O‘zbekiston | 09:20 / 16.12.2018
44631
3 daqiqa o‘qiladi

​​Yunusoboddagi avtobus saroyida ikki avtobus yonib ketdi

Foto: «DYXX.uz»

15 dekabr kuni Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 8-avtobus saroyida yong‘in chiqdi. «Toshshahartransxizmat» AJ matbuot xizmati xabarida aytilishicha, «Toshavtota'mirxizmat» UK ishlab chiqarish kuzov ta'mirlash bo‘limida payvandlash ishlari olib borish jarayonida, xavfsizlik texnikasi qoidalari buzilishi oqibatida yong‘in sodir bo‘lgan.

Shu kuni soat 13:32 da Toshkent shahar IIBB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasining Kuch va vositalarini boshqarish va muvofiqlashtirish markaziga Yunusobod tumani Yangi shahar ko‘chasi 7-uyda joylashgan 8-sonli avtobus saroyida yong‘in sodir bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgan.

Ko‘rsatilgan manzilga soat 13:33da Toshkent shahar garnizonidan oltita asosiy va ikkita maxsus yong‘in o‘chirish ekipajlari yo‘naltirilgan. Voqea joyiga yong‘in o‘chirish avtomobillari soat 13:41da yetib borgan vaqtda avtosaroy avtomobillarining kuzov qismini ta'mirlash boksining ichki qismi ochiq alanga bilan yonayotgani va u yerdan qora tutun chiqayotgani aniqlangan.

Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘in soat 14:01da qurshab olingan, soat 14:08da to‘liq bartaraf etilgan.

Yong‘in oqibatida avtomobillarning kuzov qismini ta'mirlash boksining 50 kvadrat metr maydonda ichki va tom qismi, bitta MAN va bitta Mercedes-Benz avtobuslarining salon va kuzov qismi yonib zararlangan. Tan jarohati olganlar yo‘q.

«Yong‘indan avtomobillarning kuzov qismini ta'mirlash boksining 800 kvadrat metr maydoni hamda ta'mirlash boksida bo‘lgan Isuzu yuk avtomobili va Damas avtomobili saqlab qolingan», — deyiladi O‘zbekiston IIV YoXBB OAV bilan hamkorlik qilish bo‘linmasi axborotida.

Yong‘inning taxminiy sababi — Mercedes-Benz avtobusiga texnik xizmat ko‘rsatish uchun payvandlash ishlarini olib borishda yong‘in xavfsizligi qoidalari buzilishi deb ko‘rsatilgan.

Ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani «Yong‘in xavfsizligi bo‘limi» surishtiruv ishlarini olib bormoqda, «Toshshaharxizmat» AJ mas'ul xodimlari tomonidan ham ishchi guruh tuzilgan va tekshiruv ishlari olib borilmoqda, uning yakunlariga ko‘ra yetkazilgan moddiy zarar miqdori ham aniqlanadi.