Jahon | 01:43 / 13.11.2018
23664
2 daqiqa o‘qiladi

Terrorchiga qarshilik ko‘rsatgan boshpanasiz erkakka 130 ming dollar yig‘ib berildi

Avstraliyada politsiyachilarga ko‘mak ko‘rsatib, supermarketda ishlatiluvchi aravacha yordamida terrorchini ushlashda yordam bergan boshpanasiz erkakka katta miqdorda pul yig‘ib berildi.  

Gap Melburnda 9 noyabrda sodir etilgan terakt haqida bormoqda. O‘shanda 30 yoshli, Hasan Xalif Sherali ismli erkak savdo markazi binosiga gaz ballonlari ortilgan avtomobilda bostirib kirib, yong‘in chiqargan va odamlarga pichoq bilan hujum qilgan. Hujum oqibatida bir kishi halok bo‘lgan. Terrorchi politsiyachilar tomonidan bartaraf etilgan. Ushbu hujum uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga olgan.

Shahar aholisining e'tiborini jinoyatchini to‘xtatishga uringan erkak tortgan. Voqea joyidan olingan videoda erkak aravacha yordamida terrorchining yo‘lini to‘sib, unga qochib ketishga yo‘l bermayotganini ko‘rish mumkin bo‘lgan.

Aniqlanishicha, jinoyatchiga to‘sqinlik qilgan shaxs Maykl Rojyers ismli, 46 yoshli uysiz erkak bo‘lib, u savdo markazi yonidagi ko‘chada yashaydi. Mahalliy xayriya jamg‘armasi erkakka minnatdorlik sifatida mablag‘ yig‘a boshlagan va hozirga kelib Rojyers uchun 130 ming dollar yig‘ishga muvaffaq bo‘lingan. 

Erkakning o‘zi esa bir g‘oyibona kuch ta'sirida harakat qilganini aytgan. Erkak ijtimoiy tarmoqlarda “Aravacha odam” deb ham atala boshlangan.

«Rojyers pulni olishdan avval uni to‘g‘ri maqsadda qo‘llash uchun moliyaviy savodxonlikdan saboq olishiga to‘g‘ri keladi, chunki, ehtimol, u avval hayotida bunday katta pulni ko‘rmagan», – deb aytgan xayriya tashkiloti rahbari. 

Mavzuga oid