O‘zbekiston | 16:07 / 23.11.2018
11842
5 daqiqa o‘qiladi

Scopus Awards 2018: Yilning eng yaxshi olimlari taqdirlandi (fotojamlanma)

Bugun, 23 noyabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekistonning eng yaxshi olimlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ochib berdi.

“So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda oliy ta'lim tizimini rivojlantirishga katta e'tibor qaratilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida ishlab chiqilgan O‘zbekistonning 2017-2021 yillar uchun harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, biz oliy ta'lim sifatini ta'minlashga va xalqaro ta'lim maydonida raqobatbardoshlikka erishishga alohida e'tibor qaratyapmiz. O‘zbekistonni Markaziy Osiyo ta'lim xabiga aylantirish maqsadlarida joriy yilning boshida bizning oliy ta'lim muassasalarimiz eng yirik Elsevier xalqaro ilmiy kompaniyasi bilan “Ilm-fan 2020” dasturini amalga oshirishga kirishdi”, - deydi u.

Aziz Abduhakimovning so‘zlariga ko‘ra, mazkur dasturni amalga oshirish doirasida Fanlar Akademiyasining barcha ilmiy-tadqiqot institutlari uchun milliy obuna tashkil etilgan, Scopus xalqaro ma'lumotlar bazasining ilmiy va ta'lim resurslariga kirish imkoni ta'minlangan. Respublika OTMlarida  QS (Quacquarelli Symonds) va Times Higher Education (THE) agentliklari bilan hamkorlikda seminarlar o‘tkazilgan. Mahalliy oliygohlarning xalqaro reytinglarga kirishi bilan bog‘liq asosiy  masalalar muhokama  etilgan. Shuningdek agentliklarning reytinglar metodologiyasi o‘rganilib, kerakli tavsiyalar berilgan.

“Ayni damda biz xalqaro agentliklar bilan hamkorlikda Yo‘l xaritasi ustida ish olib boryapmiz, bu bizga yaqin yillarda O‘zbekistondagi oliygohlarning xalqaro reytinglarga qo‘shilish imkonini beradi. Bugun biz juda muhim tadbirdamiz. Yurtimizning eng yaxshi ko‘rsatkichlarni qayd etgan yetuk olimlarini taqdirlash marosimini har yili o‘tkazishni ko‘zlaganmiz. Shubhasiz, ushbu forum olimlarimizning yanada faollashuvi uchun yaxshi motivatsiya beradi”, - dedi Bosh vazir o‘rinbosari.

Shundan so‘ng Prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inom Majidov, Elsevier’ning Turkiya, Eron, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha boshqaruvchi direktori Tayfun Bashal, Elsevier Central Asia mintaqaviy direktori Aliya Ospanova va “5-100 loyihasi” loyihaviy ofisi rahbari Nadejda Polixina O‘zbekistonning eng yaxshi olimlarini taqdirlashdi.

Fanlar Akademiyasi olimi Temurbek Usmonov, O‘zbekiston Milliy universitetidan Bobomurod Ahmedov, Turin politexnika universitetidan Dilshod To‘laganovlar “Yilning eng yaxshi olimlari” sifatida e'tirof etildi.

Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori Shaxlo Turdiqulovaning “Eng yaxshi olima ayol” sifatida taqdirlanishi barchani quvontirdi. Mirabbos Xo‘jamberdiyev esa “Eng yaxshi yosh olim” deya e'tirof etildi.

Bundan tashqari, respublikaning eng yaxshi oliy ta'lim muassasalari ham e'tirof etildi.

Tadbirning taqdirlash marosimidan so‘ng oliy ta'lim muassasalari rahbarlari va pedagoglari uchun universitetlarning xalqaro reytinglariga qo‘shilish uchun nimalar qilish kerakligi hamda ilmiy jurnallar mualliflari va tashkilotlar uchun Scopus’ga qo‘shilishga oid mahorat darslari o‘tkazildi. Ularni QS’ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Zoya Zaytseva, “5-100 loyihasi” loyihaviy ofisi rahbari Nadejda Polixina, THE’ning MDH va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Yegor Yablokov, Elsevier yetakchi ekspertlari Andrey Loktev, O‘zge Sertdemir, Shadi Avvad, Richard van Xaaren, B2C Consulting boshqaruvchi hamkori Aleksandr Danilov va Lexis Nexis direktori Xatim Al-Faiz olib borishdi.

Sovrindorlarning to‘liq ro‘yxati va ularni belgilashda qanday omillarga tayanilgani haqida keyingi maqolalarda ma'lumot beriladi. 

Mover.uz'da ko‘rish

Youtube'da ko‘rish

Ma'lumot uchun: ilm-fan va tibbiyot sohasidagi qarorlarga ixtisoslashgan Elsevier axborot-tahlil kompaniyasi 5 mingdan ortiq nashriyot va 23 ming ilmiy jurnalni birlashtiradi, dunyoning 7 milliondan ziyod tadqiqotchilari ulardan foydalanadi. Elsevier bazasidagi ma'lumotlar QS, THE, Global Innovation Index kabi yirik xalqaro reytinglarni tuzishda asos qilib olinadi.  

 

 

 

Mavzuga oid