O‘zbekiston | 10:40 / 02.12.2018
36498
5 daqiqa o‘qiladi

Doimiy propiska: taqiqmi yoki daromad? Inson huquqlari-chi?

Huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev Toshkent shahrida doimiy propiska muammosi haqida material yozdi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyati uchun doimiy propiska mana bir necha yillardan buyon aktual masala.

Bunaqa rasvo tizimdan kimga nima foydaligini haligacha tushunmayman (menda doimiy propiska bor, alamzadalikdan aytmayapman buni). Foydani bilmadimu, lekin iqtisodchi, «Buyuk kelajak» ekspertlar kengashi a'zosi Behzod Hoshimov hammualliflikdagi maqolasida Toshkent propiskasining iqtisodiyotga salbiy ta'siri haqida yaxshi maqola yozgandi.

Ilgari doimiy propiska shunchaki to‘siq va taqiq bo‘lgan bo‘lsa, endilikda o‘ziga xos biznesga aylangan.

Masalan, 2017 yil 19 iyul kuni «Toshkent Respublikasi»da doimiy propiskasi bo‘lmagan O‘zbekiston fuqarolari uchun yangi qoida kuchga kirdi: eng kam oylik ish haqining 2500 baravaridan qimmatroqqa yangi uy sotib olganlarga Toshkent propiskasi beriladi. O‘sha paytda bu miqdor 374 mln so‘mni tashkil etar edi. Bu qaror qimmat uy-joy quradigan tadbirkorlarning lobbisi bo‘lmagan edi, ishonamiz.

Ushbu qarorda Hukumat nafaqat elit toifadagi tadbirkorlar, balki davlat byudjyetini ham «unutib qo‘ymadi». Ya'ni, notariuslar uy-joy oldi-sotdisining 5 foizi miqdorida davlat boji undira boshladi. O‘sha paytda bu eng kami 18 mln 721 ming so‘mni tashkil qilardi, 1 mlrd so‘mlik uy olsa, 50 mln so‘mga aylanardi. Mo‘may daromad, shunday emasmi?

Yaqinda qarorga o‘zgarish kiritildi. Xususan, endilikda Toshkentda doimiy propiska olish uchun albatta EKIHning 2500 baravaridan kam bo‘lmagan uy olish tartibi bekor qilindi. Buning uchun qiymati qancha bo‘lishidan qat'i nazar qurilganiga 3 yil bo‘lmagan ko‘chmas mol-mulk sotib olsa kifoya.

Ammo 5 foizlik davlat boji saqlab qolindi. Kamiga davlat boji EKIHning 10 baravaridan kam bo‘lmasin, deya belgilashdi.

Bu nima degani?

Masalan, ma'lumotlarga qaraganda, Sergeli tumanida qurilayotgan 72 kv.m maydonga ega yoshlar uyi 272 mln 862 ming so‘mga baholanayotgan ekan. Keling, xuddi shu uy uchun davlat boji doimiy propiskasi bor va yo‘qlar uchun qanchaga aylanishini hisoblab ko‘ramiz.

Davlat boji stavkalari bo‘yicha, agar shu uyni Toshkentda doimiy propiskaga ega fuqaro sotib olsa, davlatga 202 ming 730 so‘m boj to‘laydi.

Xuddi shu uyni doimiy propiskasi yo‘q (balki Toshkentda 10-15 yildan buyon yashayotgandir, kim bilsin) boshqa fuqaro (u O‘zbekiston fuqarosi, lekin Toshkentniki emas) sotib olsa, davlatga 13 mln 643 ming 100 so‘m boj to‘laydi.

Hukumat bitta uy uchun o‘zining fuqarolariga (!) ikki xil narxda boj belgilayapti va bu farq ming emas, bir necha millionlarni tashkil etyapti. Vaholanki, ikkalasi ham teng huquqli fuqaro, ikkalasi ham teng soliqlar to‘laydi, ikkalasi ham saylovda bir xil ovozga ega, ikkalasining ham bir xil pasporti bor.

Bu hali hammasi emas. Mabodo o‘sha sotib olingan uyni 3 yil ichida boshqa shaxsga sotish zaruriyati tug‘ilib qolsa (issiq jon, hayot beshafqat, kimgadir «srochno» pul kerak bo‘lishi mumkin-ku), unda bu ham ikki xil baholanadi.

Doimiy propiskaga ega «oqsuyaklar» o‘z uylarini 3 yil ichida sotmoqchi bo‘lsa, davlatga yana o‘sha EKIH 1 baravari, ya'ni 202 ming 730 so‘m boj to‘laydi.

Lekin yangi uy sotib olib, Toshkentda doimiy propiskaga ega chiqqan O‘zbekiston fuqarosi shu uyni 3 yil ichida birovga sotmoqchi bo‘lsa, EKIHning 400 baravari, ya'ni 81 mln 92 ming so‘m (!!!) davlat boji to‘laydi.

Yana qaytaraman, bu ikkisi ham O‘zbekistonning teng huquqli fuqarolari. Ular ikkisi ham oxirgi varag‘iga «Ushbu pasport egasi O‘zbekiston Respublikasi himoyasidadir» deb yozilgan bir xil pasportga ega. Ularning asosiy farqi pasportining 7-10 varag‘idagi shtamplarda xolos. Ming afsuski, mana shu birgina shtamp tufayli fuqarolarning biri ikkinchisidan 400 baravar qadrsizroq.

Xullas, shunaqa gaplar. Bularning barchasi dil tubidan otilib chiqqanlar xolos. Tag‘in ko‘nglingizga og‘ir olib yurmang, uy quruvchilar...

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid