«Qizil kxmerlar» yetakchilari birinchi marta genotsidda aybdor deb topildi
BMT qo‘llab-quvvatlovi bilan tashkil etilgan Kambojadagi maxsus sud «qizil kxmerlar» ikki yetakchisini genotsidda aybdor deb topdi va ularga qayta umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Demokratik Kampuchiya prezidiumi sobiq raisi, 87 yoshli Kxiyeu Sampxan va diktator Pol Potning yaqin tarafdorlaridan biri, «ikkinchi raqamli birodar», 92 yoshli Nuon Chea, insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun umrbod qamoq jazosini o‘tamoqda. Biroq, genotsid avval ularga chiqarilgan hukmlarda tilga olinmagan.
Har ikki ayblanuvchi, xuddi avvalgidek, o‘z aybini tan olmadi. Chea beldagi og‘riq tufayli eshituvlar boshlanganidan 40 daqiqa o‘tib sud zalini tark etdi. Sampxan hukmni eshitish uchun mustaqil ravishda o‘z o‘rnidan turolmadi.
2005 yilda Kamboja hukumati tomonidan BMT bilan hamkorlikda Pol Pot rejimi jinoyatlarini tergov qilish maqsadida tashkil etilgan sud faqat uch kishiga hukm chiqardi. Birinchi hukm 2010 yilda chiqarildi: o‘shanda siyosiy mahbuslar uchun konsentratsion lager sobiq rahbari Kang Kek Iyeu umrbod ozodlikdan mahrum etildi. Gumonlanuvchilarning o‘limi sababli 2013 va 2015 yillarda yana ikkita tergov to‘xtatildi.
«Qizil kxmerlar» 1975 yildan 1979 yilgacha, Vetnam qo‘shinlari tomonidan to‘ntarib tashlangunga qadar Kambojani (o‘shanda Kampuchiya deb atalgan) boshqargan. Bu davrda repressiyalar va majburiy agrarlashtirish davomida bir milliondan uch milliongacha odam halok bo‘lgan - mamlakat aholisining qariyb to‘rtdan bir qismi.
Mavzuga oid
17:25 / 11.03.2021
Kambojada ilk marta koronavirusdan o‘lim holati qayd etildi
14:27 / 30.11.2020
Kambojada koronavirus yuqtirish bilan bog‘liq ilk holatlar qayd etildi
01:25 / 13.02.2020
Koronavirus sababli rad etilayotgan kemani Kamboja qabul qilishga rozi bo‘ldi
18:54 / 27.01.2020