Iqtisodiyot | 11:00 / 09.11.2018
7324
2 daqiqa o‘qiladi

Albert Eger: Islohotlar natijalarini ko‘rish uchun sabr qilish kerak

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning ijobiy natijasini ko‘rish uchun sabr qilish kerak bo‘ladi. Chunki ular amaliyotga joriy etilishi va samara berishi uchun vaqt talab etiladi. Xalqaro valyuta jamg‘armasining Yaqin sharq va Markaziy Osiyo departamenti direktori maslahatchisi Albert Eger shunday fikrlarni bildirdi. 

“Iqtisodiyotni liberallashtirish o‘z-o‘zidan bo‘ladigan jarayon emas. Hattoki, 1990-yillar boshida Sharqiy Yevropa mamlakatlarida ham iqtisodiyotni bozor tamoyillariga asoslangan tizimga o‘tkazish, iqtisodiyotni liberallashtirish uchun ma'lum bir vaqt talab etildi. Albatta, ularda bu jarayon ancha tez, 10 yil atrofidagi muddatda amalga oshdi. Biroq, o‘sha davlatlar ham o‘tkazilgan islohotlar samarasini ko‘rishi uchun shuncha yil kutishdi”, - dedi xalqaro ekspert.  

Shu bilan birga, uning fikricha, O‘zbekistonda o‘ziga xos ustunlik jihatlari ham borki, ko‘pchilik mamlakatlarda bu narsa ko‘zga tashlanmaydi.

“O‘zbekiston ayrim mamlakatlarda bo‘lmagan ustunliklarga ega. Shulardan biri bu demografik vaziyat. Bu yerda mehnatga layoqatli yoshlar ko‘p. Ayni shu narsa islohotlarni qulaylik va osonlik bilan amalga oshirishda zarurdir. Qayd etish o‘rinliki, O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi qurilish, tog‘-kon sanoati, kommunikatsiya sektoriga to‘g‘ri kelmoqda. Biroq bu sohalarda ko‘p ish o‘rni barpo etib bo‘lmaydi. Shu sababli ish o‘rni ko‘p talab qilinadigan fabrika-zavodlar tashkil etishga e'tibor qaratish muhimdir”, - dedi Albert Eger.

Mavzuga oid