O‘zbekiston | 14:50 / 30.11.2018
47217
2 daqiqa o‘qiladi

Farhod Ermanov Xorazm viloyati hokimligiga rasman tasdiqlandi

Bugun, 30 noyabr kuni Xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. 

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tavsiyasiga binoan Xorazm viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Farhod Ermanov Xorazm viloyati hokimi etib tasdiqlandi.

Farhod O‘rozboyevich Ermanov 1958 yilda tug‘ilgan. Ilgari Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq va suv xo‘jaligi vaziri, Beruniy tumani hokimi lavozimlarida ishlagan. Keyingi yetti oyda u Xorazm viloyati hokimi vazifalarini bajarishda sinovdan o‘tgan. Xalq deputatlari kengashining partiyalar guruhlari bilan o‘tkazilgan maslahatlashuvlarda ham Farhod Ermanov nomzodi qo‘llab-quvvatlangan.

Avvalroq Xorazm viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari, viloyat prokurori, ichki ishlar va soliq boshqarmalari boshliqlari vazifalariga ham yangi rahbarlar tayinlangan edi.

«Prezidentimiz viloyat rahbarlari Xorazm xalqi bilan bir tanu bir jon bo‘lib, bugun belgilab berilgan vazifalarni to‘la bajarishi, iqtisodiyotni rivojlantirish va odamlar hayotini yaxshilash bo‘yicha kutilgan natijalarga erishishi zarurligini ta'kidladi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning aprelida 2017 yilning oktabridan Xorazm viloyatini boshqargan Ilgizar Sobirov lavozimdan olingan va uning o‘rniga Beruniy tumaniga hokimlik qilib turgan Farhod Ermanov vaqtincha rahbar sifatida tayinlangandi.

Mavzuga oid