Jamiyat | 16:53 / 22.11.2018
116905
13 daqiqa o‘qiladi

«52» – yuzimizga tutilgan oynaga qaradikmi?

Ajali yetgan bu hamyurtlarimiz turli joylarda vafot etganida ularning o‘limi haqida bilmagan ham bo‘lardik. Ammo Yaratgan ularni bitta avtobusda jamlab, ko‘zimiz uchun mudhish bo‘lgan ko‘rinishda jonini oldi – seskanishimizni va motam tutishimizni iroda etdi. Bizning – jamiyatning yuziga oyna tutdi.

Seskandik, motam tutdik. Prezident zo‘rg‘a ko‘z yoshini tutib turganini ko‘rib ko‘zimiz yoshlandi.

Ammo, keyin oynaga qaradikmi?

Voqelikning chinqirgan ovozi

Joyi kelsa, mantiqsizlik matosiga o‘ralib qolganidan norozi bo‘lgan voqeligimiz ovoz chiqarib chinqirab yuborayotgandek tuyuladi. Qalbimiz va aqlimiz eshigini qattiq taqillatib, o‘zimizni o‘zimiz xarob qilayotgan nuqtalarimizga ochiq-oydin ishoralar berayotgandek bo‘ladi. Ammo biz, o‘z odatimizcha, quloqlarimiz va ko‘zlarimizni yopib olib, na eshitishni, na ko‘rishni istaymiz.

Inson qadriga nisbatan munosabatimiz biroz bo‘lsa-da o‘zgardimi? Yoki biz uchun bu foniy dunyoda hali-hanuz inson qadridan ulug‘roq nimadir bormi? Butun boshli koinot inson uchun yaralgani muqaddas satrlarda bitilganini, Baytulloh – Alloh taoloning uyi deb atalmish Masjid-ul Harom binosidan-da inson sha'ni ulug‘roq ekani aytilganini bilamizmi, yoki bilmay o‘tib ketamizmi? Yoki buni hazilga yo‘ymoqdamizmi?

«Va sizga osmonlardagi narsalarni va yerdagi narsalarni — hammasini O‘z tomonidan bo‘ysundirib qo‘ydi. Albatta, ana shunda tafakkur qiladigan qavm uchun oyat-belgilar bordir». (Jasiya surasi, 13-oyat)

«U sizlar uchun yer yuzidagi barcha narsani yaratgan zot. So‘ngra osmonga yuzlandi va ularni yettita qilib to‘g‘riladi. Va U har bir narsani biluvchi zotdir». (Baqara surasi, 29-oyat)

«Esla, farishtalarga: «Odamga sajda qilinglar!» deganimizni. Bas, sajda qildilar, magar Iblis bosh tortdi, mutakabbirlik qildi va kofirlardan bo‘ldi». (Baqara surasi, 34-oyat)

Yo‘q, hazil emas ekan!

Kengligini his etish uchun tasavvur kuchimiz yetmaydigan koinotki inson xizmatida ekan, nurdan yaratilgan farishtalarki insonni ulug‘lab unga ta'zim etgan ekan, demak uning – insonning sha'nini haqir bilish, pastlatish koinot kengligicha katta jinoyat bo‘lib, oqibati og‘ir ekan!

Og‘irligini millat o‘laroq tanamizda his etib turibmiz. Va bu ishimizdan to‘xtamasak, holimiz aslo yaxshilanmaydi. Yalang‘och etib xo‘rlangan ayol voqeasi tasodifan xalqqa oshkor bo‘ldimi? Yo‘q – uni Xabir Zot oshkor qildi. Butun boshli tuman xalqini haqorat qilgan viloyat hokimi (!), insonlarni ariqqa tushirgan amaldor (!) – bular tasodifmidi? Yo‘q, bular «yetib kelgan» joyimizni bizga ko‘rsatuvchi ko‘zgu edi, inson sha'ni biz uchun qay darajaga tushib qolganining darakchisi, qiyshayib, majruh bo‘lib qolgan tushunchalarimizni o‘zimizga ko‘rsatishga urinish edi. Ammo... biz ko‘ryapmizmi?  

«Kelajagimiz» deydiganimiz yosh avlod vakillarining tobutlari qaytib kelayotganini ahyon-ahyon o‘qib qolar edik. Seskanarmidik? Yo‘q! Keyin 52 kishi yondi – seskandik, ammo, xulosa qildikmi?

SSSR sarqiti

O‘sha 4 million ishchan, arzon ishchi sifatida o‘zga iqtisodiyotlarni ko‘tarib kelayotgan yoshlarimizga o‘zimizda ish tashkil etib bo‘lmaydimi? Rostdanmi?

Balki bu yerda gap ish tashkil qilishning imkonsizligida emas, balki sabab haqir narsalarning sha'nini ulug‘lab, inson sha'nini past bilib kelayotganimizdadir? Qariyb 4 million gektar sug‘oriladigan yerlarimizni SSSRdan qolib ketgan, mutlaqo davr voqeligiga, bozor iqtisodiyotiga to‘g‘ri kelmagan, samarasiz, ma'muriy-buyruqbozlik uslubida ishlatib kelayotganimizni, hech bo‘lmasa 1 million gektarini bir gektardan qishloq yigitlariga erkin foydalanishga berilsa, 1 million (!) yosh oila ishli bo‘lishini o‘ylab ko‘rdikmi?

Ustuvorlik shkalasi  

O‘ylab ko‘rdik. Ammo biz – jamiyat uchun qimmatli bo‘lgan narsalar shkalasida inson qadri o‘z o‘rnida – yuqori o‘rinda bo‘lmagani bois har gal bu fikrni o‘zimizdan quvamiz. «Bo‘lmaydi», deymiz, «eplasholmaydi», deymiz, yana boshqa vajlarni keltiramiz. Sinab ko‘rishga ham ko‘nmaymiz, hatto.

Aynan tushunchalarimiz majruh bo‘lib qolganidan ko‘zimizga ko‘plab arzimas vajlar ko‘rinadigan, ammo katta, ahamiyatli narsalar ko‘rinmaydigan bo‘lib qolgan. Millionlab otalar gastarbayter bo‘lib yurgan mahalda millionlab bolalar ota tarbiyasini ko‘rmay, ko‘cha tarbiyasini ko‘rib katta bo‘layotganini, tarbiyasi nuqsonli bo‘lgan bus-butun bitta avlod o‘sib kelayotganini anglashga, buning asorati nechog‘lik bo‘lishini, tuzatish qiyin bo‘lishini jamiyat o‘laroq anglashga qodirmizmi? Aslida, shu emasmidi biz tashvish chekishimiz lozim bo‘lgan asosiy dard? Zurriyodni, millatning ertasini nuqsonli qilishdan-da kattaroq, qimmatga tushadiganroq zarar bormi?

Qishloqlar inqirozi

Mehnat migratsiyasining asosiy qismini qishloq yoshlari tashkil qiladi. Ya'ni, Rossiya va boshqa yerlarda ishlayotgan millionlab yoshlarning aksari o‘sha – qishloq yigitlaridir.

O‘z yurtidagi ma'naviy bo‘shliq muhitida ma'naviy immuniteti shakllanmagan yigitlar o‘zga yurtlarga ravona bo‘lib, u yerda ba'zilari yot mafkuraviy, ba'zilari yot axloqiy ta'sir ostida qoldilar. Ularning, yillab ersiz kunini va tunini o‘tkazayotgan kelinchaklarning holi ko‘zimizga ko‘rinyaptimi? Yo‘q!

Qishloqlarimizda yuz berib turgan, negizida ishsizlik yotgan chuqur ijtimoiy-ma'naviy-psixologik inqirozdan xabarimiz bormi? Yo‘q!    

Chunki soha mutasaddilarning ko‘ziga insonlar taqdiri emas, balki mavjud, shakllangan, turgan bitgani mantiqsizlik va ovoragarchilikdan iborat bo‘lsa-da, go‘yo «ishlab turgan» fermerchilik aziz bo‘lib ko‘rinyapti, insonlar taqdiri emas.

Yer o‘zi nima uchun kerak?

Qiymati ulug‘ narsa yer emas, balki insondir. Yer esa hazrati Inson uchun xizmat qilmoqqa, hayotini ko‘rkam qilmoqqa, Haq tomonidan safarbar etilgandir.

Biz esa 4 million gektar ekin eksa bo‘ladigan yerimiz bo‘la turib, 4 million yoshni – yosh otalarni farzandlarini tashlab, o‘zga yurtlar iqtisodiyotini ko‘tarishga «safarbar» qilib qo‘yibmiz. O‘zgalar uchun arzon ishchi kuchi manbaiga aylantirib qo‘yibmiz.

Soha mutasaddilariga agrar sohaning tub islohoti haqida gapirilsa yuz burishadi, chunki bunday tadbir tashvishli ishdir.

Tashvishdan qochib ertangi kunimiz uchun muammolarning uzun, mudhish ro‘yxatini tayyorlayotganimizni bilamizmi? Keyingi avlodning boshi muammolar girdobidan chiqmay qolishini bilamizmi?

Agrar sohaning tub islohi qishloqlarimiz muhitini butkul o‘zgartirib yuborish kuchiga ega ekanini anglamog‘imiz lozim. Buni to‘g‘ri anglash uchun qishloq yoshlarimizni bilishning o‘zi yetarli. Buni bilish uchun esa qiyin ahvolda, ming mashaqqatlarni yengib, olaqarashlarga va achchiq tamg‘alarga chidab, begona zaminda pul ishlab oilalariga jo‘natayotgan yigitlar timsolini ko‘z oldimizga keltirish kifoya – o‘sha bizning qishloq yoshlaridir.

Zavolga uchrab turgan imkoniyatlar

Yaratgan tomondan har bir jamiyat uchun ato etilgan imkoniyatlar bo‘ladi. Ammo berilgan imkoniyatlardan oqilona foydalanish yo‘lida g‘ovlar ham bo‘ladi va bu g‘ovlarning bir toifasi moddiy emas, ma'naviydir.

Inson qadri pastlab, paxta yoki boshqa bir moddiyat turi undan yuqorilab qolsa, modda ehtiromi yo‘lida yuksak hilqat – ruh pastlatilsa, ana o‘sha – jinoyat bo‘lib, jamiyatni boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yadigan mudhish xatodir. Jumladan, Yaratgan ato etgan imkoniyatlarni to‘g‘ri istifoda etish yo‘li ustida yotgan to‘siqdir. Bu turdagi adashish o‘z-o‘zni aldash, o‘z-o‘zni ovora qilish ko‘rinishidir.

Mudhish qulatish

Alloh taolo sharaflagan narsaning qadrini pastlatish – gunohi kabira. Va buni qilgan jamiyat og‘ir oqibatlarini totadi.

Zero, insonga xizmat qilish uchun yaratilgan, inson shaxsining olamshumul ehtiromi belgisi, ramzi bo‘lib yuzaga kelgan moddiyat Insondan ustun bo‘lib qolishi mudhish, yer-u osmon ko‘tarolmaydigan holatdir.     

Nega huquqiy jamiyat tomon yurishimiz buncha qiyin bo‘lyapti?

Sababi o‘sha – hazrati Inson qadrini bilmasligimiz. Ongimizga (dasturimizga) qattiq o‘rnashib olgan xato (virus) bizni yo‘ldan urib, haq-huquqlarni ko‘zimizga arzimas qilib ko‘rsatyapti, ko‘zimizga haqir narsalar aziz bo‘lib ko‘rinyapti. Inson qalbi aziz, narsalar emas!

Yana yer haqida

Aytilishi mumkin bo‘lgan e'tirozlar va ularga raddiyalar:

  • «Yerni hamma ham eplolmaydi». Fermerchilik yangi tashkil bo‘layotganda, yerlar yuqori malakali mutaxassislarga berildi, deyish uchun holatdan mutlaqo bexabar bo‘lmoq kerak. Aksar holatda yerda ishlashni bilmaydigan oilalarga 50, 100 gektar yerlar berildi. «Ura-ura»chilik sharoitida nimalar bo‘lmadi, deysiz. Endi 50, 100 emas, balki 1 gektar yerni bir yosh oilaga erkin foydalanish uchun berish haqida so‘z ochilganda «eplay olmaydi», deyish mutlaqo voqelikka to‘g‘ri kelmaydigan iddaodir.
  • «Yerda ishlash uchun texnika bo‘lishi kerak», degan vaj bilan bunday islohotni rad etish ham mantiqsizlikdir, chunki bunaqa masalalar ham o‘z o‘rnida hal qilsa bo‘ladigan muammolardan. Qolaversa, qishloq muhitini bilgan har bir kishi aytadi – har bir qishloqda yerga texnik ishlov berishga ixtisos olgan, shu bilan tirikchilik qiladigan oilalar albatta bor. Ular hozirda fermerlar va tomorqa egalarining xizmatini qilishyapti. Hech yer texnik ishlovsiz qolgani yo‘q. Islohot natijasida esa bu soha ham rivoj topadi. Keyinchalik esa 1 gektar yerga egalik qiladigan oilalar o‘z mini-texnikalariga ega bo‘lib ham oladi – oddiy evolyutsion jarayon bu.
  • «Nima ekish» masalasida xatolarga yo‘l qo‘yiladi, bir mahsulot ko‘p yetishtirilib, natijada u realizatsiya bo‘lmay qoladi», degan iddao ham bor. Buni vaj sifatida ko‘rsatib, islohotni rad etish ham kaltabinlikdir. Hozirgi zamonda qayerda, qancha va nimaga ehtiyoj mavjudligini monitoring qilish qiyinchilik tug‘dirmaydi. Muhimi – mazkur monitoring byurokratik tizimga emas, balki tijoriy, xizmat haqiga ishlaydigan maxsus markazlarga topshirilmog‘i lozim (Joriy yilda sodir bo‘lgan, Surxondaryo dehqoni yetishtirgan minglab tonna piyoz dalada qolib nobud bo‘lgani kabi holatlar esa mahsulot eksporti uchun qo‘yilgan sun'iy to‘siqlar natijasidir. Surxon vohasida yetishtirilgan ertaki, foydali biologik elementlarga to‘la shirin piyoz pishgan paytda boshqa hech bir yerda piyoz pishmagan bo‘ladi va eksportga to‘siq mavjud bo‘lmaganda u, shaksiz, nobud bo‘lmasdi).  
  • «Yerni ishlatish o‘rniga uylar qurib olishadi, bo‘lib sotib yuborishadi». Shartnomaga tegishli bandlar kiritish orqali bunday xatarning oldini olsa bo‘ladi. Aytaylik, 30 yilga shartnoma tuziladi va yerni sotish huquqi berilmaydi.

Qiyinchiliklar va ba'zi salbiy istisno holatlardan hech qanday islohot sug‘urtalanmagan. Ammo, har qanday islohotni baholashda u keltiradigan umumiy foyda chamalanadi. Tilga olinayotgan islohot esa pirovardida qishloqlarimizda mustahkam, tadbirkor, istiqbolini o‘zi belgilay oladigan, ongli o‘rta sinfni yuzaga keltirish imkoniyatiga egadir. Mazkur istiqbol haqida maqolaning ikkinchi qismida so‘z yuritiladi.

Shokir Sharipov

Aqto‘be fojiasidan keyin Kun.uz tahririyati tomonidan tayyorlangan reportaj.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid