Jahon | 23:55 / 24.11.2018
10649
2 daqiqa o‘qiladi

Mohir harbiy uchuvchi Aleksandr Xarlamovning 70 yillik yubileyi nishonlandi

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari davlat muzeyida Mudofaa vazirligi Faxriylar ishlari bo‘yicha Markaziy kengash a'zosi, mohir uchuvchi Aleksandr Xarlamovning 70 yillik yubileyiga bag‘ishlangan ma'naviy-ma'rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Mudofaa vazirligi Faxriylar ishlari bo‘yicha Markaziy kengashi hamda «VETERAN» jangchi-faxriylar va nogironlar birlashmasi raislari uning hayotiy tajribasi, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Harbiy havo kuchlari qo‘shinlarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasini alohida qayd etib o‘tdilar.

Tadbir davomida Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansamblining xonandalari tomonidan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.

Tadbir so‘ngida Qurolli Kuchlar davlat muzeyida Aleksandr Xarlamovga bag‘ishlangan ekspozitsiyaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.  

Aleksand Xarlamov 1948 yili Qozog‘istonning Zelenova tumanida tug‘ilgan. 1966 yilda Sizran oliy harbiy aviatsiya bilim yurtini tamomlagan. 1991—1992 yillar davomida Toshkentdagi aviatsiya boshqarmasi jangovar tayyorgarlik bo‘limi uchuvchisi — katta inspektor, 2000—2005 yillarda Harbiy havo kuchlari boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, 2009—2011 yillar davomida «Chirchiq aviatsiya ta'mirlash zavodi»da sinovchi-uchuvchi sifatida faoliyat yuritgan. 2015 yildan buyon Havo hujumidan mudofaa va Harbiy havo kuchlari qo‘shinlari Faxriylar ishlari bo‘yicha kengashining raisi hisoblanadi.

Aleksandr Nikolayevich 1999—2000 yillarda aksilterror operatsiyalarida murakkab va mas'uliyatli vazifalarni bajargani uchun «Do‘stlik» hamda «Shon-sharaf» ordenlari bilan taqdirlangan. U O‘zbekiston vertolyot aviatsiyasining muvaffaqiyatli qo‘llanilishida, ko‘plab yosh harbiy uchuvchilarni tayyorlashda ulkan ishlarni amalga oshirgan. Havoda 7400 soatdan ortiq uchgani sabab «harbiy uchuvchi-snayper» nomini olgan.

Mavzuga oid