O‘zbekiston | 18:40 / 26.11.2018
25233
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda elektr energiya tarmog‘ida jiddiy uzilishlar kuzatilmoqda

Xorazm viloyati markazi Urganch shahri va viloyatning barcha tumanlarida elektr energiyasidan ko‘p soatli uzilishlar kuzatilmoqda.

Urganch shahri elektr tarmoqlari korxonasi xodimi Kun.uz saytiga bergan ma'lumotlarga ko‘ra, 26 noyabr kuni tonggi soat 3.00da «Xorazm podstansiya»da jiddiy avariya yuz bergan. Natijada, viloyat markazi va tumanlari elektr tarmog‘idan uzilib qolgan. Podstansiyadagi avariya juda katta yuklama va noqulay ob-havo sharoiti tufayli sodir bo‘lgan.

Natijada, viloyat hududida, jumladan Urganch shahrida ham savdo va pulli xizmat nuqtalarida terminallar ishlamagan, zaxira generatorlar o‘rnatilmagan aksar banklarda to‘lovlar o‘tmagan, butun boshli tekstil fabrikalari, oziq-ovqat ishlab chiqarish sexlari faoliyatini to‘xtatgan.

Shahar elektr tarmoqlari korxonasi ishchilarining say'-harakatlari bilan soat 15.00da podstansiyadagi avariya bartaraf qilinib, elektr energiyasining ta'minoti qayta tiklangan. Biroq, shundan keyin ham elektr energiyasi ta'minotida uzilishlar davom etmoqda. 

Ayni paytda avariyani bartaraf qilish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.

Mazkur holat bo‘yicha rasmiylar hozircha bayonot bergani yo‘q.

Qayd etish kerakki, keyingi ikki yil davomida respublika bo‘ylab elektr energiyasi bo‘yicha muammolar barham topgani kuzatilgandi. Ammo shu yilning noyabr oyidan yana butun respublika bo‘ylab tez-tez tok o‘chishi muammosi dolzarblashdi.

Bundan avvalroq vodiydagi barcha viloyatlarda elektr energiyasi tanqisligi kuzatilayotgani to‘g‘risida maqola berilgandi.

Mavzuga oid