Prokuratura jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetov ishi bo‘yicha tekshiruv o‘tkazmoqda
Prokuratura xorazmlik jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetov ishini tekshirmoqda.
Oktyabr oyi oxirida «Xorazm yoshlari» gazetasi muharriri o‘rinbosari Davlatnazar Ro‘zmetov Qo‘shko‘pir tumani ma'muriy sudi tomonidan 7 sutkalik ma'muriy qamoq jazosiga mahkum qilingandi. U qamoqdan chiqqach, KUN.UZ muxbiri bilan intervyuda o‘zining qo‘lga olinishi tafsilotlari haqida hikoya qilgandi.
O‘zbekiston Respublikasi bosh prokuraturasi ushbu ish bo‘yicha KUN.UZ'ga quyidagicha ma'lumot bergan.
«Qo‘shko‘pir tumani ma'muriy sudining joriy yilning 29 oktabrdagi qaroriga ko‘ra, «Xorazm yoshlari» gazetasi muxbiri, 1971 yilda tug‘ilgan Davlatnazar Ro‘zmetov Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan aybli deb topilib, 7 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Sud qarorida D.Ro‘zmetov 2018 yilning 25 oktabr kuni, soat 21:30larda Qo‘shko‘pir tumani hokimligi binosida paxta yig‘im terimi yuzasidan bo‘lib o‘tayotgan majlisga spirtli ichimlik iste'mol qilib, mast holda kirib kelib, o‘zini «Xorazm yoshlari» gazetasi muharriri o‘rinbosari sifatida tanishtirib, shaxsiy telefoniga videoga olib, «Hammangni yoraman» deb, qo‘llari bilan har xil harakatlar qilib, majlisda haqoratli so‘zlarni ishlatib, shovqin-suron qilib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzib, mayda bezorilik harakatini sodir qilgani yozilgan.
Ish bo‘yicha guvoh D.Sadullayev (tuman hokimining yoshlar masalasi bo‘yicha mutaxassisi) 25.10.2018 yil soat 21:30larda Qo‘shko‘pir tuman hokimligi majlislar zali oldida turganida, D.Ro‘zmetov mast holda kelganini, shu sababli uni ichkariga kiritmasligini aytganligini, shunga qaramasdan, D.Ro‘zmetov «Hammangni yoraman» deb zalga bostirib kirgani va shovqin solganini bildirib, ko‘rsatma bergan.
Guvoh S.Madrimov (tuman hokimligi hisobchisi) shu kuni, soat 21:30larda Qo‘shko‘pir tuman hokimligi majlislar zalida bo‘lib turganida, D.Ro‘zmetov mast holda kirib kelib, «Hammangni yoraman» deb shovqin ko‘tarib, o‘zining telefoniga videoga ola boshlaganligini, D.Ro‘zmetovni oldindan tanimasligini bildirib, ko‘rsatma bergan.
Huquqbuzar D.Ro‘zmetov sudda aybiga qisman iqrorlik bildirib, haqiqatan ham to‘yda ikki piyola spirtli ichimlik iste'mol qilganligini, tuman hokimligi zaliga kirishda tanishi D.Sadullayevga «yoraman» deb aytganligini, boshqa shaxslarni haqorat qilmaganligini, keyin IIB xodimlari olib ketganligini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, uning aybi ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma, 25.10.2018 yildagi mastlik holatini aniqlash yuzasidan tibbiy tekshiruv bayonnomasi, guvohlar ko‘rsatmalari hamda ma'muriy ishda to‘plangan boshqa hujjatlar bilan to‘liq o‘z tasdig‘ini topgan.
Sud D.Ro‘zmetovga nisbatan jazo tayinlashda uning oilaviy sharoitini, 3 nafar farzandi borligini va boshqalarni yengillashtiruvchi holatlar sifatida hisoblab, uning huquqbuzarlikni mast holatda sodir qilganligini og‘irlashtiruvchi holat deb topib, unga nisbatan ma'muriy qamoq jazosi tayinlash haqida asosli xulosaga kelganligi aniqlandi.
Xorazm viloyati 22-bo‘lim boshlig‘ining 09.11.2018 yildagi bildirgisiga asosan D.Ro‘zmetovning Qo‘shko‘pir tumani IIB xodimlari harakatlaridan norozi bo‘lib, OAVdagi murojaati yuzasidan Qo‘shko‘pir tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda», deyiladi ma'lumotnomada.
Mavzuga oid
14:30 / 20.02.2020
Davlatnazar Ro‘zmetovni urib yuborgan haydovchi qamalmadi, marhumning bevasi yengillik berishni so‘ragan
17:40 / 14.11.2019
Marhum jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetovning oilasiga yordam ko‘rsatildi
12:43 / 13.11.2019
«Masalani siyosiylashtirmaslik kerak» - Davlatnazar Ro‘zmetov o‘limi bo‘yicha voqealar xronologiyasi keltirildi
12:00 / 07.11.2019