O‘zbekiston | 18:29 / 18.12.2018
34693
8 daqiqa o‘qiladi

Fuqaro Oliy suddan nega norozi?

Foto: Oliy sud

Tahririyatga yo‘llangan murojaatlar bilan tanishar ekanmiz O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining e'tiborsizligidan norozilik ifodalangan shikoyat diqqatimizni tortdi.

«Aloqa Invest» mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari vazifasida ishlagan N.Ganiyev va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi va boshqa moddalari bilan 2015 yil 21 sentyabrda qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi qariyb 8 oy davomida tergov qilinib, ayblov xulosasi bilan sudga yuborilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudining 16.12.2016 yildagi hukmi bilan «Aloqa Invest» MChJ rahbari aybli deb topiladi va unga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo chorasi qo‘llaniladi, ayblanuvchi tomonning apellyatsiya tartibidagi shikoyati tegishli sud instansiyasining ajrimi bilan o‘zgarishsiz koldiriladi.     

Hikoyamiz murojaat muallifining aybli yoki aybsiz ekanligi haqida emas, balki uning sud hukmiga nisbatan yo‘llagan shikoyatlari Oliy sud tomonidan ko‘rib chiqilishidan noroziligi haqida.  

Oliy suddan najot ilinjida

N.Ganiyev o‘zining aybsiz ekanligini isbotlash maqsadida tegishli dalillarni keltirgan holda 2018 yil 3 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga nazorat tartibida shikoyat yozadi.

Shikoyatga javob berilishi ortga surilavergani sababli 2018 yil 30 iyunda N.Ganiyev va «Aloqa Invest» MChJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga murojaat yo‘llanadi.

Vaholanki, Jinoyat-protsessual kodeksning 514-moddasiga ko‘ra, nazorat tartibidagi shikoyat bir oygacha bo‘lgan muddatda, ish talab qilib olinadigan va tekshiriladigan hollarda esa ikki oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqilishi lozim.

Qarangki, virtual qabulxonaga yo‘llangan murojaatga Oliy sud sudlov xay'ati raisining o‘rinbosari V.Nazarovning imzosi bilan 2018 yil 11 iyul kuni javob xati yuboriladi va unda muallifga javobdan norozi bo‘lgan taqdirda Oliy sudga nazorat tartibida shikoyat qilish huquqi tushuntiriladi.

Shundan so‘ng hikoyamiz qahramoni va «Aloqa Invest» MChJ 2018 yil 17 iyul kuni virtual qabulxonaga javobdan qoniqmaganliklari to‘g‘risida takroran shikoyat yo‘llaydi.

Ushbu murojaatga V.Nazarovning imzosi bilan 2018 yil 16 avgust kuni yo‘llangan javob xatida N.Ganiyevning sud hukmidan norozi bo‘lib nazorat tartibida yozgan shikoyati O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan ko‘rib chiqilayotganligi bayon etiladi.

Mazkur javobdan ham ko‘ngli to‘lmagan N.Ganiyev va «Aloqa Invest» MChJ advokati orqali 2018 yil 25 avgust kuni yana bir bor portalga murojaat yo‘llaydi. Ushbu murojaatga ham B.Nazarov tomonidan imzolangan, avvalgi xatlardan unchalik farq qilmaydigan mazmundagi javob xati olinadi.

Biroq, N.Ganiyev va uning ishonchli vakili tomonidan 2018 yil 24 sentyabrda Sudyalar oliy kengashiga yo‘llangan murojaat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan berilgan javob xati, garchand B.Nazarov tomonidan imzolangan bo‘lsada avvalgilaridan mutlaqo boshqacha mazmun kasb etardi.

Qizig‘i shundan so‘ng boshlandi.

Mazkur javobda “Aloqa invest” MChJ direktori Sh.Aslanov va N.Ganiyevning 03.04.2018 yildagi nazorat tartibida yo‘llagan shikoyatlari guyoki 2018 yil 27 may kuni sudya B.Mo‘minovning ajrimi bilan rad etilganligi, shuningdek, Oliy sud jinoyat ishlari buyicha sudlov hay'atining 2018 yil 8 sentyabrdagi ajrimi bilan esa hukm va apellyatsiya instansiyasi ajrimiga o‘zgartirish kiritilganligi bayon etilgan edi.

Taassufki, agar 27 may sanasida haqiqatdan ham ajrim chiqarilgan bo‘lsa, nima sababdan 30 iyun, 17 iyul va 28 avgustdagi murojaatlarga berilgan javob xatlarida bu haqida bayon etilmagan.

Sudyalar Oliy kengashining 2018 yil 20 noyabrdagi javob xatiga ko‘ra sudya B.Mo‘minov JPKning 515-moddasi talablarini buzganligi uchun unga nisbatan intizomiy ta'sir chorasini ko‘rish uchun hujjatlar Sudyalar oliy malaka hay'atiga yuborilgan.

Masalaning yana bir taajjublanadigan jihati shundaki, Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'atining 2018 yil 8 sentyabrdagi ajrimiga ko‘ra, N.Ganiyevning huquqlari unga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan “XIMOYA MANBAI» advokatlar hay'ati advokati B.Mirkomilov tomonidan, davlat hisobidan himoya qilingan.

Vaholanki, N.Ganiyev shartnoma tuzib, G. Axunovani advokat sifatida yollagan va barcha masalalar bilan ushbu advokat shug‘ullanayotgan bir paytda sud ajrimida yuqoridagi kabi mantiqsizlikka yo‘l qo‘yilgan.

N.Ganiyev bu tomonidan yollangan advokat bu vaziyatda sud Jinoyat-protsessual kodeksining 52-moddasi talablariga rioya etmaganligi, ya'ni N.Ganiyev advokat yordamidan voz kechmagan va uni advokat yollashga moddiy imkoniyatlari yetarli bo‘lganligini ta'kidlaydi.

Himoyachining arzlari

Mavjud masala yuzasidan N.Ganiyevning jamoaviy himoyachisi va «Aloqa Invest» MChJ vakili Sh.N. Botirov shunday deydi: “- Bu ishlar atayin qilindi, agar o‘sha vaqtda sud majlisi o‘tkazilsa qo‘limizda hukmni asossiz ekanligiga oid dalillar mavjud edi va sud majlisida haqiqat oshkor etilishi  va hukm bekor bo‘lishi mumkin edi. Shuning uchun sud majlisi ishdagi ishtirokchilarning hech kimga, shu jumladan N.Ganiyevga, bildirmay bizning ishtirokimizsiz o‘tkazilgan.

Agar sudda qatnashganimizda, sud zalida biz tergov va sud tomonidan yo‘l qo‘yilgan protsessual kamchiliklarni ham ko‘tarmoqchi bo‘lar edik.

Masalan, dastlabki tergov jarayonida protsessual muddatlar buzilgan. Jinoyat-protsessual Kodeksining 351-moddasiga ko‘ra, dastlabki tergov ish qo‘zg‘atilgan kundan e'tiboran 3 oy muddatda o‘tkaziladi. Bu muddat tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori yoki viloyat, Toshkent shahar prokurori va unga tenglashtirilgan prokuror tomonidan 5 oygacha uzaytirilishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o‘rinbosarlari tomonidan esa 7 oygacha uzaytirilishi mumkin. Lekin, ish hujjatlari ichida bunday uzaytirish uchun na Toshkent shahar prokurori, na Bosh prokuror o‘rinbosarlarining iltimosnomasi va roziligi yo‘q. Shu sababli, tergov bergan dalillar nomaqbul deb e'tiroz bildirgan bo‘lar edik.

O‘z huquqlari Oliy sud tomonidan yetarli darajada ta'minlanmagan fuqarolar Sudyalar odob-ahloq kodeksi talablarini buzgan sudyaga nisbatan tegishli intizomiy ta'sir chorasini qo‘llanilishi bilan bir vaqtda ularning nazorat tartibidagi shikoyati ham e'tibordan chetda qolib ketmasligiga umid bog‘lamoqdalar.   

Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.

Bahodir Ahmedov

Mavzuga oid