O‘zbekiston | 09:56 / 13.12.2018
23366
3 daqiqa o‘qiladi

«Vatanparvar» tashkiloti faoliyatining asosiy yo‘nalishlari belgilandi 

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida va jismoniy tarbiyalash hamda chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

yoshlar va fuqarolarni ma'naviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ongiga vatanparvarlik, Vatanga muhabbat, mehnatga mas'uliyatli munosabat, harbiy xizmatga hurmat tuyg‘ularini singdirish;

sportning texnik va amaliy turlari rivojlantirilishi va ommalashtirilishini ta'minlash, sport tashkilotlari va jamoalari faoliyatiga ko‘maklashish;

bolalar, o‘smirlar va chaqiruvgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida ommaviy sport ishlarini tashkil etish va o‘tkazish;

yoshlar va fuqarolarni mudofaa sohasidagi boshlang‘ich bilimlarga o‘qitishda va ularni harbiy xizmatga tayyorlashda davlat hokimiyati organlariga ko‘maklashish;

avtomototransport vositalari haydovchilarini, shuningdek, ommaviy texnik kasblar mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

shunday yo‘nalishlar bo‘yicha faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilish.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 4 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining ma'naviy-ma'rifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ–3898-son qarori bilan tuzilgan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi va uning hududiy komissiyalari zimmasiga:

“Vatanparvar” MKTga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda unga yaqindan ko‘maklashish;

yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashni tashkil etish, sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan tadbirlar samaradorligini o‘rganish, mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish majburiyati yuklandi.

Mavzuga oid