Sport | 16:00 / 06.11.2018
18547
12 daqiqa o‘qiladi

Messi qaytmoqda. YeChL o‘yinlari anonsi

Foto AFP

Yevropa Chempionlar ligasi guruh bosqichida 3 va 4-tur uchrashuvlari pley-off bosqichining o‘zginasi. Jamoalar ikki hafta ichida ikki uchrashuv o‘tkazishadi. Safar o‘yinida yutqazgan jamoa o‘z maydonida revansh olishi mumkin bo‘ladi. Bu o‘yinlar ko‘p jihatdan YeChLning bahorgi o‘yinlarida qaysi jamoalar qatnashishini hal qilib beradi. Seshanba oqshomida bizni qanday intrigalar kutmoqda. Quyida shular haqida so‘z yuritiladi.

Leo Milanda qaytishni amalga oshiradimi?

Foto: David Ramos/Getty Images

B guruhi
«Inter» – «Barselona»

6 noyabr. Milan. «Juzeppe Meatstsa» stadioni. Toshkent vaqti bilan 7 noyabr kuni soat 01.00 (Match Futbol 1).
Yo‘qotishlar: Fermalen (jarohat), Messi, Umtiti (ikkisi – so‘roq ostida)
Hakam: Marchinyak (Polsha)

Lionel Messi 20 oktabr kuni «Sevilya»ga qarshi o‘yinda o‘ng qo‘lidan jarohat olib, maydonni tark etganida u keyingi 3 hafta mobaynida maydonga tusha olmasligi aytilgandi. U shundan beri jamoasining 4ta o‘yinini, jumladan «Real»ga qarshi el-klasiko bahsini hamda, YeChL 3-turi doirasida «Inter»ga qarshi Barselonada kechgan birinchi o‘yinni o‘tkazib yubordi. Bu o‘yinlarda kataloniyaliklar ishonchli tarzda g‘alaba qozonishdi - «Inter» 2:0 hisobida, «Real» esa 5:1 hisobida mag‘lub etildi. Ko‘k-anorranglilar bu 4 o‘yinda bitta ham ochko yo‘qotishgani yo‘q, bu o‘yinlarni jamoa yetakchisi qo‘li bog‘liq holda tribunada o‘tirib kuzatdi. Argentinalik futbolchi o‘tgan hafta oxirida mashg‘ulotlarga qaytdi, shu kunlarda uning Milandagi o‘yinda maydonga tushish-tushmasligi muhokama qilinmoqda. 

Ayni vaqtda tushunmovchilik paydo bo‘lgan. Xabarlarda Messi murabbiyga bosim o‘tkazib, o‘zini «Inter»ga qarshi o‘yin qaydnomasiga kiritishga erishgani haqida aytildi. 5 noyabr kuni esa «Barselona»ning tvitterdagi sahifasida bo‘lajak o‘yin uchun zayavka e'lon qilindi - unda Messi yo‘q edi. Messi jamoa bilan Italiyaga yo‘l olgan, ammo shifokorlar uning o‘ynashiga ruxsat berishmayapti.

Valverde asosiy tarkibda Messini tushirmasligi mumkin, ammo u ikkinchi bo‘limda, voqealar rivojiga qarab, jamoaga yordam berishi kutiladi.

«Tottenhem» – PSV
6 noyabr. London. «Uembli» stadioni. Toshkent vaqti bilan 7 noyabr, soat 01:00 (Match Arena).
Yo‘qotishlar: Vanyama, Dayyer, Fertongen (barchasi – jarohatda.), Lloris (diskvalifikatsiya), Dembele, Rouz (ikkisi – so‘roq ostida) – Tomas (jarohat)
Hakam: Krujlyak (Slovakiya)

Ikki hafta muqaddam Eyndxovendagi o‘yinda 87-daqiqada gol o‘tkazib, g‘alabani qo‘ldan boy bergan «shporlar» guruhdan chiqish imkoniyatini maksimal darajada pasaytirib yuborgan. Endi Maurisio Pochettino jamoasi qolgan uch o‘yinda ham maksimal ochko olishi talab etiladi. Qolaversa, guruhdagi ikkinchi o‘rinda «Tottenhem»ni 5 ochkoga ortda qoldirayotgan «Inter» ochko yo‘qotishi talab etiladi. PSV jamoasining imkoniyatlari esa yanada pastroq, bu jamoaning bahorgi o‘yinlarga, hech bo‘lmaganda Yevropa Ligasiga yo‘l olish-olmasligi masalasi «Uembli»da kechadigan o‘yinda hal bo‘ladi.

Anri ilk g‘alabasiga erishishi mumkinmi?

Foto: Tvitter / @AS_Monaco

A guruhi
«Monako» – «Bryugge»

6 noyabr. Monako. «Lui II» stadioni. Toshkent vaqti bilan soa 22.55 (Match TV).
Yo‘qotishlar: Axolu, Ndoram, Pellegri, Roni Lopesh, Subashich, Golovin (barchasi – jarohatda), Yovetich, Sidibe (ikkisi – so‘roq ostida) – Fossen (jarohat), Grenefeld (so‘roq ostida)
Hakam: Artur Diash (Portugaliya)

Leonardu Jardimning ishdan bo‘shatilishi va Terri Anrining «Monako» bosh murabbiyi lavozimiga taklif etilishi jamoani inqirozdan qutqara olmayapti. Monegaskliklar jamoasi avgust oyi boshidan buyon g‘alaba neligini bilmayapti. Portugaliyalik mutaxassis davrida jamoa 10 uchrashuvdan iborat g‘alabasiz seriya qayd etgandi, Anri bilan bu seriyaga yana 4 o‘yin qo‘shildi. «Bryugge»ga qarshi o‘yin Anri uchun ilk muvaffaqiyatga erishishida qulay imkon bo‘lishi mumkin. Lekin jamoa tarkibining qariyb yarmi jarohatlar tufayli tarkibdan chetda qolgan.

«Atletiko» – «Borussiya» D
6 noyabr. Madrid. «Vanda Metropolitano». Toshkent vaqti bilan 7 noyabr kuni soat 01:00 (Match Igra).
Yo‘qotishlar: Godin, Diyego Kosta, Koke, Ximenes (barchasi – so‘roq ostida) – Kagava, Shmeltser, Akanji (barchasi – jarohatda), Diallo, Pishchek, Tolyan (barchasi – so‘roq ostida)
Hakam: Orsato (Italiya)

Dortmundliklar delegatsiyasi Madriddagi ilk daqiqalardanoq yoqimsiz lahzalarni boshdan kechirishdi - «Borussiya» samolyoti Ispaniya poytaxtidagi aeroportga yarim soat kechikib qo‘ndi, boshqa layner uchish-qo‘nish polosasini band etgani uchun futbolchilar mingan samolyot aeroport ustida uchib yurishga majbur bo‘ldi. Barchasi yaxshi tugadi - 9 ochko to‘plagan holda guruhda yetakchilik qilayotgan jamoa muvaffaqiyatli qo‘nishni amalga oshirdi va mehmonxonaga yo‘l oldi.

Bu jamoaga qarshi birinchi o‘yinda «matraschilar» yirik hisobda (0:4) mag‘lub bo‘lishgandi. Bu Diyego Simeone jamoaga kelganidan buyon kuzatilgan eng yirik mag‘lubiyat bo‘ldi. Endi madridliklar revanshga tayyorlanishmoqda. Ammo bu ishni amalga oshirish oson bo‘lmaydi - Lyusen Favr jamoasi bu mavsumda hali hech bir o‘yinda mag‘lub bo‘lmagan - 12 g‘alaba va 3 durang.

Buffonning Italiyaga qaytishi

Foto: Tvitter / @AS_Monaco

S guruhi
«Napoli» – «PSJ»

6 noyabr. Neapol. «San-Paolo» stadioni. Toshkent vaqti bilan 7 noyabr soat 01:00 (Match Futbol 2).
Yo‘qotishlar: Verdi, Kirikesh, Yunes (barchasi – jarohatda) – Dani Alves, Kurzava (ikkisi – jarohatda), Kavani, Xese (ikkisi – so‘roq ostida)
Hakam: Kuypers (Niderlandiya)

Ichki chempionatdagi raqiblarini istagan ko‘yiga solayotgan parijliklar jamoasi 12 uchrashuvda 12 g‘alabaga erishishgan - to‘plar nisbati esa 41:7. Turnir jadvalida eng yaqin ta'qibchisini 11 ochkoga ortda qoldirib ketgan «PSJ» Chempionlar ligasida 3 o‘yinda faqat 4 ochko olgan holda guruhda uchinchi o‘rinda joylashgan. O‘tgan turda Parijda o‘tgan o‘yinda 90-daqiqada Di Mariya tomonidan urilgan gol evaziga mag‘lubiyatdan qutulib qolgan Tomas Tuxel jamoasi Neapolda guruhdagi ikkinchi o‘rin uchun jang qilishiga to‘g‘ri keladi. Bu o‘yinda Mbappe va Neymar yoniga Edinson Kavani ham qaytishi kutilmoqda.

«PSJ» bilan birga Italiyaga jamoa darvozaboni Janluijji Buffon ham tashrif buyurgan. «Yuventus»dagi 17 mavsumidan keyin shu yil yozida Fransiya poytaxtiga yo‘l olgan faxriy darvozabon Neapoldagi o‘yinda yangi jamoasi safida YeChLdagi debyutini amalga oshirishi mumkin.

«Tsrvena Zvezda» – «Liverpul»
6 noyabr. Belgrad. «Rayko Mitich» stadioni. Toshkent vaqti bilan 22.55 (Match Futbol 1).
Yo‘qotishlar: Babich (so‘roq ostida) – Oksleyd-Chemberlen, Xenderson (ikkisi – jarohatda), Shaqiri (murabbiy qaroriga bog‘liq), Keyta, Lovren (ikkisi – so‘roq ostida)
Hakam: Mateu Laos (Ispaniya)

Angliya chempionatida mag‘lubiyatsiz seriya qayd etayotgan «Liverpul» xalqaro maydonda ham yaxshi ishtirok etmoqda. Neapolda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsada, Yurgen Klopp jamoasi guruhda peshqadam. Bugun guruh autsayderi «Tsrvena Zvezda»ga qarshi o‘yinda g‘alaba qozonish orqali ochkolari sonini 9taga yetkazib, peshqadamlikni yanada mustahkamlashi kutilmoqda. Mersisaydliklar navbatdagi yirik g‘alabaga tayyorlanmoqda, Muhammad Saloh ham, Sadio Mane ham, Roberto Firmino ham 4-tur o‘yinida maydonda bo‘lishadi. «Tsrvena Zvezda» esa katta ehtimol bilan, bu turdan keyin keyingi bosqichga chiqishdan rasman umid uzadi.

«Lokomotiv»ning oxirgi imkoni

Foto: Dmitriy Golubovich, «Chempionat»

D guruhi
«Portu» – «Lokomotiv»
6 noyabr. Portu. «Dragau» stadioni. Toshkent vaqti bilan 7 noyabr kuni soat 01:00 (Match TV).
Yo‘qotishlar: Abubakar (jarohat), Otaviu, Ernani (ikkisi – so‘roq ostida) – Kolomeytsev (jarohat), Kverkveliya (diskvalifikatsiya), Ribus, Smolov, Chorluka (barchasi – so‘roq ostida)
Hakam: Massa (Italiya).

«Shalke» – «Galatasaroy»
6 noyabr. Gelzenkirxen. «Feltins Arena» stadioni. Toshkent vaqti bilan 7 noyabr kuni soat 01:00 (Match Futbol 3).
Yo‘qotishlar: Mendil, Toyxert (ikkisi – jarohatda), Bentaleb, Ochipka, Riter, Fermann (barchasi – so‘roq ostida) – Akbaba (jarohat), Nagatomo, Fernandu (ikkisi – jarohatda)
Hakam: Kollam (Shotlandiya)

Rossiyaning amaldagi chempioni «Lokomotiv» 3-turda «Portu»dan mag‘lubiyatdan keyin ichki chempionatda qatorasiga 5 o‘yinda g‘alaba qozondi va turnir jadvalida ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Moskvaliklar jamoasi oxirgi 3 o‘yinda raqiblar darvozasiga 10ta gol urishdi. Ayni vaqtda jamoada aka-uka Miranchuklar yuqori sport formasini namoyish etishmoqda, jamoaning o‘tgan mavsumdagi to‘purari Jyefferson Farfan ham safga qaytgan, Manuel Fernandesh ham sport formasini tiklab olgan.

3 turdan keyin Yuriy Syomin jamoasida 0 ochko bor, «Dragau»dagi o‘yin moskvaliklar jamoasi uchun oxirgi imkon bo‘lishi mumkin. Jamoa keyingi 3 o‘yinda 9 ochko to‘plasa, guruhdan chiqishi mumkin. «Lokomotiv» hatto 6 ochko bilan guruhdan chiqishi mumkin bo‘ladi, xuddi 2015-16 yilgi mavsumda «Roma» bilan bo‘lgani kabi. Buning uchun «Shalke» va «Galatasaroy» ham 6tadan ortiq ochko olmasligi talab etiladi.

«Portu» Moskvada ham, «Shalke» va «Galatasaroy»ga qarshi o‘yinlarda ham gol o‘tkazgan, aytish mumkinki, to‘rtinchi o‘yinda ham ularga gol urish qiyin bo‘lmaydi.

Mavzuga oid