Jahon | 11:30 / 22.11.2018
40833
7 daqiqa o‘qiladi

Interpol: kecha va bugun

21 noyabr kuni janubiy koreyalik Kim Jong Yang Interpolning yangi rahbari etib saylandi. U Interpol rahbarligi uchun asosiy nomzod sifatida qaralgan, tashkilot vitse-prezidenti, rossiyalik general Aleksandr Prokopchukni ortda qoldirdi. Unga xalqaro tashkilotning bosh assambleyasida o‘tkazilgan saylovda 98 a'zo ovoz berdi.

A'zolari soni bo‘yicha BMTdan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi ushbu tashkilotga qachon va qayerda asos solingan, vazifalari nimalardan iborat?

Interpol — Xalqaro jinoyat politsiyasi tashkilotining qisqartirilgan nomi bo‘lib, uning asosiy vazifasi umumiy jinoyatlarga qarshi kurashda tashkilotga a'zo mamlakatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarining sa'y-harakatlarini birlashtirishdir.  

Tashkil etilishi tarixi

1889 yilda Xalqaro jinoyat huquqi ittifoqining ta'sis majlisi o‘tkaziladi. Unda ishtirok etgan davlatlar «xalqaro jinoyatchilik» paydo bo‘lganini qayd etishadi va turli davlatlar politsiyasini birgalikda harakat qilishga chaqirishadi. Muntazam faoliyat ko‘rsatadigan, milliy va xalqaro darajadagi tuzilma tashkil etish bo‘yicha takliflar bildiriladi.

1905 yilda Germaniyaning Hamburg shahrida Xalqaro jinoyat politsiyasi ittifoqining yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda davlatlarga huquqni muhofaza qilish organlarida xalqaro jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha maxsus tuzilma tashkil etish haqidagi murojaatnoma tasdiqlanadi.

1914 yilda Monako knyazligida knyaz Alber I’ning faol ishtirokida 14 davlat politsiyachilari qatnashgan jinoyat politsiyasining I xalqaro kongressi bo‘lib o‘tadi. Kongressda xalqaro jinoyat politsiyasi komissiyasini tuzish tashabbusi ma'qullanadi, ammo Birinchi jahon urushi bu rejaning amalga oshishiga xalaqit beradi.

1923 yilda Venada, jinoyat politsiyasining II xalqaro kongressida umumiy jinoyatchilikka qarshi kurashishda ayrim mamlakatlar sa'y-harakatlarini birlashtirish uchun Xalqaro jinoyat politsiyasi komissiyasi tashkil etiladi. Komissiya o‘z faoliyatini Ikkinchi jahon urushi yillarida ham davom ettiradi. Ustav bo‘yicha Komissiya raisi avvaliga Avstriya, 1938 yildan esa Germaniyadan bo‘ladi, Interpol bosh qarorgohi Berlinga ko‘chiriladi. Tashkilotga SS generallari Reynxard Geydrix (1940–1942), Artur Nebe (1942–1943) va Ernst Kaltenbrunner (1943–1945) prezidentlik qiladi. Natijada aksariyat mamlakatlar undagi ishtiroklarini to‘xtatadi va Interpol xalqaro tashkilot sifatida mavjudligini yo‘qotadi.

1946 yilda tashkilot bosh qarorgohi Fransiya poytaxti Parij shahriga ko‘chiriladi. 1956 yilda uning ustavi qabul qilinadi va tashkilotning yangi nomi — «Xalqaro jinoyat politsiyasi tashkiloti — Interpol» nomi tasdiqlanadi.

1989 yilda Interpol bosh qarorgohi Fransiyaning boshqa shahri — Lionga ko‘chiriladi.

Hozirda Interpolga 192 davlat a'zo bo‘lib, u a'zo davlatlar soni bo‘yicha BMTdan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi xalqaro hukumatlararo tashkilot hisoblanadi.

Tuzilmasi

© AFP 2018, Fred Dufour

Tashkilot oliy organi Bosh assambleya bo‘lib, unga Interpol prezidenti raislik qiladi.

Interpolning doimiy ma'muriy ijroiya organi Bosh kotibiyat bo‘lib, u ijroiya organi va to‘rt boshqarmadan iborat.

Birinchi boshqarma umumiy ma'muriy masalalar bilan shug‘ullanadi, ikkinchi boshqarma esa kriminal boshqarma deb ataladi va Yevropa kotibiyati hamda to‘rtta bo‘limdan iborat.

Birinchi bo‘lim shaxs va mulkka qarshi jinoyatlar, uyushgan jinoyatchilik va jinoiy faoliyat orqali tuzilgan fondlar, terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha ish olib boradi.

Ikkinchi bo‘lim iqtisodiy va moliyaviy jinoyatlar bo‘yicha axborotlar bilan ishlaydi.

Uchinchi bo‘lim giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi bo‘yicha ish olib boradi.

To‘rtinchi bo‘lim Davlat markaziy byurolariga kerakli axborot tayyorlash bilan shug‘ullanadi.

Interpolga a'zo har bir davlatning huquqni muhofaza qilish organlari tizimida Davlat markaziy byurosi tuzilgan bo‘lib, ular boshqa davlatlarning markaziy byurolari va Interpol Bosh kotibiyati bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.

Vazifalari

Tashkilotning asosiy vazifasi umumiy jinoyatchilikka qarshi kurashda alohida davlatlarning sa'y-harakatlarini muvofiqlashtirish va yagona siyosat o‘tkazilishini ta'minlashdir. 

Shuningdek, Interpol xalqaro qidiruvni muvofiqlashtirish, odam savdosi, uyushgan jinoiy guruhlar, giyohvand moddalar kontrabandasi, iqtisodiyot va yuqori texnologiyalar sohasidagi jinoyatlar, soxta pul yasash, qimmatli qog‘ozlarni soxtalashtirish va bolalar pornografiyasiga qarshi kurash olib boradi.

Tashkilot keyingi vaqtlarda jamoat xavfsizligi va terrorizmga qarshi kurashishga alohida e'tibor qaratmoqda.

Interpol ustaviga ko‘ra, tashkilotning siyosiy, harbiy, diniy va irqiy tusdagi aralashuvlar va faoliyat olib borishi qat'iyan taqiqlangan.

Interpolning yangi prezidenti haqida nimalar ma'lum?

Kim Jong Yang
Foto: interpol.int

Interpolga 2016 yil noyabrdan Xitoy jamoat xavfsizligi vazirining o‘rinbosari Men Xunvey rahbarlik qilib kelayotgandi. U shu yilning oktabrida iste'foga chiqdi.

21 noyabr kuni tashkilotning bosh assambleyasida janubiy koreyalik Kim Jong Yang Interpolning yangi rahbari etib saylandi. U Interpol rahbarligi uchun asosiy nomzod sifatida qaralgan, tashkilot vitse-prezidenti, rossiyalik general Aleksandr Prokopchukni ortda qoldirdi. Avvalroq, AQSh Interpolga a'zo davlatlarni tashkilotga Rossiya vakili saylanishiga qarshi ovoz berishga chaqirgandi.

Tashkilotning yangi prezidenti Kim Jong Yang 1961 yilda Janubiy Koreyaning Changvon shahrida tug‘ilgan. Tadbirkorlik ma'muriyati (Koryo universiteti), davlat boshqaruvi (Seul universiteti) yo‘nalishlarida ta'lim olgan, shuningdek, oliy politsiya maktabini bitirgan (Donguk universiteti).

1985 yildan politsiyada xizmat qilishni boshlagan. 1999–2010 yillarda Kim Jong Yang Koreyadagi turli politsiya bo‘limlarida rahbarlik qilgan, yo‘l harakati va transport departamentlarida ishlagan, Seul poytaxt politsiya agentligi xavfsizlik departamentining direktori bo‘lgan.

2010 yilda politsiya milliy agentligida yadroviy xavfsizlik bilan shug‘ullangan, so‘ngra politsiya boshqarmasida xorijiy ishlar bo‘yicha direktor bo‘lgan.

2012-2013 yillarda Kyongnam provinsiyasi politsiya boshqarmasi direktori lavozimini egallagan. 2012 yil noyabrdan Interpol ijroiya qo‘mitasi a'zosi hisoblanadi.

2014-2015 yillarda Kyongido provinsiyasi politsiya boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan. Shu bilan birga Seuldagi Interpol milliy markaziy byurosiga rahbarlik qilgan.

Kim Jong Yang 2015 yilda Interpolning Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti etib saylangan.

Mavzuga oid