O‘zbekiston | 14:10 / 13.12.2018
6654
3 daqiqa o‘qiladi

Senatda xalqaro shartnomalarga oid qonun ma'qullandi

Foto: KUN.UZ

Oliy Majlis Senatida senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni muhokama qildi. 

O‘zA’ning yozishicha, qonun O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini tuzish, ijro etish, ularning amal qilishini to‘xtatib turish va ularni tugatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan. 

Qonunda O‘zbekiston qonun hujjatlari tizimida xalqaro shartnoma maqomi, tayanch tushunchalar mustahkamlanmoqda. Ushbu sohadagi terminlar va ta'riflar umume'tirof etilgan xalqaro-huquqiy hujjatlarga muvofiqlashtirilyapti. Shuningdek, xalqaro shartnomalarni tuzish tartibi aniq tartibga solinmoqda. 

Qonunda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnoma o‘zi uchun majburiy ekanligiga roziligini bildirishning quyidagi usullari belgilanmoqda: xalqaro shartnomani imzolash, notalar, xatlar yoki xalqaro shartnomani tashkil etuvchi boshqa hujjatlar almashish, xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish, tasdiqlash, qabul qilish, unga qo‘shilish.

Qonunda xalqaro shartnomalar bajarilishi ustidan monitoring olib borish mexanizmlari belgilanmoqda. Bu esa zamonaviy AKTdan foydalangan holda yagona elektron ma'lumotlar bazasini yaratish, davlat organlari tomonidan har yili 31 dekabrga qadar Tashqi ishlar vazirligiga xalqaro shartnomalarni bajarish to‘g‘risida axborot yuborish, xalqaro shartnomalar ijrosi holati samaradorligini baholash, ularning tegishlicha bajarilishini ta'minlash bo‘yicha takliflar tayyorlash nazarda tutilmoqda. 

Qonun davlat organlari ishlari samaradorligini oshirishga, ularning javobgarligini va ular tomonidan ishlab chiqiladigan hujjatlar sifatini oshirishga, tomonlar tarafidan bitimlar tegishlicha bajarilishi ustidan nazoratni ta'minlashga xizmat qiladi. 

Shuningdek, yuzaga kelayotgan masalalarni o‘z vaqtida hal etish uchun oldini oluvchi choralar ko‘rishga, mamlakat tashqi siyosatini amalga oshirishning asosiy vositalaridan biri sifatida xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini boyitadi va takomillashtiradi. Respublika uchun istiqbolli bo‘lgan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama shartnomalar tuzishga zamin yaratadi va xalqaro huquq umume'tirof etilgan normalarining ustunligini ta'minlaydi. 

Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Mavzuga oid