O‘zbekiston | 23:40 / 20.11.2018
19521
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yoshlar alkogol iste'moli o‘sib bormoqda - Jujanna Yakab

Alkogol iste'molida Yevropa qit'asi butun dunyoda birinchi o‘rinda qayd etiladi. Shunga qaramay, Jahon mamlakatlari orasida Osiyoda joylashgan O‘zbekiston yoshlarining alkogol iste'mol qilishi bo‘yicha ko‘rsatkichi ham o‘sib bormoqda. Bu haqda JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Jujanna Yakab ma'lumot berdi. 

20 noyabr kuni Xalqaro-press klub axborot ko‘magida tashkil etilgan  “Barqaror rivojlanish maqsadlari davrida O‘zbekistonda sog‘liqni saqlashni isloh qilish” mavzusidagi xalqaro anjumanda nutq so‘zlagan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakiliga ko‘ra, o‘zbekistonlik yoshlar orasida alkogolli ichimliklar iste'moli oshib bormoqda. 

Jujanna nutqi davomida o‘sish sur'atlari aynan qancha bo‘lgani yoki ayni chog‘da ma'lum statistikani tilga olmadi. Alkogolga ruju' qo‘yish shaxsda 200dan ortiq kasalliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Jahon bo‘yicha 20-39 yoshdagi kishilarning 13,5 foiz o‘limida aynan alkogol sababchi bo‘lgan. 

Bundan tashqari, Yakab tabak mahsulotlari, xususan sigaretlarni sotib olish imkoniyati barcha yoshdagi shaxslar uchun yengillik qilishini aytmoqda.

Tashkilot ma'lumotiga ko‘ra, har yili 3 millionga yaqin kishi alkogol tufayli vafot etadi va bu umumiy ro‘yxatga olingan o‘limning 5,3 foizini anglatadi.

Mavzuga oid