Jamiyat | 19:40 / 26.11.2018
85531
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklar Rossiya va AQShdan tashqari yana qayerlarni «zabt etishgan»?

O‘zbekistonliklarning turli xorijiy davlatlarda mehnat qilishi odatiy holga aylanganiga ancha yillar bo‘ldi. Rossiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya kabi davlatlarda juda ko‘pchilik yurtdoshlar turli sohalarda faoliyat yuritishmoqda. Ammo bugun e'tiboringizga o‘zbekistonliklar qadami yetib borgan boshqa davlatlar haqida ham so‘zlab bermoqchimiz.

Ma'lumot uchun: 2000 yildan buyon dunyoda muhojirlar soni ikki barobar ortgan va hozirgi kunga kelib o‘z yurtidan tashqarida ishlayotgan insonlar soni rasman (!) 260 million kishidan ko‘proq. Ular orasida o‘zbekistonliklar ham salmoqli o‘rin egallaydi. O‘zbekistonlik muhojirlar eng ko‘p yo‘l oluvchi davlatlar beshligi quyidagicha: Rossiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya, Turkiya va AQSh.

O‘zbekistonlik muhojirlarning an'anaviy yo‘nalishlarini yuqoridagicha. Ammo bugun ishlash maqsadidagi o‘zbekistonliklarning qadami yetmagan davlatlar sanoqligina qolgan. Bugun shulardan ayrimlarini sanab o‘tamiz.

Yevropa qit'asidagi davlatlar

Ko‘hna qit'aning har bir davlatida o‘zbekistonlik muhojirlar bor va ular soni anchagina. Bu borada yetakchilik Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va Polsha kabi davlatlarda. Bundan tashqari, so‘nggi yillarda Chexiya, Skandinaviya davlatlari va Ispaniyaga qiziqish ortib bormoqda. Nolinchi yillarda juda ko‘pchilik qo‘nim topgan Portugaliya hozir o‘zbekistonlik muhojirlar qiziqish doirasidan chiqqan. Shuningdek, sobiq ittifoq davlatlaridan bo‘lgan Latviya va Litva ham moslashuv osonligi uchun ko‘pchilikni qiziqtiradi.

O‘zbekistonlik muhojirlar bu davlatlarda asosan xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat yuritishadi.

Xitoy

Bir qarashda 1,5 milliard aholisi bor Xitoyda o‘zbekistonlik muhojir qiladigan ish yo‘qdek. Qolaversa, Xitoyda ishlash huquqini olish anchagina murakkab jarayon. Shunga qaramay, Xitoyda o‘zbekistonliklar juda ko‘p. Ularning aksariyati sayyoh maqomini saqlab qolgan holda tadbirkorlik bilan shug‘ullanishadi. Asosiy faoliyat yo‘nalishlari O‘zbekistondagi buyurtmalarni shakllantirgan holda Xitoydan uskunalar va xaridorgir mahsulotlar jo‘natishdan iborat.

Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari

Bu davlatlar orasida o‘zbekistonlik muhojirlar eng ko‘p yo‘l oladiganlari Tailand, Malayziya va Indoneziyadir. Tailandda o‘zbekistonliklar asosan turizm sohasida, uning ham bir yo‘nalishi – Markaziy Osiyodan sayyohlarni jalb qilish hamda mahalliy aholini Markaziy Osiyo davlatlariga yo‘naltirish bilan shug‘ullanishadi.

Malayziya va Indoneziyada esa o‘zbekistonliklar asosan xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlik sohalaridan pul topishadi.

Arab mamlakatlari

Bu davlatlar orasida yetakchilik Birlashgan Arab Amirliklarida. O‘zbekistonliklar bu davlatda savdo, turizm, umumiy ovqatlanish, transport kabi sohalarda xizmat qilishadi. Keyingi o‘rinda turuvchi Yamandagi o‘zbekistonliklarning mutlaq ko‘pchiligi tibbiyot xizmatchilari – shifokorlardir. Qizig‘i shundaki, bu davlatdagi harbiy harakatlar ham shifokorlarni ortga qaytishga majbur qila olmagan.

Saudiya Arabistonida ham shifokorlar, do‘konlar va umumiy ovqatlanish tarmoqlari xizmatchilari, turizm sohasida faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonliklar talaygina.

Yaqin Sharq davlatlari

Bu hudud davlatlari orasida Isroil va Eron o‘zbekistonlik muhojirlar eng ko‘p davlatlar hisoblanadi. Isroilda o‘zbekistonliklarning ko‘pligiga qadimiy aloqalar va Buxoro yahudiylari deb ataluvchi, O‘zbekistonda yashab ketgan yahudiylarning o‘z tanishlarini qo‘llab-quvvatlashi asosiy sababdir. Bu davlatda o‘zbekistonlik muhojirlar asosan xizmat ko‘rsatish sohasida, murakkab bo‘lmagan ishlarda ishlashadi.

Erondagi o‘zbekistonliklar esa tadbirkorlik, transport xizmatlari ortidan daromad qilishadi.

Kanada

Bu davlatni ko‘p jihatdan «AQShning inisi» deyishadi. AQShda o‘zbekistonlik muhojirlarning ko‘pligi Kanadada ham o‘zbek diasporasi tuzilishiga turtki bo‘lgan. Bu bepoyon davlatning barcha yirik shaharlarida minglab o‘zbekistonliklar turli sohalarda mehnat qilishmoqda.

Bular kamida ming nafardan ortiq o‘zbekistonliklar faoliyat yuritayotgan davlatlardir. Shuningdek, bugungi kunda Avstraliyada chorvachilik bilan shug‘ullanayotgan (qo‘y boqayotgan), Afrikaning Keniya davlatida kiyim-kechak do‘koni ochgan, Rossiyaning Shimoliy Qutbdagi muzliklarda stansiyasida quruvchilik qilayotgan, Yaponiyada somsa yopayotgan o‘zbeklar haqida ham ma'lumotlar bor.

O‘zbekiston Markaziy banki ma'lumotiga ko‘ra, 2018 yilning 1-yarim yilligida xorijdan O‘zbekistondagi jismoniy shaxslarga pul o‘tkazmalari 2,3 mlrd dollarni tashkil etgan.

Bunda eng ko‘p pul Rossiya Federatsiyasidan jo‘natilgan – barcha jo‘natmalarning 77 foizi.

Qolgan davlatlar bo‘yicha esa ko‘rsatkich quyidagicha:  Qozog‘istondan 6 foiz, Turkiya va AQShdan 4 foizdan, Koreyadan 2 foiz, Qirg‘iziston, BAA, Isroildan 1 foizdan. Yana 4 foiz jo‘natma boshqa mamlakatlarga to‘g‘ri keladi.

Ma'lumot uchun: Davlatlararo mehnat migratsiyasi mehnatga layoqatli insonlarning yuqori daromadli ish ilinjida boshqa davlatga yo‘l olishidir. Bu kuchli iqtisodiy omil bo‘lib, bir tarafdan ishchilarga bo‘lgan talabni qondirsa, ikkinchi tarafdan ishsizlik muammosi og‘ir bo‘lgan hududlardagi taranglikni yumshatishga xizmat qiladi.

Muhojirlar oqimi bo‘yicha yuz yillardan buyon AQSh yetakchilikni qo‘ldan bermay kelmoqda. Bu davlatda 50 millionga yaqin muhojir yashaydi va ularning ichida rasmiy (!) ma'lumotlar bo‘yicha 60 ming nafari o‘zbekistonliklar. Uzoq yillar Germaniya ikkinchilikni saqlab turdi. Keyinchalik Rossiya ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi va bu davlatda 12 million nafardan ortiq muhojir mavjud. Saudiya Arabistoni, BAA kabi davlatlar ham muhojirlarga «boy» davlatlar hisoblanadi. Buyuk Britaniyada 9 million muhojir borligi qayd etilgan.

Abror Zohidov

Mavzuga oid