Sport | 16:40 / 28.11.2018
31254
16 daqiqa o‘qiladi

Ronalduning qasosi va Mourinodan sahna ko‘rinishi. YeChLda tur voqealari

27 noyabr oqshomida Yevropa Chempionlar ligasida 5-tur uchrashuvlari doirasida 4 guruhda 8 uchrashuv bo‘lib o‘tdi. «Tribuna» ushbu o‘yinlardagi asosiy voqealarni keltirib o‘tadi. Bu o‘yinlardan keyin YeChL pley-off bosqichiga yo‘llanma olgan jamoalar soni 8taga yetdi: «Ayaks», «Real», «Roma», «Bavariya», «Manchester Siti», «Yuventus» va «Manchester Yunayted».

E guruhi
«Ayaks» 13 yil kutdi, «Bavariya»da yirik g‘alaba

AYeK – «Ayaks» – 0:2 (Tadich, 68, penaltidan, 72)

Afinadagi o‘yin AYeK va «Ayaks» fanatlari to‘qnashuvi bilan yodda qoldi. Niderlandiyalik muxlislar joylashgan tribuna tomon fayyerlar uchirildi, bu hududga Molotov kokteyllari ham uloqtirildi. Keyin esa politsiya mehmon jamoa muxlislarini tinchitish uchun kuch ishlatdi.

«Ayaks» Gretsiyaga 3 ochko uchun kelgandi – g‘alaba Erik ten Xag shogirdlarini muddatidan avval 1/8 final ishtirokchisiga aylantirardi.

Amsterdamliklar bu vazifani ikkinchi bo‘limga qoldirishdi. O‘yinning 67-daqiqasida Marko Livayya o‘z jamoasi jarima maydonida to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi va ikkinchi sariq kartochka tufayli maydonni tark etdi, Dushan Tadich esa belgilangan penaltini aniq ijro etib, hisobni ochdi. Keyinroq Tadich dublni rasmiylashtirdi.

Bu g‘alaba evaziga niderlandlar keyingi 13 yil ichida ilk marta turnirning pley-off bosqichida qatnashadigan bo‘lishdi.

«Bavariya» – «Benfika» – 5:1 (Robben, 13, 30. Levandovski, 36, 51. Riberi, 76 – Jyedson Fernandesh, 46)

«Benfika» va «Bavariya» futbolchilari Afinadagi o‘yin natijasi, «Ayaks» yo‘llanmani hal qilganini bilishganidan keyin «Alyants-Arena»ga chiqishdi. Portugallarni bu o‘yinda faqat g‘alaba qoniqtirardi, ammo Aren Robben ilk daqiqalardanoq «burgutlar»ning orzularini chippakka chiqardi.

U qanotdan ajoyib reyd uyushtirib, o‘z uslubida darvozani ikki marta ishg‘ol etdi. Birinchi epizodda Aren uch futbolchini aldab o‘tdi, ikkinchi vaziyatda esa Robben darvozaga zarba berayotganida raqibning uch himoyachisi gazonga yotgandi. Yanvarda 35 yoshga to‘ladigan Robben ikkinchi yoshligini o‘tkazmoqda. U turnirda urgan gollari sonini 31taga yetkazib oldi, bu bilan Ruud van Nistelroydan keyingi ikkinchi o‘rinda. Myunxenliklarning esa turnir tarixida urgan gollari soni 450taga yetdi va jamoa bu borada faqat «Real» hamda «Barselona»dan ortda.

Robert Levandovskining goli ham chiroyli chiqdi – u ikki raqibni ortda qoldirib, birinchi bo‘limdayoq hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi.

Ikkinchi bo‘lim boshida mehmonlar Fernandeshning goli bilan javob qaytarishdi, ammo ko‘p o‘tmasdan polyak hujumchisi yana bir zarbasi bilan dublni rasmiylashtirdi. Levandovski joriy mavsumda turnir to‘purariga aylandi.

«Bavariya» Riberining goli bilan hisobni yanada yirik ko‘rinishga keltirdi va «Benfika» endi bahorda Yevropa Ligasida ishtirok etadigan bo‘ldi. Niko Kovach hozircha ishdan haydalishdan qutulib qoldi.

F guruhi
Korne – «Siti» uchun momaqaldiroq, «Shaxtyor» o‘yinga qaytdi

«Lion» – «Manchester Siti» – 2:2 (Korne, 55, 81 – Lyaport, 62. Aguero, 85)

Pep Gvardiola Lionga revansh maqsadida kelgandi. Ammo «Lion» guruh bosqichida «Manchester Siti»ni ikkinchi marta ham mag‘lub etishiga bir baxya qoldi. Shunday bo‘lganida ham bu o‘tgan safargi kabi katta sensatsiya sifatida ko‘rilmasdi, fransuzlar startda safar o‘yinidan g‘alaba bilan qaytishgandi (2:1). Bruno Jyenezio jamoasini APL yetakchisiga qarshi juda yaxshi tayyorlagandi. Birinchi bo‘limda mezbonlar doimiy ravishda hujumlar uyushtirishdi, zarbalardan biri darvoza to‘sinidan qaytdi, yana bir supermomentni Maksvell Korne yo‘qqa chiqardi. Ammo ikkinchi bo‘limda Korne xatosini to‘g‘riladi – jarima maydoni tashqarisidan bergan kuchli zarbasiga qarshi Ederson hech narsa qila olmadi.

Shundan so‘ng, «Siti» o‘yinni qutqarib qolish uchun bor kuch bilan oldinga tashlandi. Agueroning zarbasini Lopesh qaytardi, ammo standart vaziyatdan keyin Lyaportning zarbasini qaytara olmadi.

Frantsuzlar esa yana gol urishdi. Yana Korne. «Manchester Siti» bo‘yicha mutaxassisga aylangan bu hujumchi bu mavsumda faqat ikki marta boshlang‘ich tarkibga kiritildi. Ikkita o‘yin va uchta gol. Ammo bitta g‘alaba. Chunki, o‘yin oxirida «Man Siti» mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. Yana standar vaziyat, bu safar burchak zarbasidan keyin Serxio Aguero darvozani ishg‘ol qildi. Durang natija Xosep Gvardiola jamoasini muddatidan avval pley-off ishtirokchisiga aylantirdi. Mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirgan «Lion» (1 g‘alaba va 4 durang) ikkinchi o‘rinda.

Gvardiola uchun «Lion» qo‘rqinchli tushga aylanmoqda. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida esa fransuz jurnalisti uni boshqa narsa bilan qo‘rqitdi, Mourino haqidagi savol Gvardiolaning jahlini chiqarib yubordi.

«Hoffenhaym» – «Shaxtyor» – 2:3 (Kramarich, 17. Tsuber, 40 – Ismaili, 13. Tayson, 15, 90+2)

«Hoffenhaym» va «Shaxtyor» yana bir qiziqarli o‘yin taqdim etishdi. Turnirda shu vaqtgacha g‘alaba qozona olmagan bu ikki jamoa o‘yinida ukrainlar Ismailining goli evaziga hisobni ochishdi. Yulian Nagelsman zaxira o‘rindig‘ida o‘tirib, yangi reja tuzayotgan vaqtda esa mehmonlar ikkinchi golni urib ulgurishdi. Ikki golda ham Tayson ishtirok etdi: ikkinchi golda Ismaili bilan devor uslubida harakat qilib, markaziy himoyachilar xatosidan keyin darvozani ishg‘ol qildi. Boshqa jamoa bo‘lganida taslim bo‘lgan bo‘lardi, ammo «Hoffenhaym» emas. Bungacha Nagelsman «Lion»ga qarshi ikki o‘yinda ham 0:2 hisobidan chiqib keta olgandi.

Andrey Kramarich va Stiven Tsuber tanaffusga qadar hisobni tenglashtirishdi. Gollardan keyin kartochkalar olinishi boshladi. Nemislar jamoasi hujumchisi Adam Salai raqib jarima maydonida qo‘pol harakati uchun ikkinchi sariq kartochkani olib maydonni tark etdi. «Hoffenhaym» bir kishi kam bo‘lib qolganida yanada ko‘proq hujum uyushtirdi. Nemislar 3 ochko olishga juda yaqin edi, ammo 93-daqiqada qarshi hujum o‘tkazib yuborildi, Tayson «konchilar»ga g‘alaba keltiruvchi golni urdi.

Endi «Shaxtyor» ikkinchi o‘rin uchun yaxshi imkoniyatga ega, buning uchun oxirgi turda «Lion» mag‘lub etilishi kerak.

G guruhi
Rimda intrigasiz o‘yin

TsSKA (Rossiya) – «Viktoriya» Pl (Chexiya) – 1:2 (1:0)
Gollar: Vlashich, 10 –  penalti (1:0). Proxazka, 56 (1:1). Xeyda, 81 (1:2).
Aniq ijro etilmagan penalti: Proxazka, 44 (darvozabon).
TsSKA: Akinfeyev, Bekao, Chernov, Nababkin, Mariu Fernandes, Bistrovich, Vlashich, Oblyakov (Kuchayev, 72), SHCHennikov (Yefremov, 46), Chalov (Jamaletdinov, 80), Sigurdsson.
«Viktoriya» Plzen: Grushka, Rjyeznik, Xeyda, Xubnik, Limberski (Kopits, 46), Petrjyela (Gavel, 70), Proxazka, Xroshovski, Chermak, Kovarjik, Xory (Rjyeznichek, 80).
Ogohlantirishlar: Oblyakov, 13. Chalov, 24. Xubnik, 36. Xroshovski, 60. Kopits, 90+2.
Hakam: Makkeli. Diks, Stegstra, Blom, Kamfays (barchasi – Niderlandiya).
27 noyabr. Moskva. «Lujniki» stadioni

O‘yin boshida penaltidan hisobni ochgan mezbonlar, birinchi bo‘lim oxirida penaltini qaytarishdi. Barcha TsSKAning ishonchli g‘alabasini kutayotgandi, ammo ikkinchi bo‘limda Proxozka va Xeyda bittadan gol urib, mehmonlarning g‘alabasini ta'minlashdi.

Moskvada «Real»ni mag‘lub etib, sensatsiya ko‘targan TsSKA endi Yevropa Ligasi yo‘llanmasidan ham quruq qolishi mumkin. Bu yo‘llanma uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqib bo‘lgan chexlarga qarshi o‘yindagi mag‘lubiyat vaziyatni murakkablashtirib yubordi.

Endi oxirgi turda TsSKA Madridda ham 3 ochko olishi kerak bo‘ladi. Oxirgi turda «Viktoriya» Plzen o‘z maydonida ishtiyoqsiz «Roma»ni yengishi haqiqatga yaqinroq.

«Roma» (Italiya) - «Real» (Ispaniya) - 0:2 (0:0)
Gollar: Beyl, 47 (0:1). Vaskes, 59 (0:2).
«Roma»: Olsen, Florentsi, Manolas, Fasio, Kolarov, Dengiz Yunder, Kristante, N`Zonzi (Chorich, 64), Al-Sha'roviy (Klyuyvert, 22), Shik, Dzanolo (Karsdorp, 69).
«Real»: Kurtua, Karvaxal, Varan, Serxio Ramos, Marselo, Lorente, Kroos, Modrich (Valverde, 80), Vaskes, Beyl (Asensio, 84), Benzema (Dias, 77).
Ogohlantirishlar: Modrich, 21. Dzanolo, 42. Varan, 90+4.
Hakam: Tyurpen (Fransiya).
27 noyabr. Rim. «Olimpiyskiy stadion».

Bu o‘yindan avval ikki jamoa ham o‘xshash vaziyatda edi. Ikki jamoa ham xalqaro maydonda yaxshi ishtirok etmoqda. Ikki jamoa ham ichki chempionatda oqsoqlanmoqda: «Real» 13 o‘yinda 20 ochko jamg‘argan holda oltinchi o‘rinda, «Roma» 13 o‘yinda 19 ochko olgan holda yettinchi o‘rinda joylashgan. Bu o‘yinga Santyago Solari Sebalosning o‘rniga Lorenteni, Asensioning o‘rniga Lukas Vaskesni tushirdi. Isko esa qaydnomaga ham kiritilmadi.

«Real» Rimda sharmandalikdan qutulib qoldi. Ispaniya chempionati doirasida autsayder «Eybar»dan qabul qilingan yirik mag‘lubiyat (3:0) ortidan g‘alaba qozonilishi Solariga ishonchni qaytardi.

Bu o‘yin boshlanishiga 15 daqiqa qolganida Moskvadagi o‘yin tugagan, TsSKA o‘z maydonida «Viktoriya»ga yutqazgandi. Natijada «Roma» amalda Madrid klubiga qarshi o‘yin natijasi qanday bo‘lishidan qat'i nazar keyingi bosqichga chiqib bo‘lgandi. Qolaversa, jamoaning asosiy futbolchilari Edin Jyeko va De Rossi bu o‘yinda maydonga tusha olmadi.

Asosiy yetakchilarisiz harakat qilgan bo‘lsada Eusebio Di Franchesko jamoasi o‘yinni faol boshladi: Ilk daqiqalarda Dengiz Under darvoza qarshisida yolg‘iz qoldi, ammo u bo‘sh qolgan darvozaga to‘pni ikki-uch metr masofadan kiritib yubora olmadi.

Qolaversa, jamoa yana bir yo‘qotishga uchradi, al-Sha'roviy 22-daqiqada jarohat olib, maydonni tark etishga majbur bo‘ldi.

 

Ikkinchi bo‘lim boshida esa Federiko Fasio Madrid jamoasiga gol sovg‘a qildi, u to‘pni Garet Beylga tashlab berdi. Shundan so‘ng rimliklar o‘yinida tarqoqlik yuzaga keldi va Karim Benzemaning pasidan keyin Lukas Vaskes ikkinchi golni urdi.

«Real» muxlislar qarshisida aybni ma'lum ma'noda yuvdi, «Roma» yutqazsa ham, YeChL pley-offida.

N guruhi
Ronalduning qasosi va sehrli «Old Trafford»

«Yuventus» – «Valensiya» – 1:0 (Manjukich, 59)

Krishtianu Ronaldu qasosini oldi. Ikki oy muqaddam uning Ispaniyaga qaytishi «Mestalya»dagi dahshatga aylanib ketgandi. O‘yin boshidayoq qizil kartochka olishi tufayli portugaliyalik futbolchi maydonni ko‘zda yosh bilan tark etgandi.

Birinchi bo‘limda Ronaldu 4 marta zarba berdi, shulardan biri ustundan qaytdi va futbolchi tanaffusga golsiz chiqdi. Vaziyatlardan birida esa «Yuventus» uning xatosi tufayli gol o‘tkazishiga bir baxya qoldi, Ronaldu havoda to‘p uchun kurashda Muxtor Dyakabiga yutqazgandi. Ikkinchi bo‘limda Krishtianu ispanlar darvozasi tomon yana 4 marta hujum uyushtirdi (ikki zarba aniq) – ammo gol bo‘lmadi. Nihoyat Ronaldu o‘yin qahramoniga aylandi. Aynan u oxirgi daqiqalarda raqib himoyachilarini dog‘da qoldirib, Mario Manjukichni bo‘sh darvoza qarshisida to‘p bilan qoldirdi, uning fintlaridan keyin xorvatiyalik futbolchi g‘alaba golini urdi. Ronaldu qasos oldi, Turin klubi qatorasiga beshinchi mavsum YeChL pley-off bosqichida qatnashadi. «Valensiya» esa turnirning 1/8 finaliga yo‘l olishdan umid uzdi va bahorda Yevropa Ligasida ishtirok etish bilan ovunadigan bo‘ldi.

«Manchester Yunayted» – «Yang Boyz» – 1:0 (Fellaini, 90)

«Old Trafford» bu yevromavsumda miriqib uxlash uchun ajoyib joyga aylandi. Avvalgi turlarda «Yuventus» va «Valensiya»ga qarshi o‘yinlarda mezbonlar gol ura olishmagandi, «Yang Boyz»ga qarshi o‘yinda ham asosiy vaqtda gol urilmadi. Qo‘shimcha daqiqalarda Marvon Fellayni urgan gol esa Joze Mourinoni aqldan ozdirdi – «Manchester Yunayted»ning portugaliyalik murabbiyi g‘alabani va bu g‘alaba keltirgan pley-off yo‘llanmasini o‘ziga xos tarzda nishonladi. U hissiyotlarini tiya olmasdan, avvaliga maydon chetida turgan suvlar savatchasidan birini tepdi, keyin esa boshqasini ko‘tarib yerga urdi. Aytish mumkinki, agar hakam Fellayni to‘pga qo‘li tegib ketgani uchun golni bekor qilganida, «Speyshl van» uni ham yerga qorishtirib yuborgan bo‘lardi.

Umuman, bu «MYu»ga xos o‘yin bo‘ldi, muxlislar bu o‘yinni zerikib tomosha qilishdi. Maydon egalari ehtiyotkor o‘yin ko‘rsatishdi, «Yang Boyz»da g‘alaba uchun ham imkoniyatlar paydo bo‘lgandi.

O‘yindagi g‘alabada David de Xeaning ham ulushi bor. U bir vaziyatda to‘pni darvoza chizig‘idan qaytarib yubordi.

Shveytsarlar imkoniyatlardan foydalana olishmadi, Mourino esa Chempionlar ligasi pley-offida o‘ynaydi.

Aziz Qarshiyev tayyorladi

Mavzuga oid