Jamiyat | 16:06 / 08.12.2018
40613
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yangi telekanal tashkil etish taklifi berildi

Foto: Shutterstock

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida “Huquq” telekanalini tashkil etish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

“Aholining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida “Huquq TV” — huquqiy savodxonlik telekanalini yaratishni taklif etaman”, - deyiladi murojaatda. 

Qayd etilishicha, kundan kunga qonunchilik tizimi takomillashib, yangidan-yangi qonunlar ishlab chiqilmoqda. Huquqiy telekanal aholini yangi qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan tanishtirib, sharhlab berishi fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshiradi. 

“Zero, hozirda televideniye eng keng tarqalgan axborot vositasi bo‘lib qolmoqda. Shu sababdan: 

- aholini yangi qabul qilinayotgan qonun hujjatlari mazmun-mohiyati haqida muntazam xabardor qilib borish va ularning malakali mutaxassislar ishtirokida tahliliy muhokamasini namoyish etish; 
- yoshlarda qonunlarga hurmat hissini uyg‘otish maqsadida turkum dasturlar tayyorlash; 
- fuqarolarning huquqiy savollariga javoblar berish maqsadida malakali va yuqori nufuzga ega bo‘lgan amaliyotchi yuristlar, huquqshunos olimlar ishtirokida jonli suhbatlarni tashkil etish; 
- iste'molchilarning huquqlari, davlat organlari faoliyatida aholi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, o‘zgarishlar va boshqalar haqida axborot-tahliliy materiallar tayyorlovchi telekanalni ishga tushirish maqsadga muvofiq”, - deb yozadi petitsiya muallifi.

“Bu taklif amalga oshsa, huquqiy targ‘ibot ishlari har bir xonadonga yetib boradi va huquqiy savodxonlikni oshirish imkoniyati paydo bo‘ladi”, - deyiladi murojaatda.

Mavzuga oid