‘lishi oldini oladigan va ballistik raketalar ishlab chiqarishini to‘xtatadigan bitim bo‘yicha kelishishga imkon beradi.

AQSh moliya vaziri Stiven Mnuchin Tehron ushbu sanksiyalar tufayli moliyaviy yakkalanish va iqtisodiy turg‘unlikka uchrashini aytgan. Shu bilan birga AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Eron bilan atom bo‘yicha yangi bitim tuzish ehtimoli borligini aytgan.

Eron rahbariyati yangi sanksiyalarga keskin munosabat bildirdi. Jumladan, Eron prezidenti Hasan Ruhoniy mamlakat neft sotishni davom ettirishini va Vashingtonni afsus qilishga majbur qilishini aytgan. 

Mavzuga oid